15:12 / 14.09.2022
12069
«Boku besh qoida bajarilishini talab qilmoqda». Armaniston-Ozarboyjon chegarasidagi so‘nggi voqealar haqida
Foto: ARIS MESSINIS/AFP VIA GETTY IMAGES

13 sentabrga o‘tar kechasi Armaniston-Ozarboyjon chegarasida navbatdagi to‘qnashuvlar boshlandi. Har ikki tomon bir-birini ayblagan ushbu mojaro oldingilaridan ancha chuqurlashgani bilan farqlanmoqda. Gap shundaki, Ozarboyjon bu safar nafaqat chegara shaharlari, balki Armanistonning kurort shahri bo‘lgan Jyeremuk shahriga ham hujum qilgan. Hozirda mintaqadagi xavfsizlik kafolati Rossiya bo‘lib turibdi, ammo Moskva Ukrainadagi urush bilan band. Tog‘li Qorabog‘dagi vaziyat nazorati allaqachon Kreml qo‘lidan chiqib ketgan.

To‘qnashuv. Ikki tomon bir-birini ayblamoqda

13 sentabrga o‘tar kechasi Armaniston Ozarboyjon bilan chegarada harbiy harakatlar boshlaganini ma’lum qildi. Armaniston mudofaa vazirligi Ozarboyjon tomoni artilleriya, minomyot, dron va yirik kalibrli o‘q otish qurollaridan foydalanganini bildirdi.

Yerevan e’lon qilgan ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatning Vardenis, Sotk, Artanish, Ishxanasar, Goris va Kapan aholi manzillari Ozarboyjon kuchlari hujumi ostida qolgan. Shuni qo‘shimcha qilish kerakki, bu qishloq va shaharlarning barchasi Armaniston davlati hududida joylashgan va ikki davlat o‘rtasidagi doimiy kelishmovchiliklar sababi bo‘lgan Tog‘li Qorabog‘ bilan hech qanday bog‘liqlikka ega emas.

Armanistonning bir qancha ommaviy axborot vositalari mamlakatning Jyeremuk kurort shahrida ham portlash ovozlari eshitilgani haqida xabar berdi. «Sputnik Armaniston» nashriga ko‘ra, shaharga transport vositalari kirishiga cheklov o‘rnatilgan. Bu yerga hozirda faqat mahalliy aholi va Jyeremukka tutash qishloqlardagi odamlarni xavfsizroq joylarga olib ketayotgan mashinalar kirishi mumkin.

Foto: AFP

Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan to‘qnashuvlarda mamlakatning 49 nafar harbiy xizmatchisi halok bo‘lganini aytdi. Mamlakat sog‘liqni saqlash vazirligi qo‘shimcha qilishicha, uch nafar tinch aholi vakili ham jarohatlangan.

Ozarboyjon mudofaa vazirligi ham qurbonlar haqida xabar berdi. Unga ko‘ra, 13 sentabrga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan jangovar harakatlar natijasida kamida 50 nafar ozarboyjonlik harbiy xizmatchi, shu jumladan, sakkiz nafar chegarachi halok bo‘lgan.

Rasmiy Bokuga ko‘ra, to‘qnashuv Armanistonning «keng ko‘lamli provokatsiyalari»ga javoban boshlangan. Boku Armanistonning diversiv kuchlari Ozarboyjon armiyasi bo‘linmalari pozitsiyalari orasidagi aloqa va ta’minot yo‘llarini minalashtirganini ta’kidladi. Ma’lum qilinishicha, ushbu harakatlarga javoban Boku «shoshilinch choralar» ko‘rgan va bu to‘qnashuvlar boshlanishiga olib kelgan.

Bu safargi qarama-qarshilikni ikkinchi Qorabog‘ urushi tugaganidan keyingi eng jiddiy keskinlik deb atash mumkin.

Ekspert Tigran Grigoryanning qayd etishicha, hatto o‘sha urush davrida ham Ozarboyjon tomoni arman shaharlarini artilleriyadan o‘qqa tutmagandi. «Bu bizning kontekstdagi yangilik. Lekin men mintaqamizda ro‘y berayotgan to‘qnashuvlarga Rossiya-Ukraina urushi sabab hududda yuzaga kelgan kuch bo‘shlig‘i sabab deb bilaman», — degan ekspert.

