09:53 / 08.04.2022
14207
“Deputatlarning deyarli hammasi qarshi” - IIVning senzuraviy taklifi haqida mulohazalar

Rasul Kusherbayevga ko‘ra, YPX xodimlarining tasvirini internetda tarqatishni taqiqlash bo‘yicha taklifga deputatlarning deyarli hammasi qarshi bo‘lgan. Advokat Ruslan Sodiqov bu orqali fuqarolarning Konstitutsiyada belgilangan huquqi – axborot tarqatish erkinligi cheklanishini ta’kidladi.

YPX xodimlarining videotasvirini internetda tarqatishni taqiqlash ko‘zda tutilgan hukumat qarori loyihasi muhokamasi 29 mart kuni yakunlangan edi. Ichki ishlar vazirligi tashabbusi bilan ishlab chiqilgan ushbu hujjat jamoatchilikning tanqidiga uchradi.

Bu borada Kun.uz'ga intervyu bergan advokat Ruslan Sodiqov Vazirlar Mahkamasining mazkur qarori loyihasi O‘zbekiston Konstitutsiyasi va boshqa qonunlarga zid ekanini ta’kidlamoqda.

“YPX xodimlari va yo‘l harakati qatnashchilari o‘rtasida sir saqlanadigan narsa yo‘q”

Ruslan Sodiqov, advokat:

— Konstitutsiyaning 7-moddasida O‘zbekistonda davlat hokimiyati xalq manfaatlarini ko‘zlab amalga oshirilishi, 29-moddada esa har kim o‘zi istagan axborotni izlash, olish va uni tarqatish huquqiga ega ekani belgilangan. “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi qonunda belgilanishicha, video ham material sifatida axborot hisoblanadi. Konstitutsiya va qonunlarning ustunligi mamlakat hududida so‘zsiz tan olinadi. “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi qonunda qayd etilishicha, yuqori turuvchi qonunga boshqa hech qanday normativ huquqiy hujjat zid bo‘lishi mumkin emas.

Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 1 dekabrdagi 975-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Yo‘l-patrul xizmati xodimlarining yo‘l harakati qatnashchilari bilan o‘zaro munosabatlari hamda maxsus moslamalardan foydalanish tartibi to‘g‘risida”gi nizomda YPX xodimi bilan fuqaroning munosabati tenglik va oshkoralik prinsiplariga asoslanishi mustahkamlab qo‘yilgan. Jamoatchilik tanqidiga uchragan hukumat qarori loyihasi ushbu prinsiplarga ziddir. Bu nimada ko‘rinadi?

YPX xodimi fuqaroni bodikamerasi orqali tasvirga olishga haqli. Bu bir tomonlama dalil bo‘lib qo‘llanishi mumkinligini tasdiqlovchi holatlar amaliyotda afsuski, uchradi. Samarqandda soliqchi bilan ro‘y bergan voqeada bodikameraga yozib olingan ma’lumot qirqib, montaj qilinib tarqatilgani asosida jinoyat yashirilgan, so‘ngra sud davomida bu fosh bo‘lgandi. Bu – birgina holat.

Bundan tashqari bir nechta holatlarda bodikameradagi tasvirlar bir tomonlama qo‘llanilganini ko‘rdikki, shunga ko‘ra IIV tomonidan ishlab chiqilgan hukumat qarori loyihasi ikki tomonlama dalil yig‘ish imkoniyatini cheklab qo‘yadi va bu tenglik prinsipiga zid hisoblanadi.

Qolaversa, qonunga ko‘ra, ichki ishlar organlari xodimlarining faoliyati oshkoralik prinsipiga asoslanishi belgilangan. Bu nimada bilinadi, xususan, YPX xodimlari bilan yo‘l harakati qatnashchilari o‘rtasida sir saqlanadigan narsa yo‘q, shu sababli xizmat faoliyatini bajarayotgan xodimlarning videosini tarqatishni taqiqlash oshkoralik prinsipiga ziddir.

Axborotni tarqatish erkinligi fuqaroning konstitutsion huquqi sifatida belgilangan ekan, bu huquq cheklanishi mumkin emas.

