12:18 / 11.02.2022
27290
70 yildan buyon taxtda: 95 yoshli Yelizaveta II haqida qiziqarli ma’lumotlar

2022 yil 6 fevral kuni Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II ning taxtga o‘tirganiga 70 yil bo‘ldi. Yaqinda 96 yoshga to‘ladigan qirolicha 1952 yil 6 fevral kuni otasining vafotidan so‘ng Buyuk Britaniya qirolichasi bo‘lgandi.

Yelizaveta II taxtga o‘tirgandan buyon ko‘p voqealar bo‘lib o‘tdi. Buyuk Britaniya qo‘l ostida bo‘lgan aksariyat hududlar mustaqil bo‘ldi. SSSR va G‘arb o‘rtasida sovuq urush bo‘lib o‘tdi. Inson kosmosga parvoz qildi, Oyga qadami yetdi. Televideniye rivojlandi va internet paydo bo‘ldi. Dunyo davlatlarining siyosiy va iqtisodiy holatlari o‘zgardi. Yelizaveta II esa hamon Buyuk Britaniya taxtida o‘tiribdi va uni bugun dunyoning turli burchaklarida yashayotgan millionlab insonlar o‘z qirolichasi deb biladi.

Foto: stock.adobe.com

Yelizaveta II ning qisqacha tarjimayi holi

Yelizaveta II 1926 yilda Buyuk Britaniya qiroli Georg VI oilasida tug‘iladi. 1947 yilda Edinburg gersogi Filippga turmushga chiqadi. 1952 yil 6 fevral kuni otasining vafotidan so‘ng Buyuk Britaniya qirolichasi bo‘ladi. Toj kiydirish marosimi 1953 yil 2 iyun kuni bo‘lib o‘tadi.

Yelizavetaga toj kiydirish marosimi. 1953 yil 2 iyun
Foto: sei80.com

Yelizaveta II va Filipp 4 nafar farzand ko‘rishgan. Shahzoda Charlz (1948 yilda tug‘ilgan), malika Anna (1950 yilda tug‘ilgan), shahzoda Endryu (1960 yilda tug‘ilgan), shahzoda Eduard (1964 yilda tug‘ilgan).

Yelizaveta II ning turmush o‘rtog‘i Filipp ham qirolicha kabi uzoq umr ko‘rdi va 2021 yilda 99 yoshida vafot etdi.

Yelizavetta II va Filipp / Foto: www.alamy.com

Qirolichaning 8 nafar nabirasi bor. Ular orasidan shahzoda Charlz va malika Diananing ikki o‘g‘li – shahzodalar Uilyam hamda Harri doim omma e’tiborida. Shuningdek, Yelizaveta II ning bir necha nafar evaralari bor.

Yelizaveta II haqida qiziqarli ma’lumotlar

Yelizaveta II insoniyat tarixida eng uzoq taxtda o‘tirgan monarx hisoblanadi. U dunyo davlatlari rahbarlari orasida eng keksa hukmdor hisoblanadi. Yelizaveta II ning katta buvisi qirolicha Viktoriya ham uzoq umr ko‘rgan va Buyuk Britaniyani 63 yil boshqargan. U bu rekordni 2015 yilda yangiladi.

Yelizavetta II dunyo bo‘ylab sayohatda. 1954 yil.
Foto: www.scoopnest.com

1976 yil 26 mart kuni Yelizaveta II Malverndagi telekommunikatsiya tadqiqotlari markaziga tashrif buyuradi va elektron maktub yozadi. Uning maktubi ARPANET (Internetning muqobili) tarmog‘idan foydalanuvchilarning barchasiga yo‘llanadi.

2019 yilda qirolicha hayvon terisi hamda mo‘ynasidan tikilgan kiyimlardan foydalanishni to‘xtatganini rasman e’lon qiladi.

2007 yilda Amerikaning Vogue jurnali tomonidan Yelizaveta II dunyoning eng jozibali 50 nafar ayoli ro‘yxatiga kiritilgan.

