16:27 / 08.06.2022
61153

Bahrom Haydarov hibsga olingan kuni 24ta, ertasiga 2ta qaror va farmoyish chiqargan

6 iyun kuni ushlanib, 7 iyunda sud ajrimi bilan qamoqqa olingan Andijon shahar hokimi shu ikki kun davomida kamida 26ta hujjatga qo‘l qo‘ydi, ulardan 19tasi – yer uchastkalarini onlayn auksionga chiqarish haqida.

Foto: Andijon shahri hokimligi matbuot xizmati

Andijon shahar hokimi Bahrom Haydarov jinoiy sheriklari bilan budjetning 48 mlrd so‘mini talon-toroj qilishda gumonlanib, 6 iyun kuni qo‘lga olingan edi. 7 iyun kuni sud uni qamoqqa olishga sanksiya berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, hokim qamoqqa olingan 6 iyun, dushanba kuni E-qaror elektron platformasida Bahrom Haydarovning elektron imzosi orqali tasdiqlangan 24ta hujjat joylangan.

Bu qaror va farmoyishlarning 17 tasi yer uchastkalarini onlayn auksionga chiqarish haqida. Qolgan hujjatlar mehnat ta’tili, yer kovlash va boshqa masalalarni o‘z ichiga oladi.

E’tiborlisi, hokim hibsda va qamoqda o‘tkazgan 7 iyun kuni yana ikkita qarorga qo‘l qo‘ygan. Har ikkisi ham yuqoridagi kabi tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini onlayn auksionga joylashtirishga oid.

Eslatib o‘tamiz, 7 iyun kungi prezident selektorida yer uchastkalarini onlayn auksionga chiqarishni tezlashtirish bo‘yicha topshiriq berilgandi.

Bahrom Haydarov avvalroq hokim sifatida yer ajratish bilan bog‘liq qonunbuzarliklar oqibatida davlat manfaatlariga 1,7 milliard so‘mdan ortiq zarar keltirgani aytilgan, prokuratura shu vaj bilan uni deputatlik daxlsizligidan mahrum qilish bo‘yicha viloyat kengashiga taqdimnoma kiritgan, may oyi oxirida bu so‘rov qanoatlantirilgan edi.

Mavzuga oid
Top