Armaniston mudofaa vazirligi 14 sentabrda Armaniston-Ozarboyjon chegarasida jangovar harakatlar qayta boshlanganini ma’lum qildi. Ozarboyjon kuchlarining hujumi, xususan, Jyermuk va Verin Shorji yo‘nalishida bo‘lgan. Ozarboyjon kuchlari artilleriya, minomyotlar va hujumchi dronlardan foydalangan.

Tomonlar nihoyat Rossiya vositachiligida o‘ch ochishni to‘xtatish to‘g‘risida kelishuvga erishgan.

Rossiyaning harakatsizligi

Ozarboyjonlik harbiy tahlilchi Azad Isazoda Armanistonning «provokatsiyalari» borasida o‘z mamlakati rahbariyatining pozitsiyasini himoya qilmoqda.

KAREN MINASYAN/AFP VIA GETTY IMAGES

«Har ikki tomon tinchlik shartnomasini tuzishga yaqinlasharkan, biz hali yana shunga o‘xshash noxush vaziyatlarga duch kelamiz», — degan u o‘tgan oyda yuz bergan to‘qnashuvlarni eslatib.

«Biz bilishimiz kerakki, qarama-qarshiliklar katta ehtimol bilan butun qish va kelgusi yilning boshida ham davom etishi mumkin hamda Ozarboyjon armiyasi doimiy shay holatda», — deya qo‘shimcha qilgan Isazoda.

Ozarboyjon tomonidan Armaniston hududi o‘qqa tutgani haqidagi savolga javoban Isazoda bunga yetarlicha dalillar ko‘rmayotganini aytgan: «Bunday ayblovlar isboti bilan bo‘lishi kerak va hozirgi zamonaviy dunyoda voqealarni videoga olish uchun hammaning cho‘ntagida telefon bor. Va agar bunday dalillar bizga taqdim qilinsa, biz nima bo‘lgani, kim va nima uchun buni qilganini muhokama qilishimiz mumkin».

Tarmoqda Armanistonning Jyeremuk kurort shahrida portlash ovozlari eshitilayotgani tasvirlangan video allaqachon paydo bo‘lgan.

Qorabog‘ mojarosi tarixi bo‘yicha mutaxassis Orif Yunus Ozarboyjon qulay fursatdan foydalanib, zarba berayotganiga ishonchi komil. U mintaqadagi vaziyat keskinlashuvini yaqinda Bryusselda bo‘lib o‘tgan Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan va Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev uchrashuvidagi muvaffaqiyatsizlik bilan bog‘lagan. Mutaxassisning ta’kidlashicha, Ozarboyjon Armanistondan Boku qo‘ygan besh qoidaning bajarilishini talab qilmoqda.

Ushbu besh qoida quyidagilardan iborat:

  • suverenitetni, hududiy yaxlitlikni o‘zaro tan olish;
  • bir-biriga hududiy da’volari yo‘qligini tasdiqlash;
  • tahdid va kuch ishlatishdan voz kechish;
  • davlat chegaralarini delimitatsiya va demarkatsiya qilish;
  • transport kommunikatsiyalarini ochish.

«Pashinyan bu talablarni qabul qilib bo‘lmaydigan deb atadi. Qorabog‘ masalasi ochiq qolmoqda va bu hududiy yaxlitlik emas, balki inson huquqlari masalasi ham», — deydi tarixchi. Uning fikricha, aynan shu omil Aliyevning g‘azabiga sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

«Ozarboyjon dunyo hozirda Ukrainadagi urush bilan bandligi va Armaniston armiyasi kuchsizligidan foydalanib, zarba berishi aniq edi», — deya qo‘shimcha qilgan Orif Yunus.

Foto: KAREN MINASYAN/AFP VIA GETTY IMAGES

Rossiya Armaniston va Ozarboyjon o‘rtasidagi asosiy vositachi hisoblanadi. 2020 yilgi urushdan so‘ng Moskva mintaqadagi xavfsizlikning asosiy kafolatiga aylandi — Rossiya tinchlikparvar kuchlari Tog‘li Qorabog‘dagi mojaro zonasiga kiritildi va ular hali ham shu yerda.