Buyuk Britaniya qonunlariga ko‘ra qirolicha bilan qo‘l berib so‘rashish mumkin emas. Ammo bir qancha davlat rahbarlari u bilan qo‘l berib so‘rashishgan.

Yelizaveta II Buyuk Britaniyada pasporti yo‘q yagona shaxs hisoblanadi. Bu davlatda pasportlar qirolicha nomidan beriladi. Qirolicha esa o‘ziga pasport taqdim eta olmaydi.

Yelizaveta II ning shaxsiy xodimi Anjyela Kellining so‘zlariga ko‘ra qirolicha Bukingem saroyidagi 775 ta xonaning bor-yo‘g‘i oltitasidan foydalanadi.

Bukingem saroyi / Foto: www.alamy.com

Har kuni Yelizaveta II ga dunyoning turli burchaklaridan minglab maktublar keladi va ularning har biriga javob yoziladi.

Moliyaviy holati

Yelizaveta II ancha boy hisoblanadi. Shotlandiyadagi Balmoral qasri, Norfolkdagi saroy, Lankaster gersogligi unga tegishli.

Bundan tashqari, qirolicha toj egasi sifatida ko‘plab yer-mulklarga egalik qiladi. Qirolichaning toj egasi sifatidagi yer-mulklarining bozor narxi 18 milliard dollardan oshadi va ularni Buyuk Britaniya parlamentiga hisob beradigan Crown Estate korporatsiyasi boshqaradi.

Qirolicha Kornoull gersogligi foydasini ham oladi. (Bu gersoglikni uning o‘g‘li Charlz boshqaradi).

Yelizaveta II Buyuk Britaniya g‘aznasiga soliq to‘lashdan ozod qilingan. Ammo u 1993 yildan buyon ixtiyoriy ravishda soliq to‘lab keladi.

1989 yildan buyon Sunday Times gazetasi tomonidan har yili muntazam tarzda tuzib kelinadigan Buyuk Britaniyaning eng boy odamlari ro‘yxatida Yelizaveta II 350 million funt sterling shaxsiy boylik bilan 300-350-o‘rinlarda qayd etib kelinadi. Forbes tomonidan tuziladigan milliarder boylar ro‘yxatiga u kirmaydi.

Yelizaveta II Nyu-York shahrida qimmatbaho turar joyga egalik qiladi. Mazkur turar joy 900 metr kvadrat bo‘lib, uning loyihasini chizgan arxitektor 1990 yilda qirolichadan ritsarlik unvonini olgan.

Qirolicha va bosh vazirlar

Yelizaveta II taxtga o‘tirganidan buyon hozirgacha Buyuk Britaniyada 14 nafar bosh vazir ishladi. U qirolicha bo‘lgan paytda Buyuk Britaniya bosh vaziri Uinston Cherchill edi, hozirgisi Boris Jonson.

Yelizaveta II va Cherchill / Foto: www.alamy.com
Yelizaveta II va Buyuk Britaniyaning amaldagi bosh vaziri Boris Jonson
Foto: www.alamy.com

4 nafar bosh vazir Yelizaveta II taxtga o‘tirganidan keyin dunyoga kelgan. Bular, Toni Bler (1953 yilda tug‘ilgan, 1997-2007-yillarda bosh vazir bo‘lgan), Tereza Mey (1956 yilda tug‘ilgan, 2016-2019-yillarda bosh vazir bo‘lgan), Boris Jonson (2019 yil yildan boshlab amaldagi bosh vazir), Devid Kemeron (1966 yilda tug‘ilgan, 2010-2016-yillarda bosh vazir bo‘lgan).

Televideniye va kino

Yelizaveta II 100 dan ortiq televizon shoular, telefilm va kinofilmlar qahramoni hisoblanadi. Britaniyalik komik Rouen Atkinson (mister Bin) o‘z filmlarida ko‘p marotaba qirolichani hajv qilib chiqqan. Yelizaveta II uning hazillaridan xafa bo‘lmasligini aytgan.

