11:32 / 08.03.2022
15071
«Imtihondan 5 marta yiqilganman» - ishni farroshlikdan boshlagan inspektor ayol

Hayotda o‘z oldiga katta maqsadlarni qo‘yib, u tomon tinimsiz harakat qilayotgan matonatli insonlar juda ko‘p. Bugun hikoya qilmoqchi bo‘lgan qahramonimiz - o‘qishdan 5 marta yiqilib, faoliyatini farroshlikdan boshlagan inspektor ayol.

Hurzada Reymqulova Qoraqalpog‘istonning olis Taxtako‘pir tumanida tug‘ilgan. Qiz bola bo‘lishiga qaramay, yoshligidan harbiy, ichki ishlar organlari sohasiga qiziqqan. U hozirda Taxiatosh tumani IIB Jamoat xavfsizligi xizmati huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limida xotin-qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektor lavozimida ishlaydi. Podpolkovnik unvoniga ega.

Hurzada Reymqulova IIV akademiyasidan bir emas, ikki emas, naq 5 marta yiqilgan. Shunga qaramay, maqsadiga yetishish yo‘lida ortga chekinmadi. Sohaga qiziqishi sabab, u bu yillar mobaynida IIV akademiyasida oddiy farrosh bo‘lib ishladi. Yashash va o‘qishga tayyorgarlik uchun pul yetmagani sabab tungi soat 22:00 dan keyin maktablarning polini yuvishiga ham to‘g‘ri keldi.

«Sohaga qiziqish shu darajada bo‘ldiki, hatto akademiyada farroshlik qildim. Bu xizmatim uchun oyiga 17 ming so‘m olardim. Taxtako‘pirdan, onamdan oyiga faqat 10 ming so‘m kelardi. 27 ming so‘m Toshkentda yashashga yetmasdi. Shundan keyin yonimdagi dugonam bilan qo‘shimcha ish topishga qaror qildik. Tungi soat 22:00 dan keyin maktablarning polini yuvardik. Bu ishimiz uchun oyiga 5 ming so‘mgina olardik. Shunday qilib, bir oyda 32 ming pul bilan Toshkentda yashaganmiz. Bu pullarning 7 ming so‘mini ijaraga, qolganini oziq-ovqat uchun ishlatardik», — deydi u.

Hurzada tengqurlari orasida turli xil gap-so‘zlar qaytanga unga kuch berganini, akademiyadan yiqilgan yillari qishlog‘idagi sinfdoshlari aytgan kamsitishlar motivatsiya berganini aytadi. Har doim o‘rnidan turishga bir voqea sabab bo‘lganini ta’kidlaydi.

«Qishlog‘imizdagi qo‘shni yigitning aytgan gaplari haliyam esimdan chiqmaydi. Akademiyaga qanday qizlar topshiradi?! Hoy, akademiyaga topshirmoqchi ekan qizlar, degan so‘zlarni eshitganman. Shu paytda, albatta, shu sohaga kiraman, deb maqsad qo‘yganman. Vaqti kelib o‘sha yigit bilan uchrashib qolganmiz. U hozir mendan qattiq uyaladi. Ishi tushib kelgan vaqtlari ham bo‘ldi. Baribir men ularga rahmat aytaman. Agarda o‘sha vaqtda shu aytgan kamsitishlari bo‘lmaganda edi, men bu darajaga erisha olmasdim», — deya eslaydi qahramonimiz.

Hurzada Reymqulova 14 yildan beri IIV sohasida ishlamoqda. Oilali, 3 nafar farzandning mehribon onasi. Ham ishga, ham oilaga birday ulgura oladi. Nukus shahridan Taxiatosh tumaniga har kuni qatnab ishlaydi. Uy-ro‘zg‘or yumushlariga ulgurishga harakat qiladi. Har kuni sigir sog‘ishga ham vaqt topadi. Kechqurunlari onasi, 3 nafar qizi kutib oladi. Qahramonimiz biz bilan suhbatda faoliyatidagi eng og‘ir damlarni esga oldi.

«2020 yil sentyabr oyida qattiq karantin sharoiti edi. Hamma koronavirus bilan kasallangan bir davr. Xalqimiz juda og‘ir holatga tushib qolgandi. Shifokorlar va ichki ishlar organlari xodimlariga har doimgidan ko‘proq talab bo‘layotgandi. O‘shanda chidab tura olmadim. Yaqinda ko‘zim yorishiga qaramay, 3 oylik farzandimni uyga tashlab, ishga chiqib ketdim», — deydi Hurzada Reymqulova.

Inspektor ayol bilan suhbatimiz yakunida Hurzada o‘zi kabi ayollarga, yoshlarga tavsiyalarini berdi. Uning aytishicha, eng muhimi, inson o‘z oldiga katta maqsadlarni qo‘ya olishi va unga yetishish uchun tinimsiz harakat qilishi kerak.

«Har bir inson oldiga maqsad qo‘yishi kerak. Shu maqsad yo‘lida tinimsiz harakat qilsa, albatta, niyatiga yetadi. Yiqilib qolsangiz, albatta, o‘rningizdan turishingiz kerak. Hech kim sizni yiqilgan joyingizdan turg‘izib qo‘ya olmaydi. Hech kim sizni tublikdan olib chiqa olmaydi. Faqat o‘zingiz buni qila olasiz. Qizlarga aytarim, harakatdan to‘xtamang, maqsad qo‘ying va harakat qiling. Maqsadingizga yetmaguncha aslo harakatdan to‘xtamang».

Shuhrat Saidahmadov, Kun.uz muxbiri
Montaj ustasi – Sherzod Egamberdiyev.

Top