23:33 / 15.02.2022
46152
Ukraina inqirozi. Shols Putin bilan hazillashdi, ruslar ortga qayta boshlagan

Putin Moskvada nemis kansleri Olaf Shols bilan uchrashdi, Rossiya mudofaa vazirligi mashg‘ulotlar yaqin vaqt ichida yakunlanishi va harbiylar ortga qaytarilishini ma’lum qilgan, NATOdagilar esa hozircha Rossiya tomonidan deeskalatsiya belgilarini ko‘rmayapti.

Mixail Klimentev / RF prezidenti matbuot xizmati/ TASS / Scanpix / LETA

Merkelning izdoshi dekabrda yangi lavozimni egallaganidan buyon ilk marta Putin bilan uchrashdi. Muloqot Shols favqulodda sust siyosat olib borayotgani uchun ittifoqchilarining zimdan tanqidiga uchrayotgan bir vaqtda sodir bo‘ldi.

Shols Putin bilan uchrashuvda o‘zini qanday tutishiga Germaniyada ham jiddiy qiziqishayotgandi, chunki kansler Ukraina mavzusida muhokamaga kech qo‘shilgani uchun tanqidlarga va jinday shubhaga ham sababchi bo‘lgandi. Germaniya Rossiya oldida qarzdormi, degan masala ham ko‘tarildi. Ammo Shols Putin bilan uchrashuvda G‘arb nashrlari sarlavhasiga tortadigan gaplari bilan yodda qolmadi. Putinning prezidentlik muddati haqidagi hazilidan boshqa, albatta. Kremldagi uchrashuvdan keyin yana Putin barchaning diqqat markazida bo‘ldi.

«Yevropada urush bo‘lgan, uni NATO boshlagandi»

Uch soat davom etgan uchrashuvdan keyin Germaniya kansleri Olaf Shols hozirgi avlod urush ko‘rmasligi kerakligi, bu tasavvur qilib bo‘lmaydigan narsa ekanini aytdi. Putin esa hamkasbining gapiga kinoya bilan javob berdi. «Janob kansler hozirgi avlod uchun urush tasavvur qilib bo‘lmaydigan narsa ekanini aytdi, ammo biz Yevropada urushning guvohi bo‘lgandik, Yugoslaviyada. Aynan NATO tomonidan boshlangan urushda Yevropa shaharlaridan biri Belgrad o‘qqa tutilgandi», dedi Rossiya prezidenti.

LXR va DXRni tan olish masalasi

Tan olinmagan DXRning Donetskdagi bayrog‘i / Reuters

Oxirgi vaqtlarda rossiyalik siyosatchilar Ukraina atrofidagi voqealar fonida Lugansk va Donetskni respublika sifatida tan olish kerakligini aytib kelishadi. Bu borada butun boshli prezidentga murojaat tayyorlab, deputatlar uni ma’qullashdi ham. Ammo Putin Shols bilan uchrashuvda rus xalqi Donbassdagilarga har qancha xayrixoh bo‘lmasin, barchasi Minsk kelishuvi bo‘yicha amalga oshirilishi lozimligini aytdi. Kelishuvga ko‘ra esa Rossiya Donetsk va Luganskni respublika sifatida tan ololmaydi. Olaf Shols ham bu diplomatik falokat bo‘lishini ta’kidladi.

«Reja bo‘yicha harakat qilamiz»

Putindan Rossiya bundan buyog‘iga qanday harakat qilishini so‘rashdi. U esa shunday dedi: «Endi qanday harakat qilamiz? Reja bo‘yicha. Bu vaziyat qanday bo‘lishiga bog‘liq. Bunga kim javob beradi? Hozircha hech kim, chunki hammasi bizga bog‘liq emas. Biz NATO hamma uchun teng bo‘lishi talab qilingan xavfsizlik prinsiplaridan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanayotganiga jim qarab turolmaymiz.

Urushni xohlaymizmi? Yo‘q, albatta. Shuning uchun ham xavfsizlik borasida takliflarimizni bildiryapmiz», dedi Putin.