2013 yilda Yelizaveta II televideniye va kino san’atiga qo‘shgan hissasi uchun Britaniya kino va televideniye san’ati akademiyasining mukofoti bilan taqdirlangan. U 2012 yilda London olimpiadasining ochilish marosimi uchun maxsus ishlangan rolikda Deniel Kreyg bilan birga suratga tushgan. Qirolicha ushbu roli uchun «Jyeyms Bondning eng yaxshi ayol sherigi» deb topilgan.

2016 yilda ITV telekanalida «Yelizaveta: oila tarixi» filmi namoyish etiladi. Unda Yelizaveta II va uning oila a’zolari qatnashishadi va filmda oila tarixi hikoya qilinadi.

2018 yilda BBC1 telekanalida «Toj kiyish marosimi» filmi namoyish etiladi. Unda qirolichaning o‘zi qatnashib, 1953 yil 2 iyunda o‘tkazilgan toj kiydirish marosimlari tafsilotlarini gapirib beradi.

Bundan tashqari, 2018 yilda ITV1 telekanali «Qirolichaning yashil olami» hujjatli filmini ommaga taqdim etadi. Filmda qirolicha iqlim o‘zgarishlari, atrof-muhitning ifloslanishi muammolari haqida so‘z yuritadi.

Qiziqishlari

Qirolicha kamera qarshisida bo‘lishni yoqtiradi. Bundan tashqari ot poygalarini kuzatadi. So‘nggi 30 yilda qirolichaning otlari turli musobaqalarda g‘olib chiqib, unga 6,7 million funt sterling mablag‘ ishlab bergan.

Qirolicha otda / Foto: www.alamy.com

Yelizaveta II itlarni juda yoqtiradi. U doim saroyda it saqlaydi va hayoti davomida o‘ttiztacha it boqqan.

Qirolicha itlari bilan / Foto: m.lenta.ru

Mashina boshqarish qirolichaning sevimli mashg‘uloti bo‘lgan. Garchi haydovchilik guvohnomasi bo‘lmasa-da Yelizaveta II 93 yoshigacha avtomobil boshqargan.

Yelizaveta II 93 yoshigacha mashina boshqargan
Foto: Getty Images

An’anaga ko‘ra Buyuk Britaniya parlamentining sessiyalarini har doim Yelizaveta II ochib beradi. Bu an’ana ikki marta, qirolicha homiladorlik ta’tilida bo‘lganda buzilgan.

Yelizaveta II Qirollik oila a’zolari orasida eng birinchi armiya xizmatiga borgan shaxs hisoblanadi. U 1945 yilda Britaniya armiyasining ayollar bo‘limida xizmat qilgan va yuk mashinasini boshqargan.

Yelizaveta II armiyada / Foto: www.science-a2z.com

Qirolicha sayohat qilishni yoqtiradi. U shu paytgacha dunyoning ko‘plab mamlakatlarida bo‘lgan. Yelizaveta II SSSRga ko‘p marta taklif etishganiga qaramasdan, Rossiya imperatori Nikolay II Romanovni qatl etgan davlatga bormasligini aytgan. Yelizaveta II ning otasi Georg VI bilan Nikolay II yaqin qarindosh (xolavachcha) bo‘lgan. Yelizaveta II SSSR parchalanib ketganidan so‘ng Rossiyaga 1994 yilda bir marta kelgan.

Yelizaveta II ona tilidan tashqari fransuz tilida ham erkin gaplasha oladi. U Fransiyaga yoki fransuz tilida so‘zlashuvchi mintaqalarga (masalan, Kanadaning fransuzlar yashaydigan provinsiyasiga) borganda tarjimon xizmatidan foydalanmaydi va mezbonlar bilan fransuz tilida muloqot olib boradi.