“Agar qabul qilinsa, jamoatchilik fikri inobatga olinmagan bo‘ladi”

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboyev bahsli loyiha jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilishidan avval nima uchundir deputatlar muhokamasi uchun ham taqdim etilgani, deputatlarning “deyarli hammasi” unga qarshi bo‘lganini ma’lum qildi.

Rasul Kusherbayev, deputat:

— Loyiha shaklida bu qaror tayyorlangan vaqtda yo‘l-harakati xavfsizligini ta’minlash bilan bog‘liq boshqa hujjatlar ham tayyorlangan. Mana shu bir nechta hujjat, amaldagi qonunlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishiga sabab bo‘ladigan loyihalar dastlab Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga ham olib kelingan va deputatlar muhokamasiga berilgandi.

Odatda parlamentda hukumat yoki prezident darajasida qabul qilinadigan normativ huquqiy hujjatlarning muhokamasi o‘tkazilmaydi. Parlamentda faqat qonun loyihalari muhokama qilinadi. Lekin bu safar jamoatchilikdan, deputatlardan e’tiroz bo‘lishi mumkinligini inobatga olib, ushbu hujjatlarni dastlab parlamentda muhokama qilish haqida yuqoridan topshiriq bo‘lgan ekan.

IIV mas’ullari kelib, bizga bu hujjatlarning loyiha variantini ko‘rsatishgandi va deputatlar bu bo‘yicha o‘zlarining fikrlarini bildirishgandi. YPX xodimlarining videosini internetda tarqatish taqiqlanishi haqidagi hukumat qarori loyihasi parlamentdagilarning e’tirozlariga sabab bo‘lgan asosiy hujjatlardan biri bo‘ldi.

Deyarli hamma deputat bunga qarshi bo‘lgan, bu mamlakatdagi ochiqlik va oshkoralik yo‘lidagi davlat rahbari boshchiligida olib borilayotgan siyosatga zid ekani, qolaversa, IIVning ochiqlik bo‘yicha olib borayotgan ishlariga mutlaqo to‘g‘ri kelmasligi aytilgandi. IIVdan kelganlar ham deputatlardan bu borada aniq signalni olib ketishgan edi. Lekin mazkur hujjat loyihasi jamoatchilik muhokamasiga o‘zgartirilmasdan qo‘yilibdi, bu esa kutilganidek ko‘plab tanqidlarga sabab bo‘ldi.

O‘zi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari nima uchun muhokamaga qo‘yilyapti? Jamoatchilikning fikrini, takliflarini olib, shular asosida hujjatni takomiliga yetkazish uchun. Agarki, hozir jamoatchilik fikrini eshitib turib ham, YPX xodimlarining videosini tarqatish taqiqlanadigan bo‘lsa, ya’ni hukumat qarori qabul qilinadigan bo‘lsa, bu jamoatchilik fikri inobatga olinmaganidan dalolat beradi. Bu esa normativ-huquqiy hujjatlar muhokamasi portali kutilgan samarani bermadi, degan xulosa kelib chiqishiga olib keladi.

Boshqalar uchun ham yomon o‘rnak

Suhbatdoshlarning ta’kidlashicha, YPX xodimlarining videosini internetda tarqatishni cheklash fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini cheklash barobarida boshqa davlat xizmatchilarining ham ana shunday “imtiyoz”ga ega bo‘lishni talab qilib chiqishlariga, bu esa juda qiyinchilik bilan erishilgan ochiqlik va oshkoralik muhitining yo‘qqa chiqarilishiga olib keladi.

Deputat Rasul Kusherbayev har qanday taqiqlovchi norma qonunosti hujjatlar orqali emas, balki qonunlarda belgilanishi kerakligi, bu esa oson kechmasligi, balki shuning uchun ham YPX xodimlariga alohida “imtiyoz” berilishi ko‘zda tutilgan hujjat hukumat qarori loyihasi ko‘rinishida tayyorlanganini taxmin qilmoqda.

To‘liq videoni Kun.uz’ning YouTube’dagi kanalida tomosha qiling.

Jamshid Niyozov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Abduqodir To‘lqinov.

Top