21:17 / 17.08.2022
13952

Xitoyda kuchli jazirama sababli zavodlar yopildi

Toyota kompaniyasi Chendu shahridagi zavodi kamida 20 avgustgacha yopilganini e’lon qildi. Ibin shahrida yonilg‘i elementlari va akkumulyatorlar ishlab chiqaruvchi CATL zavodi faoliyati to‘xtatilgan.

Foto: Reuters

Xitoyning yirik sanoat va energetika markazi bo‘lgan Sichuan provinsiyasida tinimsiz jazirama va qurg‘oqchilik sababli elektr energiyasi keskin tejalishi e’lon qilindi.

South China Morning Post gazetasining xabar berishicha, provinsiyadagi sanoat korxonalariga elektr energiyasi berishni cheklash boshlangan. Natijada ko‘plab zavodlar yopildi.

Xususan, Toyota kompaniyasi Chendu shahridagi zavodi kamida 20 avgustgacha yopilganini e’lon qildi. «Tszemyan» portalining yozishicha, Ibin shahrida yonilg‘i elementlari va akkumulyatorlar ishlab chiqaruvchi CATL zavodi faoliyati to‘xtatilgan.

Bundan tashqari, Dachjou shahri meriyasi uy-joylar, ishxona va do‘konlarga elektr energiyasi berilishida uzilishlar kuzatilishi haqida ogohlantirdi. Ma’lum qilinishicha, shaharda kuniga uch soatdan elektr ta’minoti berish to‘xtatib turiladi. 

Sichuan elektr energiyasi ishlab chiqarilishi nuqtai nazaridan Xitoyning muhim regioni hisoblanadi. Bu yerda Yanszi daryosiga qurilgan ko‘plab GESlar joylashgan. Kuchli jazirama va qurg‘oqchilik oqibatida GES suv omborlaridagi suv miqdori 30–50 foizga kamayib ketgan.

Top