Urush haqidagi savolga javob bergan Shols Putinga qarab Yevropada urush bo‘lmasligi uchun javobgar ekanliklarini eslatdi. «Urush bo‘lmasligi kerak, hali diplomatiya uchun yo‘l bor. Shu sabab vaziyatni tezda yumshatish kerak», dedi Germaniya kansleri.

Ukraina va NATO masalasi

Germaniya kansleri Putin bilan uchrashuvdan avval Ukrainaning NATOga kirishi kun tartibida turmagani, Rossiya nega bu borada muhokamaga kirishganini tushunmasligini aytgandi. Shols Kremldagi uchrashuvda ham bu haqda gapirdi. «Ukrainani NATOga qabul qilish masalasi kun tartibida turgani yo‘q. Bu mavzuni [kamida] biz bu lavozimda turgan vaqtimizda ko‘rib chiqmasak ham kerak, axir qancha uzoq lavozimda turmaylik, bu umrbod davom etmaydi», dedi Shols.

Foto: Reuters

Germaniya kanslerining Putin uzoq vaqtdan buyon Rossiya rahbarligida qolayotganiga ishora qilgan bu gapi uning chiqishidagi eng yodda qolarli holat bo‘ldi.

Putin esa Ukraina NATOga kirmasligi borasida konkret kafolat xohlashini yana bir bor takrorladi. «Bizga 30 yildan buyon NATO kengaymasligini aytishadi, lekin bugun u ostonamizda turibdi. Ukraina yaqin yillarda NATOga kirmaydi, hozir tayyor emas, deyishyapti, lekin xalqaro aloqalarda bunaqa mujmal gaplarga o‘rin yo‘q-ku? Shu sabab ushbu muammoni hozir, tinch yo‘l bilan hal qilib olishimiz kerak», dedi Putin.

Rossiya askarlari qayta boshlagan

Oldingi manziliga qaytayotgan rus tanklari / EUROPEAN PRESSPHOTO AGENCY

Germaniya kanslerining Rossiyaga tashrifidan oldinroq mamlakat mudofaa vaziri Sergey Shoygu Putin bilan uchrashib, harbiy mashg‘ulotlar tugab qolgani haqida ma’lumot bergandi. Keyinchalik rus askarlari mashg‘ulotlarni yakunlab, ortga qaytishga tayyorgarlik ko‘ra boshlagani haqida xabarlar tarqaldi. Janubiy va G‘arbiy okrug harbiylari mashg‘ulotlarni yakunlab, harbiy texnikalarni olib ketishga tayyorlab qo‘ygani tasvirlangan video e’lon qilindi. Xususan, rossiyalik askarlar Qrimdagi mashg‘ulotlardan qaytayotgani ma’lum bo‘ldi. Yana bir guruh askarlar Shimoliy Osetiya va Dog‘istondagi doimiy manziliga qaytishi aytildi.

Bu holatga munosabat bildirgan Ukraina mudofaa vaziri Dmitriy Kuleba shoshmaslik kerak ekanini aytdi. «Rossiya tomonidan doim turli munosabatlar bildiriladi. Ammo biz ko‘rgan narsamizgagina ishonishga odatlanganmiz. Askarlar ketayotganini ko‘rsak, deeskalatsiya bo‘layotganiga ishonamiz», dedi vazir.

NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg esa Rossiya tomonidan bo‘layotgan bu ishoralar ehtiyotkor optimizmga sabab bo‘layotganini aytdi. «Hozirda joylarda hech qanday deeskalatsiya, qo‘shinlar soni kamayayotgani haqida ma’lumot yo‘q. Lekin Rossiya tomonidan diplomatiyaga zo‘r berish borasidagi signallar ehtiyotkor optimizmga undamoqda», dedi bosh kotib.

Mavzu
Ukraina inqirozi
2021 yil davomida Rossiya Ukraina bilan chegarada qo‘shin to‘pladi. So‘nggi vaqtlarda mintaqada vaziyat keskinlashmoqda.
Barchasi
Mavzuga oid
Top