Hamdo‘stlik davlatlari

Bir paytlar Buyuk Britaniya dunyoning eng qudratli imperiyasi bo‘lgan va yer yuzining barcha qismida uning hududlari bo‘lgan. Keyinchalik, 19-20 asrlarga kelib vaziyat tubdan o‘zgardi Britaniya qo‘l ostida bo‘lgan mustamlakalar birin-ketin mustaqil bo‘la boshladi.

Buyuk Britaniya hududlarni yo‘qotar ekan, ularning aksariyatiga iqtisodiy va siyosiy «do‘stlik»ni saqlab qolishni taklif etadi. Shu tariqa Birlashgan qirollik boshchiligidagi «Millatlar Hamdo‘stligi» ittifoqi barpo bo‘ladi.

Buyuk Britaniya boshchiligidagi Hamdo‘stlik ittifoqiga a’zo davlatlar
Foto: vikipediya

Bugungi kunda mazkur ittifoqqa 54 ta davlat a’zo. Ular orasida dunyoning yirik davlatlaridan biri Hindistondan tortib, kuchli yettilikka kiruvchi Kanadagacha bor.

Bu davlatlarning 14 tasi rasmiy ravishda Yelizaveta II ni o‘z qirolichasi deb biladi. Ularning bir qismi o‘tgan asrning 50-yillaridan boshlab o‘z pul birliklarida ham qirolichani tasvirlab kelishadi.

Qirolicha surati Yamayka pul birligida / Foto: www.ebay.com
Qirolicha surati Gibraltar pul birligida / Foto: Twistedsifter.com

Yelizaveta II hayotidagi muhim va qiziqarli hodisalar

1965 yil - Yelizaveta II Germaniya Federativ Respublikasiga ilk tashrifini amalga oshiradi. Bu 1913 yildan keyin Birlashgan qirollik oila a’zosining Germaniyaga ilk tashrifi bo‘ladi.

1966 yil – Uelsdagi Aberfan qishlog‘ida tog‘ ko‘chadi va 20 uyni bosib qoladi. Oqibatda 144 kishi vafot etadi. O‘shanda Yelizaveta II halokat yuz bergan joyga oradan 8 kun o‘tib boradi va tanqidlar ostida qolib ketadi. Keyinchalik, u Aberfenga zudlik bilan yetib bormagani hayotida sodir bo‘lgan eng katta xato ekanligini aytgan.

1969 yilda qirollik oilasining kundalik hayoti haqida film suratga olinadi. O‘sha paytda film tomoshabinlar tomonidan iliq kutib olinadi. Ammo filmda qirollik oilasi tomonidan uyushtirilgan kechalar, dam olish sahnalari borligi uchun oilaning ayrim a’zolari uning namoyish etilishidan norozi bo‘lishadi. Garchi film Qirollik oilasining mavqeyi oshishiga xizmat qilgan bo‘lsa ham, 1970 yilda uni omma uchun ko‘rsatish taqiqlab qo‘yiladi.

1986 yilda Yelizaveta II turmush o‘rtog‘i Filipp bilan Xitoyga tashrif buyuradi. Tashrif davomida Butunjahon yovvoyi tabiatni asrash fondining yig‘ilishida nutq so‘zlagan Filipp «Xitoyliklar to‘rtta oyog‘i bor jonzotlardan stulni, ikkita qanoti bor uchadiganlardan samolyotni, suvda suzadiganlardan kemalarni yemaydi. Qolgan barcha narsani yeydi», deydi. Uning bu hazilini xitoyliklar noto‘g‘ri tushunishadi va oxir-oqibat ikki davlat o‘rtasidagi aloqalar sovuqlashadi.

Oiladagi ixtiloflar

Yelizaveta II ning oilasida uzoq yillar davomida jiddiy kelishmovchiliklar bo‘lmagan. Ammo shahzoda Charlz va malika Diananing ajrashishi ortidan muammolar paydo bo‘la boshlaydi. Diana kelib chiqishi misrlik bo‘lgan Dodi al Fayod bilan tanishadi va u bilan do‘stona aloqada bo‘ladi. Bu Yelizaveta II ga yoqmaydi.

