Xalqimizning ko‘p yaxshi xislatlari bor, ammo ular qatoriga, afsuski, tabiatni asrash fazilati hali qo‘shilmagan.

Buni, masalan, Toshkent ko‘chalarini kezib, yo‘laklarda, ariqlarda yotgan maishiy chiqindilar misolida ko‘rish mumkin. Yoki daraxtlar shafqatsizlarcha kesilayotganidan befarqlik ham shundan darak.

Urnalar yetishmasligi, daraxtkesarlarga qonun ishlamayotgani kabi omillarni inkor etib bo‘lmaydi, to‘g‘ri, biroq atrof-muhitni juda bir e’zozlaydigan xalqmiz deyish ham mubolag‘a bo‘ladi.

Asosiy muammo – bu mavzuga hech kim jiddiy qaramasligida

Ekofaol, “Tozalik farishtalari” loyihasi muallifi Mo‘tabar Xushvaqtova odamlarning tabiatga munosabati o‘zgarmasa, bu ketishda 10 yil ichida O‘zbekiston chiqindixonaga aylanishidan xavotirda.

“Shahardan charchagan odamlar tez-tez tog‘ yonbag‘irlariga chiqishadi. Chunki faqat u yerda chiroyli toza havo, tabiat bor. Lekin ularning orqasidan bir xalta axlat qoladi. Natijada o‘sha joylar ham bir necha yilda axlatxonaga aylanadi. Va bizda dam olish uchun joyning o‘zi qolmaydi”, – deydi u.

Mo‘tabar “Tozalik farishtalari” loyihasini 4 yildan beri amalga oshiradi. Uning aytishicha, boshida bu loyiha ko‘pchilikka yoqqan. Hozir bu mavzuga e’tibor susaygan. Shunday bo‘lsa-da, bu mavzu haqida gapirishdan to‘xtamaslik kerak.

“Atrof-muhit tozaligi haqida OAVda tinmay bong urish kerak. Bu mavzu qayerdadir yumor, qayerdadir jiddiy ko‘rinishda yoritilishi kerak. Asosiy kamchilik – bu mavzuga hech kim jiddiy yondashmasligida: na davlat, na odamlar. Avvalo odamlar axlatni saralashni o‘rganishi kerak, bu jarayon sekin ketishi mumkin, lekin, albatta, natijasini beradi”, – deydi Mo‘tabar.

Kodeksdagi deyarli ishlamaydigan moddalar