22:15 / 27.07.2022
28688
Nurmurodov va Qo‘chqorov imtiyozli kreditlarni to‘xtatish kerakligini aytdi. Aniq rejalar esa yo‘q

Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurodov hukumatdan imtiyozli kreditlarni to‘xtatishni so‘rayotganini aytdi. Ko‘p o‘tmay bosh vazir o‘rinbosari imtiyozli kreditlashni yo‘q qilish va banklarni xususiylashtirish kerakligini ta’kidladi. Bu qachon amalga oshishi mavhumligicha qolmoqda.

1,9 mlrd so‘mlik limonchilik issiqxonasi loyihasining holati. Farg‘ona tumani

O‘zbekiston Markaziy banki hukumatdan imtiyozli va direktiv kreditlar hajmini kamaytirishni va banklarga bozor sharoitida ishlashga ruxsat berishni so‘ragan. Bu haqda 21 iyuldagi matbuot anjumanida MB raisi Mamarizo Nurmurodov ma’lum qildi.

“Bu – Markaziy bankning asosiy vazifalaridan biri”, dedi u.

Regulyator rahbariga ko‘ra, imtiyozli kreditlashni to‘xtatishga iqtisodiy va geosiyosiy vaziyat yo‘l bermayapti.

“To‘g‘ri tushunishimiz kerak, hozir butun dunyoda kambag‘allik darajasi oshib borayotgan sharoitda biz bugungi kundagi imtiyozli kreditlarni taqa-taq to‘xtatib qo‘yib, kichik bo‘lsa ham tadbirkorlik bilan shug‘ullanaman degan fuqarolarimizga qiyinchilik yaratib qo‘yishimiz ehtimoli yuqori”, – dedi Nurmurodov.

Unga ko‘ra, Markaziy bank hukumat bilan imtiyozli kreditlar o‘rniga kompensatsiya mexanizmini kengaytirish bo‘yicha ish olib bormoqda.

“Kompensatsiya mexanizmi o‘tgan yilga qaraganda qariyb 4 baravarga ko‘paydi. Oldin biz imtiyozli kreditlarni ma’lum bir stavkada belgilar edik, hozir 14 foizdan past belgilanmayapti, oldinlari undan ham past belgilanardi”, – dedi MB raisi.

Hukumat ham imtiyozli kreditlardan voz kechish tarafdori

Bosh vazir o‘rinbosari – iqtisodiyot vaziri Jamshid Qo‘chqorov 22 iyul kuni Senat yalpi majlisida kreditlar talon-toroj qilinayotgani haqidagi savolga javob berarkan, muammo yechimi ikkita ekanini aytdi.

“Birinchi navbatda imtiyozli kreditlarni yo‘q qilish masalaning yechimi bo‘ladi. Qachonki imtiyozli kredit bo‘lmasa, kredit berish jarayoni tartibga tushadi.

Ikkinchidan, banklarimizni xususiylashtirish kerak. Xususiy banklarning egalari halol, pok, legal, dividend orqali daromad olish uchun talon-toroj masalasi bilan ham o‘zi shug‘ullanadi. Albatta, o‘g‘rilik hamma jamiyatlarda ham bor”, – dedi Qo‘chqorov.

Imtiyozli kreditlar kambag‘allikni qisqartiradimi?

Imtiyozli kreditlar kambag‘allikni qisqartiradimi degan savol juda bahsli.

Kun.uz ajratilgan imtiyozli kreditlar talon-toroj qilingan, ko‘plab oilalarni kambag‘allikdan chiqarish o‘rniga qarzga botirib qo‘yganiga oid ko‘plab materiallar e’lon qilgan.

Shu yil aprelida Andijonda imtiyozli kredit asosida tovuq olib zararga qolayotgan oilalar haqida xabar bergan edik. Bir necha kun ilgari esa imtiyozli kredit asosida qurilgan issiqxonalar 2 yilda xaroba holga kelib qolgani haqida yozdik.

Oilaviy tadbirkorlik uchun ajratilayotgan imtiyozli mablag‘larga oid muammolar bo‘yicha avvalgi yillarda ham saytimizda qator surishtiruvlar e’lon qilingan.

Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurodov o‘z chiqishlarida imtiyozli kreditlash korrupsiyaga moyillikni yuzaga keltirishini bir necha bor ta’kidlab o‘tgan.

“Imtiyozli kredit bor joyda muayyan darajada korrupsiya elementlari ham bo‘ladi. [...] Qayerda imtiyozli kredit bo‘lsa, albatta, [mablag‘ni] boshqa maqsadda ishlatishga moyillik ham bo‘ladi”, degandi MB rahbari 2020 yildagi matbuot anjumanlaridan birida.

