20:41 / 04.02.2022
6168

Senator “Vikipediya”ga O‘zbekiston haqidagi ma’lumotlarni yetarlicha joylashtirmagan vazirliklarni tanqid qildi

Senatning Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Farhod Boqiyev Turizm va sport hamda Madaniyat vazirligi “Vikipediya”ga O‘zbekiston haqidagi ma’lumotlarni kiritib borishni tizimli tashkil qilmaganini tanqid qildi

Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati

Senatning yigirma uchinchi yalpi majlisida Vazirlar Mahkamasiga Internet jahon axborot tarmog‘ida yoshlar va voyaga yetmaganlar uchun milliy kontentni rivojlantirish, ularning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish va zararli axborotdan himoya qilish to‘g‘risida parlament so‘rovi yuborish masalasi ko‘rib chiqildi. Unda ma’ruza qilgan senator Farhod Boqiyev hukumatga parlament so‘rovini yuborish masalasini quyidagicha izohlagan.

“Birinchidan, taraqqiyotning bugungi shiddatida Internet jahon axborot tarmog‘ining global va milliy segmenti rivojlanishi tendensiyalarini muntazam o‘rganish hamda milliy kontentni rivojlantirish mexanizmlarini takomillashtirish masalasiga yetarli e’tibor qaratilmasdan kelinmoqda.

Misol uchun, “Vikipediya” Internet ensiklopediyasiga O‘zbekistonning mashhur sportchilari va sport tashkilotlari faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni joylashtirish ishlari Turizm va sport vazirligi tomonidan, o‘zbek adabiyoti va san’ati mumtoz namoyandalarining asarlaridan barchaning foydalanish imkoniyatini ta’minlash uchun veb-portal tashkil qilish vazifasi Madaniyat vazirligi tomonidan bu boradagi ishlar tizimli tashkil qilinmagan.

Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati

Ikkinchidan, keyingi vaqtlarda Internet jahon axborot tarmog‘i va ijtimoiy tarmoqlarda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan targ‘ibot materiallarini berib borish, bolalarni Internetdagi turli axborot xurujlaridan himoyalashga qaratilgan elektron shaklda illyustratsiya qo‘llanmalari yaratish borasidagi ishlar sust olib borilgan.

Masalan, “Vikipediya” platformasida O‘zbekiston haqida ma’lumotlar to‘liqmasligi yoki ma’lumotlar eskiligi, ommabop onlayn platformalarda mamlakatimiz haqidagi sifatli kontentlar kamligi oqibatida yoshlar Internet jahon axborot tarmog‘idagi turli ma’naviyatga zid kontentlarga qiziqishi tobora ortmoqda.

Oqibatda esa mafkuraviy tahdidlar orqali aholining ma’lum bir qatlamlari, ayniqsa yoshlarning qarashlarini o‘zlariga ma’qul bo‘lgan yo‘nalishda o‘zgartirishga, axloqsizlik kabi buzg‘unchi g‘oyalarni singdirishga urinishlar bo‘lmoqda”, deya Farhod Boqiyevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Avvalroq Farhod Boqiyev Twitter bloklangan yurtda Senat raisi Tanzila Norboyevaning O‘zbekistonda bloklangan Twitter’dan qanday qilib foydalanayotganiga izoh berib, Senat raisining qanday VPN’dan foydalanishini bilmasligi, buni o‘rganib, qo‘shimcha axborot berishini aytgandi.

Top