07:53 / 18.11.2021
14719
Qoidabuzarliklarni jarima ballari asosida baholash tizimiga oid hukumat qarori loyihasi e'lon qilindi
Foto: Kun.uz

Vazirlar Mahkamasining “Yo‘l harakati qoidabuzarliklarini jarima ballari asosida baholash tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

2023 yilning 1 yanvaridan boshlab, yo‘l harakati qoidabuzarliklarini jarima ballari asosida baholash tartibi joriy etilishi kutilyapti.

Belgilab qo‘yilishicha, yo‘l harakati qoidabuzarliklarini jarima ballari asosida baholash yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlash borasidagi qo‘shimcha chora hisoblanadi. Yo‘l harakati qoidabuzarliklari uchun jarima ballari Ichki ishlar vazirligi Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati tomonidan inson omilisiz avtomatlashtirilgan tartibda elektron tizim orqali hisoblab boriladi.

Haydovchiga nisbatan transport vositasida yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun jarima ballarining qo‘llanishi, shuningdek, ballarning umumiy miqdori o‘n ikki yoki undan ortiq ballga teng bo‘lganda haydovchilik guvohnomasidan mahrum etish uni qonunda nazarda tutilgan asosiy jazodan ozod etmaydi. Yil mobaynida yo‘l harakati qoidalarini buzmagan transport vositalari haydovchilariga, rag‘batlantirish tariqasida, keyingi yilda yo‘l harakati qoidalarini birinchi marotaba buzganligi uchun birinchi jarima ball hisoblanmaydi.

Belgilab qo‘yilishicha, o‘n ikki va undan yuqori ballga teng bo‘lgan yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun haydovchilar tomonidan qayta imtihon topshirishda to‘lanadigan to‘lovlar quyidagi tartibda taqsimlanadi: 90 foizi – Davlat budjetiga; 10 foizi - Ichki ishlar vazirligining budjetdan tashqari mablag‘lari hisobiga o‘tkaziladi hamda yo‘l-transport hodisalarining oldini olishga qaratilgan targ‘ibot ishlari, shuningdek haydovchilarning mobil aloqa vositalariga xabar yuborish bilan bog‘liq tadbirlarni moliyalashtirishga maqsadli yo‘naltiriladi.

Ichki ishlar vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, “O‘zbekiston pochtasi” AJ bilan birgalikda 2023 yilning 1 yanvarigacha o‘rnatilgan tartibda elektron shaklda jarima ballari berish va haydovchilar tomonidan yo‘l harakati qoidalari buzilganda ularni hisoblashning elektron tizimini ishlab chiqadi. Transport vositalari haydovchilarining umumiy yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun to‘plagan ballari miqdori sakkiz ballga teng bo‘lganda, buyurtma pochta jo‘natmasi yoki ularning mobil aloqa vositasiga bu haqda “SMS” xabar yuborish orqali ogohlantirish tartibini joriy qiladi.

Shuningdek, IIV Adliya vazirligi bilan birgalikda jarima ballar asosida transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etilgan shaxslarning elektron ma'lumotlar bazasini joriy etadi. Jarima ballar asosida transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etilgan shaxslarga ishonchnomalar va bitishuvlarni rasmiylashtirishda transport vositasini boshqarishni cheklashni nazarda tutuvchi tartibni ishlab chiqadi.

Yo‘l harakati qoidabuzarliklarini jarima ballari asosida baholash tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, hujjat quyidagilarga nisbatan tatbiq etilmaydi: Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks maxsus qismi moddalarining sanksiyasida to‘g‘ridan to‘g‘ri avtomototransport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilish nazarda tutilgan qoidabuzarliklarga; yo‘l-transport hodisasi oqibatida jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan qoidabuzarliklarga; maxsus avtotransport vositalarini boshqarayotgan haydovchilarga.

Haydovchilarning yo‘l harakati qoidalariga amal qilmaslik holatlari yil davomida, o‘n ikki balli jarima asosida baholab boriladi. Birinchi marotaba haydovchilik guvohnomasini olgan fuqarolarning sodir etgan qoidabuzarliklari haydovchilik guvohnomasi olgan kundan boshlab yil yakuniga qadar baholanib boriladi.

Jarima ballar haydovchi birinchi qoidabuzarlik sodir etgan kundan boshlab keyingi yilning shu kuniga qadar amalda hisoblanadi. Jarima ballar yil davomida o‘n ikki ballga yetmasa, to‘plangan ballar keyingi yil uchun hisoblanishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Top