Malika Diana va Dodi al Fayod / Foto: 24tv.ua

1997 yil 31 avgust kuni Parijda malika Diana bilan Dodi al Fayod birga mashinada ketayotganida paparatssilar ta’qib qilishadi. Haydovchi ulardan qochib ketish uchun tezlikni oshiradi va mashina halokatga uchraydi. Oqibatda, Dodi al Fayod va haydovchi o‘sha zahoti halok bo‘lishadi. Malika Diana esa shifoxonada vafot etadi.

Keyinchalik, 2007 yilda Skotland-Yard o‘sha kuni haydovchi mast holda mashina boshqargani va uning xatosi tufayli halokat sodir bo‘lgani haqidagi hisobotni e’lon qiladi. Ammo Diananing o‘limiga sabab bo‘lgan halokatni MI-6 uyushtirgan degan gaplar ham tarqaladi. Yelizaveta II ning sobiq kelini bilan nizolashib qolgani bunday gaplarning urchishiga sabab bo‘ladi.

Yelizaveta II ning oilaviy mojarolari keyin ham davom etdi. Malika Diananing ikki nafar o‘g‘li shahzoda Uilyam va shahzoda Harrilar ulg‘aygach, qirollik oilasida mojarolar avjiga chiqdi.

Malika Diana o‘g‘illari Uilyam va Henri bilan / Foto: ca.hellomagazine.com

Avvaliga shahzoda Uilyam va Keyt Midltonning nikohiga amallab chidagan qirolicha, shahzoda Harrining qonida habashlar qoni oqayotgan amerikalik kinoaktrisaga uylanmoqchi bo‘lganini hazm qila olmadi. Shu tariqa ular o‘rtasida kelishmovchiliklar boshlanadi.

2018 yil 19 may kuni shahzoda Harri va Megan Marklning nikoh to‘yi bo‘lib o‘tdi. Shundan so‘ng 2020 yilda ular qirollik oilasi a’zolari maqomidan chiqishlarini e’lon qilishdi.

Qirolicha, shahzoda Henri va Megan Markl / Foto: www.alamy.com

Oradan ko‘p o‘tmay, 2021 yil 7 mart kuni shahzoda Harri va Megan Markl amerikalik mashhur teleboshlovchi Opra Uinfriga shov-shuvli intervyu berishdi. Intervyuda ularning har ikkalasi qirollik oilasida o‘zi duch kelgan muammolarni aytib o‘tadi.

Yelizaveta II ning britaniyaliklarga favqulodda murojaatlari

Yelizaveta II har yili odatiy tarzda Rojdestvo munosabati bilan britaniyaliklarga murojaat qiladi. Shuningdek, qirolicha turli hodisalar munosabati bilan o‘z fuqarolariga besh marta favqulodda murojaat qilgan:

  • 1991 yil 24 fevral kuni Buyuk Britaniya armiyasi xalqaro koalitsiya qo‘shinlari tarkibida Iroqqa qarshi urush boshlaganda;
  • 1997 yilda malika Diana fojiali halok bo‘lganda;
  • 2002 yil 30 martda onasi Yelizaveta Bouz-Layonning vafoti munosabati bilan (Yelizaveta Bouz-Layon 1900 yilda tug‘ilgan bo‘lib, uzoq umr ko‘radi va 2002 yil 30 mart kuni 102 yoshida vafot etadi);
  • 2012 yilda taxtga o‘tirganining 60 yillik tantanalari chog‘ida;
  • 2020 yil 6 aprel kuni dunyoda koronavirus pandemiyasi tarqalishi munosabati bilan.
Qirolicha va o‘g‘li Charlz bilan / Foto: lyudi.com 

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi 

Top