Armaniston chegaradagi vaziyat yuzasidan allaqachon Rossiya, KHShTga a’zo davlatlar va BMT Xavfsizlik kengashiga murojaat qildi. Armaniston Moskvadan mamlakatlar o‘rtasidagi «Do‘stlik, hamkorlik va o‘zaro yordam shartnomasi»ni faollashtirishni so‘radi.

«Biroq Rossiya hozir Ukrainadagi voqealar bilan band. Yana bir mojaro yoki ular aytganidek, «ikkinchi front» ochilishi Rossiya uchun noqulay. Natijada biz Rossiyaning harakatsizligini ko‘rmoqdamiz. Agar ilgari bir-ikki qo‘ng‘iroq bilan mojaro hal qilingan bo‘lsa, hozirda Rossiya bir necha oydan beri davom etayotgan harbiy harakatlarni to‘xtata olmayapti. Shunday qilib, Rossiyaning Ukrainada bandligi bu yerdagi vaziyatni jiddiy o‘zgartirdi», — deydi Janubiy Kavkaz masalalari bo‘yicha Xalqaro inqiroz guruhining katta ilmiy xodimi Olesya Vartanyan.

Foto: KAREN MINASYAN/AFP VIA GETTY IMAGES

«Ammo Ukrainaga bostirib kirishdan oldin ham Moskva Ozarboyjon va Armaniston o‘rtasidagi mojaroga faol aralashishni istamagan. Armaniston va Ozarboyjon o‘rtasidagi vositachi maqomi Rossiya uchun muhim. Ammo so‘nggi oylarda Ozarboyjonning Moskva uchun ahamiyati sezilarli darajada oshdi», — deya qayd etgan Tigran Grigoryan.

Bir necha kun avval Bokuda Rossiya va Ozarboyjon vakillari «Shimol – Janub» xalqaro transport yo‘lagini rivojlantirish bo‘yicha deklaratsiya imzoladi.

«Bu Rossiya uchun juda muhim transport yo‘nalishi, va u Ozarboyjon hududidan ham o‘tadi. Boku Moskvaga transport infratuzilmasini diversifikatsiya (yangilash, o‘zgartirish) qilish va Yevropa eksportiga qaramlikni kamaytirishga yordam berishi mumkin. Ozarboyjonning Rossiya uchun ahamiyati ortishi Moskvaning ushbu mojaroga faol aralashuvini amalda imkonsizga aylantiradi. Kremlda Ozarboyjonni qandaydir tarzda jilovlash istagi ham, imkoni ham yo‘q. Biz Ukrainadagi vaziyat qandayligi, Rossiyaning u yerdagi muvaffaqiyatsizliklarini ko‘rib turibmiz. Va tushunarliki, Janubiy Kavkaz hozirda Moskva uchun ustuvor ahamiyatga ega emas».

Bufer zona uchun kurash ketmoqdami?

Mintaqadagi so‘nggi yirik urush tugaganidan bir yarim yil o‘tib, hududda na tinchlik hukm surmoqda va na urush ketmoqda. Mahalliy to‘qnashuvlar muntazam ravishda yuz berib turadi va to‘qnashuvlarni boshlashda asosan Ozarboyjon ayblanadi. Boku mart oyida hatto mojaro zonasidagi yana bir aholi punkti va balandlikni o‘z nazoratiga oldi.

2022 yil 1 sentabrida rossiyalik tinchlikparvar kuchlar va arman aholisi Lochin yo‘lagi atrofidagi manzillarni tark etgandi.
RESUL REHIMOV/ANADOLU AGENCY VIA GETTY IMAGES

Iyul oyi oxirida Qorabog‘dagi vaziyat yanada murakkablashdi.

Dastlab tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasi rasmiylari ozarboyjonliklar o‘zaro to‘qnashuv chizig‘ini kesib o‘tishga urinayotganini ma’lum qildi. Keyinroq Rossiya tinchlikparvar kuchlari Ozarboyjon tomoni «o‘t ochishni to‘xtatish rejimini uch marta buzgani» haqida xabar berdi. Shundan so‘ng tomonlar bir-birini o‘qqa tutishda ayblay boshladi.