Nurmurodov, shuningdek, 2021 yildagi chiqishlaridan birida “bozor tamoyillaridan qancha ko‘p cheklansak, korrupsiyaga moyillik ortib boraveradi”, deya ta’kidlagandi.

“Imtiyozli kreditlar boshqa kreditlarning narxini oshiradi va soliq to‘lovchilar yelkasiga yuk bo‘lib tushadi”

Iqtisodchilar hukumatni banklar ishiga aralashmaslikka, imtiyozli kreditlar kambag‘al qatlamga ham, boshqa soliq to‘lovchilarga ham va nihoyat banklarga ham zarar bo‘lishini aytib keladi. Shunday fikrlardan ayrimlarini keltirsak.

Behzod Hoshimov, iqtisodchi:

— Inson o‘zi ham bilmaydi kreditni to‘lay oladimi-yo‘qmi, bankka borgandan keyin ular o‘ylab aytishadi: “sizga bera olamiz, yoki yo‘q”. Bunga davlat aralashsa, rag‘batlarni noto‘g‘ri qo‘yadi va qurbi yetmaydigan odam ham o‘sha kreditni olishga imkoniyati bo‘ladi.

Bu – mablag‘larni samarasiz tarqatish bilan birga, o‘sha insonlarni bilmagan holda, ba’zan xohlamagan holda juda chuqur moliyaviy o‘ra ichiga tushirib qo‘yadi. Shuning uchun, o‘ylaymanki, kredit va qarz pullarini tarqatishda davlat institutlari, ayniqsa, davlat hokimiyati institutlari aralashmasligi maqsadga muvofiq. Shunda moliyaviy bozorda resurslar to‘g‘ri taqsimlanadi.

Botir Qobilov, iqtisodchi:

— ... Qachonki banklarimizda davlatning o‘rni keskin qisqarsa, banklar orqali imtiyozli kreditlar va shunga o‘xshash ijtimoiy dasturlar doirasida resurslarni taqsimlashni bas qilib xarajatlarni qisqartirsak, banklarga xizmatlar narxini erkin belgilashda erkinlikni bersak, banklararo raqobat bo‘lsa, bu bozorga kirish/chiqishga cheklovlar bo‘lmasa, ana o‘shanda bank tizimidagi muammolar paydo bo‘lmasidan avval yo‘q bo‘lib ketar edi. Markaziy bank mustaqilligi ham o‘sha ro‘yxatning birinchisida turadi.

[...] Imtiyozli va muammoli kreditlarni qoplash har doim soliq to‘lovchilarning bo‘yniga tushadi – bevosita ham, bilvosita ham. Muammoli kreditlar yig‘ilib, kredit foiz stavkasini bozor narxida belgilay olmasdan, tavsiya qilingan “maqbul foiz stavkasi” doirasida kredit berishi natijasida oshib borayotgan xarajatlarni tijorat banki albatta iste’molchiga yuklashi tabiiy. Iste’molchi foydalanadigan xizmat turlari narxi, komissiyasi oshishi orqali bilvosita xarajatlarni qoplashga harakat qilinadi.

Mirkomil Xolboyev, iqtisodchi:

— Imtiyozli kreditlar ba’zi aholi guruhlarining daromadini vaqtincha oshirishi mumkin, lekin birinchidan, bu katta ehtimol bilan uzoq muddatda saqlanib qolmaydi. Ya’ni daromadi oshgan aholi yana oldingi daromad darajasiga qaytadi (hech bo‘lmaganda bir qismi). Ikkinchidan berilayotgan bu imtiyozlar imtiyozga ega bo‘lganlardan boshqa hammaga zarar. Boshqacha aytganda, bu imtiyozli kreditlar boshqa hammani kambag‘allashtiradi. Eng muhim jihati shundaki, hammaning kambag‘allashishini qo‘shib hisoblaganda, bu imtiyozga ega bo‘lganlarning foydasidan ancha ko‘p chiqadi. Ya’ni boshqacha aytganda, bu imtiyozli kreditlar umumiy farovonlikni pasaytiradi.

Birinchidan, imtiyozli kreditlar, boshqa kreditlarning foiz stavkasiga ta’sir qiladi. Ya’ni boshqa kreditlarning foiz stavkasini oshiradi (yoki pasayishiga to‘sqinlik qiladi). Ikkinchidan, imtiyozli kreditlar, inflatsiyaga ta’sir qiladi, yoki inflatsiyaning oshishiga yoki uning sekinroq pasayishiga sabab bo‘ladi. Yuqori inflatsiya esa asosan kambag‘al aholi qatlamining farovonligiga salbiy ta’sir qiladi. Boshqacha aytganda, biz aholini kambag‘allikdan chiqarish uchun qabul qilayotgan qarorimiz aslida kambag‘allarni ko‘proq qiynaydi.

Madina Ochilova tayyorladi.

Top