17:03 / 04.01.2022
8144
IIV oilaviy zo‘ravonlik holatlari bo‘yicha 24 soat ishlaydigan koll-markaz ochmoqda

10 yanvardan oilaviy zo‘ravonlik holatlari bo‘yicha “1259” qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilish mumkin bo‘ladi. Bundan tashqari, profilaktika inspektorlari IIVga shikoyatlarini “1286” qisqa raqami orqali yuborish imkoniga ega bo‘ladi.

Foto: IIV Jamoat xavfsizligi departamenti

10 yanvardan boshlab ichki ishlar tizimida kecha-yu kunduz faoliyat yuritadigan “Ishonch markazi” ishga tushiriladi. Bu haqda IIV Jamoat xavfsizligi departamenti boshlig‘i o‘rinbosari – huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmati boshlig‘i, polkovnik Baxtiyor Berdialiyev Kun.uz'ga ma’lum qildi.

“Ishonch markazi” ikki yo‘nalishdagi murojaatlarni qabul qilishi rejalashtirilgan.

“Operatorlarimiz oilaviy zo‘ravonlik holati bo‘yicha fuqarolarning xabarlarini qabul qilib olishadi va zudlik bilan ijroga qaratishadi. Bu kecha-yu kunduz xizmat ko‘rsatadi, abonentga biryo‘la huquqiy maslahat, psixologik yordam va boshqa ko‘rinishdagi amaliy maslahatlar ham berib boriladi.

Bundan tashqari, huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘linmalari xodimlari uchun esa duch kelayotgan muammolar bo‘yicha alohida ishonch telefoni faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda, u ham kun-u tun, ya’ni 24/7 rejimida ishlaydi. Mutaxassislarimiz joylardagi xodimlardan kelib tushgan murojaatlarni tezkorlik bilan o‘rganib, hal etish choralarini ko‘rishadi. Mazkur yo‘nalishdagi platforma O‘zbekiston uchun yagona hisoblanadi”, deydi Baxtiyor Berdialiyev.

IIV mulozimiga ko‘ra, oilaviy zo‘ravonlik bo‘yicha xabarlar “1259” qisqa raqami yoki 10 yanvardan faollashtiriladigan Telegram'dagi maxsus bot orqali qabul qilinadi.

Oilaviy zo‘ravonlik holati bo‘yicha xabarlar deganda turmush doirasida jismoniy, ruhiy, jinsiy yoki iqtisodiy ta’sir o‘tkazish yoki bunday ta’sir o‘tkazish choralarini qo‘llash bilan tahdid qilish orqali kimningdir hayoti, sog‘lig‘i, jinsiy daxlsizligi, sha’ni, qadr-qimmati va qonun bilan himoya qilinadigan boshqa huquqlari hamda erkinliklariga tajovuz qiladigan g‘ayrihuquqiy harakat (harakatsizlik)lar to‘g‘risida yordam ko‘rsatishni so‘rab yo‘llangan xabarlar tushuniladi.

Shuningdek, huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘linmalari xodimlari “1286” qisqa telefon raqami yoki 10 yanvardan ishga tushiriladigan Telegram bot orqali protsessual-huquqiy yordam va sohaga oid maslahatlar olishlari hamda tizimda bo‘layotgan holatlar yuzasidan murojaat, taklif va muammolarini yo‘llashi mumkin.

Ta’kidlanishicha, har ikki yo‘nalishdagi murojaatlar qonunda belgilangan muddatlarda ko‘rib chiqiladi, mas’ullar murojaat mualliflariga zudlik bilan amaliy yordam berish tartibida ish olib boradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Namangan shahri, Quva hamda Yangiyo‘l tumanlarida mahalliy ichki ishlar organlari rahbarlari profilaktika inspektorlariga qonunga zid topshiriqlar berishayotgani, fuqarolarni jarimaga tortish bo‘yicha kunlik reja belgilab berilgani haqida xabarlar tarqalgandi.

Bu xabarlarga izoh berarkan, Baxtiyor Berdialiyev “ishga yangi kelgan xodimlar ishtirokida ayrim salbiy holatlar uchrab turganini” ta’kidlagan bo‘lsa, vazirning matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov vazirlik noqonuniy harakat sodir etgani isbotlangan xodimlarning aybini yashirmay, balki ulardan qutulish orqali tizim tozalanayotganini aytgandi.

Top