17:22 / 16.12.2021
10255

Yakkasaroyda 81 tup daraxt kesilishi bo‘yicha jinoyat ishi to‘xtatib qo‘yilgan

Prokuratura tergovni to‘xtatishiga “ayblanuvchilar aniqlanmagani” sabab bo‘lgan. Deyarli 2 yil oldin ochilgan jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari deputat Rasul Kusherbayevning so‘rovidan keyin qayta tiklandi.

Foto: Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati

2020 yil fevralida Toshkentning Yakkasaroy tumanida 81 tup daraxt kesilganiga oid jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov to‘xtatib qo‘yilgan.

Kun.uz bosh prokurorning matbuot kotibi Hayot Shamsuddinovdan olgan ma’lumotga ko‘ra, tergov harakatlari 2020 yil 10 iyul kuni rasman to‘xtatilgan bo‘lib, bunga JPKning 364-moddasi 1-qismi 1-bandi asos qilib olingan.

2021 yil 5 dekabr kuni dastlabki tergov qayta tiklangan va ayni damda tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

“Jinoyat ishi bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilinganidan keyin shahar prokuraturasi depozit hisob raqamida saqlanayotgan mablag‘ taqdiri hal qilinadi”, – deydi Bosh prokuratura rasmiysi.

Ma’lumot uchun, JPKning 364-moddasi 1-qismining 1-bandida jinoyat ishi bo‘yicha ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilinishi lozim bo‘lgan shaxs aniqlanmagan taqdirda dastlabki tergov to‘xtatilishi belgilangan.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yil 21 fevral kuni Yakkasaroy tumanida quruvchi tashkilot tomonidan moratoriyga zid ravishda 81 tup daraxt kesib tashlangan edi. O‘shanda Toshkent shahar prokuraturasi Yakkasaroy tumani hokimi o‘rinbosari Abdulvosixon Sattorov va “Building And Supplies” MChJ rahbari A.Qodirov jinoyat ishi bo‘yicha ayblanuvchi tariqasida jalb qilingandi.

Yetkazilgan zarar mazkur ikki ayblanuvchidan 3 barobar qilib (qariyb 1,9 mlrd so‘m) undirilgandi.

Oradan salkam 2 yil o‘tib, jinoyat ishining taqdiri mavhum bo‘lib qolayotgani va shahar prokuraturasi hisob raqamida saqlanayotgan 1,9 mlrd so‘m tegishli tartibga zid ravishda Ekoqo‘mitaga o‘tkazib berilmagani ma’lum bo‘lgandi.

Mazkur holatga Oliy Majlis deputati Rasul Kusherbayev e’tibor qaratib, holat yuzasidan Toshkent shahar prokuraturasiga rasman murojaat yuborganini bildirgandi. Biroq deputat noma’lum sababga ko‘ra bu haqda Telegram-kanalida yozgan postini o‘chirib yuborgan edi.

Kusherbayev post o‘chirilishi sababi bilan qiziqqan Kun.uz muxbiriga buni aytolmasligini bildirgan.

Ma’lumot uchun, Abdulvosixon Sattorov Yakkasaroy hokimi o‘rinbosari sifatida ishlashda davom etmoqda.

Mavzuga oid:

Top