BBC nashri bilan suhbatlashgan ekspertlarning qayd etishicha, Ilhom Aliyev katta ehtimol bilan shu yo‘l orqali Yerevanni bahsli masalalarni imkon qadar tezroq hal qilishga majbur qilmoqchi.

Ekspert Olesya Vartanyanning fikricha, Ozarboyjon uchun so‘nggi oylardagi to‘qnashuvlardan maqsad bir qancha strategik tog‘ cho‘qqilarini egallash bo‘lgan va bu amalga oshirilgan.

Foto: RESUL REHIMOV/ANADOLU AGENCY VIA GETTY IMAGES

«Harbiy ekspertlarning ta’kidlashicha, hozirda Tog‘li Qorabog‘ va Rossiya tinchlikparvar kuchlari joylashgan yerlar deyarli to‘liq Ozarboyjon harbiylari nazoratida. Shunday ekan, Ozarboyjon harbiylari tinchlikparvar kuchlar joylashgan bu hudud ichida nimalar bo‘layotganini ko‘rishi mumkin.

Bundan tashqari, Qorabog‘ vakillari o‘zlarini qurshovda his qilmoqda va ular Ozarboyjon o‘z pozitsiyalarini mustahkamlab, kelajakda qandaydir harbiy to‘qnashuv sodir bo‘lsa, yangi hududlarni osonroq egallashga harakat qilyapti deya hisoblamoqda», — deydi Tigran Vartanyan.

Yozda Lochin yo‘lagi asosiy bahsli masala bo‘ldi. Ushbu olti kilometrlik tog‘ yo‘li 2020 yilgi urush davrida Ozarboyjon nazorati ostiga o‘tdi, biroq Qorabog‘ uchun muhim ahamiyat kasb etishda davom etdi. Bu yo‘lak tan olinmagan respublikani Armaniston bilan bog‘lab turadi.

Avgust oyi oxirida Lochin yo‘lagi bo‘ylab harakatni tartibga soluvchi Rossiya tinchlikparvar kuchlari yo‘l nazoratini Ozarboyjonga topshirib, yangi pozitsiyalariga jo‘nab ketdi.

Armanistonlik siyosatshunos Tigran Grigoryan fikricha, endilikda asosiy masala Ozarboyjonni Armanistonning Syunik viloyati orqali Naxichevan avtonom respublikasi bilan bog‘lashi kerak bo‘lgan Zangezur yo‘lagi bo‘ladi. Yoz boshida Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev Zangezur yo‘lagi «allaqachon haqiqatga aylangani»ni e’lon qildi. Yerevan esa Ozarboyjonning g‘arbiy viloyatlaridan Armaniston hududi orqali Naxichevanga transport yo‘lagi ochish g‘oyasiga qarshi.

«Bundan tashqari, Armaniston va Ozarboyjon o‘rtasidagi tinchlik shartnomasi haqida ham gapirish mumkin. Endilikda keskinlashuv jarayonida yangi talqinlar paydo bo‘lmoqda. Masalan, Ozarboyjon mudofaa vazirligiga yaqin manbalar Armaniston va Ozarboyjon o‘rtasida qandaydir bufer zona yaratish zarurligi haqida gapirmoqda.

Ko‘rinib turibdiki, hozirda Ozarboyjon kuchli bosim yordamida muzokaralar stoli orqali erishib bo‘lmaydigan siyosiy maqsadlarni amalga oshirishga harakat qilmoqda», — degan ekspert.

Uning fikricha, bu vaziyatda yagona muhim omil G‘arb davlatlarining keskin munosabati bo‘lishi mumkin, garchi u rasmiy bo‘lmasa ham. 13 sentabr kuni AQSh Davlat kotibining Kavkaz bo‘yicha maslahatchisi Filipp Riker Bokuga qo‘ngani ma’lum bo‘ldi. YeI rahbarining Kavkaz masalalari bo‘yicha vakili Toyvu Klaar ham mintaqaga yo‘l olgan.

Mavzu
Ozarboyjon-Armaniston chegarasi yana notinch
13 sentabrga o‘tar kechasi Armaniston mudofaa vazirligi Ozarboyjon qurolli kuchlari tunda chegaradagi mamlakat qurolli kuchlari pozitsiyalari va aholi punktlarini o‘qqa tutgani haqida xabar berdi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top