Tezkor tadbir doirasida Andijon shahrida istiqomat qiluvchi, 1987 yilda tug‘ilgan fuqaro o‘zining yashash xonadonida giyohvandlik vositalarini tayyorlash va sotish bilan shug‘ullanib kelayotgani aniqlangan. Tintuv jarayonida uning uyidan “gashish” moddasi, kristall ko‘rinishidagi sintetik giyohvandlik vositasi, “Tropikamid” kuchli ta’sir etuvchi dori vositalari, giyohvand moddalarni tayyorlashda ishlatiladigan xom-ashyolar, maxsus idishlar va qadoqlash uchun mo‘ljallangan zip paketlar ashyoviy dalil sifatida olindi.
Shuningdek, xonadondan 4 ta mobil telefon va 1 ta noutbuk musodara qilingan. Noutbukni o‘rganish davomida mijozlarga sintetik giyohvand moddalarni sotish va ularga lokatsiya tashlab berish maqsadida gumonlanuvchi tomonidan boshqarilgan 3 ta “Telegram-bot”, shuningdek uy sharoitida narkolaboratoriya tashkil qilish bilan bog‘liq video va slayd ko‘rinishidagi qo‘llanmalar mavjudligi aniqlangan.
Holat yuzasidan ushbu shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 273-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Unga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llangan bo‘lib, ashyoviy dalillar ekspertizaga yuborilgan.
Hozirda tergov harakatlari doirasida gumonlanuvchining jinoiy aloqalari va ehtimoliy sheriklarini aniqlash bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.











