19:29 / 13.08.2022
43947
Ovozli xabar yuborishni taqiqlash va Premium'ni boshqalarga sovg‘a qilish - Telegram'dan yangiliklar

Telegram'ning yangi talqini e’lon qilindi. Asosiy yangiliklar messenjerning pulli Premium versiyasi foydalanuvchilari uchun mo‘ljallangan. Endi ular boshqa foydalanuvchiga Telegram-Premium'ni sotib olib berishlari, shaxsiy yozishmalarda suhbatdoshining ovozli va video xabar yuborishini cheklab qo‘yishi mumkin.

Yangi talqin to‘xtovsiz qimirlab turadigan emojilarga to‘la / Foto: Telegram

12 avgust kuni Telegram messenjeri ilovaning yangi talqinini taqdim etdi.

Endilikda Telegram Premium foydalanuvchilarida yangicha maxfiylik sozlamasi paydo bo‘ldi: ular o‘zlariga kimlar tomonidan ovozli va video xabarlar yuborilishi mumkinligini boshqara olishadi.

Sozlamalar orqali muayyan odamlar yoki guruhlarning ovozli xabarlarni yuborish imkoniyatini cheklash yoki istisnolar kiritish mumkin. Shuningdek, pulli versiyada ma’lum shaxslardan kelgan ovozlarni doimiy ravishda matnga o‘girish rejimini yoqish mumkin.

Yana bir imkoniyat – Telegram Premium obunasini boshqalarga 3, 6 yoki 12 oylik muddatga chegirma narxda sovg‘a qilish mumkin. Hadya qilingan obuna ushbu foydalanuvchiga maxsus xabar sifatida darhol boradi.

Telegram Premium'ga obuna bo‘lish yoki uni hadya sifatida berish uchun @PremiumBot ochilgan.

Bundan tashqari, ilovaning yangi talqini yangicha emojilar to‘plami va platformasini ham o‘z ichiga olgan – ular ham Premium-foydalanuvchilar uchun. Yangi animatsiyali emojilarni xabarlar matni va media izohlariga kiritish mumkin bo‘ladi. Premium foydalanuvchilarga hozircha 10 ta dastlabki maxsus emoji to‘plamidan iborat 500 ta emoji taqdim qilingan.

Oddiy foydalanuvchilar ham o‘ziga yuborilgan animatsiyali emojilarni ko‘rishi hamda saqlangan xabarlar chatida saqlab, bepul foydalanishi ham mumkin.

Shuningdek, yangilanishlar qatoriga boshqa interaktiv emojilar va yangi GIF'lar ham qo‘shilgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil iyun oyida Telegram faol foydalanuvchilari soni 700 milliondan oshganini ma’lum qildi hamda eksklyuziv qo‘shimcha funksiyalardan foydalanish imkonini beruvchi pulli obuna – Telegram Premium'ni taqdim etdi.

Mavzuga oid
Top