Denovdagi noqonuniy daraxt kesilishida yetkazilgan zarar miqdori jinoyat tarkibini bersa-da, qonunbuzarga nisbatan ma'muriy chora ko‘rish bilan cheklanilmoqda. Bu holatda ichki ishlar va prokuratura organlarining sustkashligini qanday baholash mumkin? Nega qonunlarga aniq va bir xilda rioya qilinmayapti?

2020 yildagi bir voqea prokuratura organlarining avvalgi nufuzini esga solib yuborgandi. Toshkent shahri Yakkasaroy tumani hududida qurilish ishlari olib borayotgan kompaniya 81 tup daraxtni kesib tashlagach, prokuratura daraxtlarni kesishga ruxsat bergan hokim o‘rinbosari va qurilish kompaniyasi mansabdorlariga jinoiy ish qo‘zg‘atgan, yetkazilgan zararni qonunbuzarlardan 3 barobar (1 mlrd. 891,3 mln. so‘m) qilib undirgandi.

Bundan tashqari, o‘shanda noqonuniy kesilgan dov-daraxtlar o‘rniga daraxt ko‘chatlari o‘tqazilgandi. Yakkasaroy tuman prokuroriga esa tumanda qonunlar ijrosi ustidan yetarli prokuror nazoratini o‘rnatmagani uchun hayfsan berilgan.

Shundan so‘ng ham ko‘plab daraxtlar kesib tashlandi. Ammo “daraxt qotillari”ga nisbatan Yakkasaroydagiday keskin choralar ko‘rilgani jamoatchilikka ma'lum emas.

Masalan, so‘nggi vaqtlarda mamlakat bo‘ylab daraxtlar qirg‘ini avj olgan bo‘lsa-da, aybdorlarga nisbatan o‘ta liberal, nari borsa, ma'muriy javobgarlik chorasi ko‘rilyapti. Jinoyat ishi qo‘zg‘atishi lozim bo‘lgan ichki ishlar va prokuratura organlari esa shunchaki tomoshabin bo‘lib turibdi xolos.

Surxondaryo viloyati prokuraturasi axborot xizmati xodimi Alisher Bobomurodov bilan bog‘langanimizda, Denov tumani ichki ishlar bo‘limi dastlab bu holatni bosdi-bosdi qilib yuborgani, prokuratura bu ish qayta o‘rganilishini shaxsan nazorat qilayotganini ma'lum qildi. Biroq, oradan 2 hafta o‘tsa hamki, hali bu masalada yangilik aytilmadi.

Jinoyat uchun jazoning muqarrarligi ta'minlanmayotgani bois, deyarli har kuni respublikaning hali u, hali bu hududida daraxtlar qirg‘ini davom etmoqda.