19:39 / 27.11.2021
42556
“Xudkushlar kamaydi, lekin narxlar osmonda” - Afg‘onistondagi yangi davr haqida suhbat
Foto: Yosin Odil / Kun.uz

Yosin Odil Afg‘oniston poytaxti Kobul shahrida yashaydi. U avgust oyida Kun.uz'ga bergan intervyusida “Tolibon” hokimiyatga kelishi sabab qizlarining taqdiridan xavotirda ekani haqida so‘zlab bergandi. “Qizlarimni yashirib o‘tiribman, yozug‘imiz nima, bilmayman”, degandi o‘shanda u. Oradan uch oy o‘tib, hozirgi vaziyat haqida bilish uchun yana Kobul bilan bog‘landik.

— Yosin aka, o‘tgan galgi suhbatimizda qizlaringizni ko‘chaga chiqarmay yashirib o‘tirganingiz, onangiz og‘ir ahvolda ekanini aytgandingiz.

— Qizlarimni boshqa viloyatga olib borib qo‘ydim, tez-tez xabar olib turibman, Xudoga shukr, ancha xotirjam bo‘ldim bu masalada. Lekin onamning ahvoli og‘ir, tez-tez komaga tushib qolyapti, keksalikda... Men o‘zim Allohga tavakkal qilib Kobulda, onamning yonida o‘tiribman. Afsuski, niyatimizga yeta olmadik, biror xorijiy davlatga chiqolmadik.

Foto: Yosin Odil

— Kobuldagi bugungi vaziyat haqida gapirsangiz.

— Bir jihatga shukr qilaman – xudkushlar sezilarli kamaydi. Oldin ko‘chada o‘zini sal boshqacha tutgan odamning oldidan qochardik, ba'zan har soatda portlashlar eshitilib turardi. Bugun shu holat yo‘q, bu jihatdan xotirjammiz. Lekin ko‘chalarda o‘g‘ri-kissovurlar haddan ortiq ko‘paydi. Bir tomondan huquq-tartibot organlari hali to‘laqonli ishlay olmayotgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan ilojsizlik, qashshoqlik va hatto ochlik odamlarni shunga majbur qilmoqda.

Foto: Yosin Odil

— Mana shu nuqtada kengroq to‘xtalsangiz. Bugungi narx-navo qanaqa, afg‘oniy kursi bo‘yicha vaziyat-chi?

— Afsuski, vaziyat jiddiy. Bundan 4 oy avval dollarga nisbatan afg‘oniy kursi 65-67 atrofida bo‘lgan bo‘lsa, bugun bu ko‘rsatkich 100 ga yaqinlashib qoldi va oshishda davom etyapti. Narx-navo ham keskin yuqorilayapti. Bir kilo go‘sht 350 afg‘oniy edi, hozir 500 atrofida. Oldin 250 grammlik nonni 10 afg‘oniyga olgan bo‘lsak, bugun aksariyat nonvoylar vaziyatdan chiqishning antiqa usulini qo‘llashyapti – narx o‘sha-o‘sha, lekin vazn 120 grammga tushdi.

— Benzin-chi?

— Yonilg‘i oshmay qolarmidi?! 4 oy avval 50 afg‘oniydan sotilgan benzinning bahosi bugun 80ga chiqdi. Umuman, eng zarur mahsulotlar narxi kamida 30 foizdan ikki barobargacha oshib ketdi.

Foto: Yosin Odil

— Shifoxonalar, umuman ijtimoiy muassasalar ishlab turibdimi?

– Shukr, ishlayapti. Lekin dori-darmon juda qimmat va tanqis. Shifokorlar maoshsiz qolishgan, bemorning qo‘liga qarashga majbur. Lekin bemorda ham pul yo‘q. O‘zimning ham biznesim inqirozda. Bilasan, uylarni ijaraga berardim. Hozir 4 nafar ijara oluvchim 3 oydirki haq to‘lay olishmaydi.

Foto: Yosin Odil

— O‘sha paytda aeroportlar atrofidagi ayanchli manzarani ko‘rsatgandingiz. Bugun vaziyat qanday, samolyotlar ucha boshladimi?

— Ucha boshladi, lekin juda kam va faqat xorijiy aviakompaniyalar o‘ta cheklangan yo‘lovchilarni olib uchishyapti. Hali ommaviy parvozlarga ruxsat berilmadi shekilli, chunki biror tanishimning xorijga uchganini eshitmadim.

— Toliblar bilan munosabatda murakkabliklar bo‘lmayaptimi?

— Tinchlik o‘rnatganlari chin bo‘lsa, qiyinchiliklar ham o‘tar, degan umiddamiz. Bir noqulaylikka duch keldim, toliblar pushtun tilida ish yuritishni yo‘lga qo‘ydilar. Chunki ularning aksariyati pushtunlar, albatta, tojiklar, o‘zbeklar kabi millatlar ham bor. Xullas, biz kabi oldin forsiyda o‘rganganlar endi qiynalib qoldik. Chunki pushtun tili keng amaliyotda bo‘lmagan.

Foto: Yosin Odil

— Sizga va oilangizga tinchlik tilaymiz, Yosin aka.

— Bizning ham orzumiz shu. O‘zbekistonga hamisha havas bilan qaraganmiz. Lekin baribir o‘z yurtimizni yaxshi ko‘ramiz. Afg‘onistonda ham go‘zal joylar juda ko‘p, kelajakda O‘zbekiston kabi mehmonlar ko‘p keladigan yurtga aylansak qani edi...

Abror Zohidov suhbatlashdi.

Top