15:17 / 19.09.2022
32835

Insofsiz taksichilar bilan kurashayotgan aeroportning o‘zi insoflimi?

O‘tgan hafta Toshkent xalqaro aeroporti o‘z taksi xizmatini ishga tushirdi. Undagi narxlar bozordagi boshqa takliflardan 2 barobar qimmat. Aeroportning Gentra'sidan foydalanish puliga mobil ilova orqali Malibu yoki Land Cruiser chaqirish mumkin.

Foto: Uzbekistan Airports

Toshkent xalqaro aeroportining uchib kelish terminalidan chiqishda norasmiy taksichilar yo‘lovchilarning yo‘lini to‘sib, ularni o‘z xizmatidan foydalanishga qo‘pol va madaniyatsiz tarzda undashi oddiy hol bo‘lib qolgan. Ular shahardagi yo‘lkira narxlaridan bexabar yo‘lovchilardan bir necha barobar ko‘p pul undirishi ham uchrab turadigan holat.

Uzbekistan Airports bu muammoni hal etish uchun 12 sentabrdan boshlab Toshkent xalqaro aeroportining o‘z rasmiy taksi xizmatini ishga tushirdi. Lekin undagi narxlar yuqoriligi e’tirozlarga sabab bo‘lyapti.

Aeroport taksisi qanchaga tushadi?

Toshkent aeroporti mijozlariga taksi xizmatini ko‘rsatish uchun “Bobur Diyor” kompaniyasi auksion orqali tanlab olingan. Taksi xizmatidan foydalanish tartibi quyidagicha:

  • yo‘lovchi uchib kelish zalida o‘rnatilgan peshtaxta oldiga kelib, manzilini aytadi;
  • menejyer tarif bo‘yicha kilometrni hisoblab chiqadi va to‘lash uchun summani aytadi;
  • agar yo‘lovchi narxga rozi bo‘lsa, to‘lov qiladi (naqd yoki bank kartasi orqali);
  • yo‘lovchiga manzili va to‘lagan summasi ko‘rsatilgan kvitansiya beriladi;
  • yo‘lovchi terminaldan chiqib, kvitansiyani ko‘rsatgan holda birinchi turgan taksiga o‘tiradi.
Foto: Uzbekistan Airports

Shuningdek, yo‘lovchi peshtaxtadagi menejyerga murojaat qilmasdan, to‘g‘ridan to‘g‘ri birinchi turgan mashinaga o‘tirib, taksi xizmatidan foydalanishi ham mumkin.

Mijozlar uchun “Komfort”, “Biznes”, “Lyuks” va “Premium” tariflari joriy etilgan.

Uzbekistan Airports narxnomani faqat rus tilida e’lon qildi. Kompaniya saytining o‘zbekcha talqiniga ham shu jadval joylangan. 

“Komfort” tarifida Nexia-3 avtomobiliga o‘tirish minimum 30 ming so‘m, Cobalt'da 35 ming, Gentra'da 40 ming so‘m turadi. Bu minimum narx 3 km masofaga eltib qo‘yishni o‘z ichiga oladi va 4-kilometrdan boshlab bosib o‘tilgan har 1 km uchun mashina rusumiga qarab 3 ming, 3,5 ming yoki 4 ming so‘m hisoblanadi.

Narxlar agregatorlardan 2 barobar qimmat

Aytaylik, yo‘lovchi aeroportdan Yunusobod tumanidagi Mega Planet savdo markazigacha bormoqchi.

Masofani hisoblash uchun eng optimal variant: Bobur – Furqat – Sebzor – Ahmad Donish ko‘chalari bilan yuriladigan marshrutni tanlab olamiz. Google xaritasining ko‘rsatishicha, marshrutning uzunligi – 14 km. Shunga ko‘ra, Mega Planet'gacha eltib qo‘yish narxi aeroport taksisining “Komfort” tarifida quyidagicha bo‘ladi:

  • Nexia-3 – 63 000 so‘m (11 * 3000 + 30000)
  • Cobalt – 73 500 so‘m (11 * 3500 + 35000)
  • Gentra – 84 000 so‘m (11 * 4000 + 40000)

Yuqoridagi narxlarni Yandex Go va MyTaxi taksi xizmatlaridagi aynan shu marshrut bo‘yicha narxlar bilan taqqoslasak:

  • Yandex Go: 30 500 so‘m
  • MyTaxi: 35 300 so‘m

Bu narxlar – Yandex Go va MyTaxi xizmatlarining “Komfort” tariflaridagi, qolaversa, buyurtmalar tig‘iz paytdagi narxlardir. Ma’lumot uchun, bu servislarda nisbatan arzonroq boshqa ikkitadan tariflar (“Start” va “Standart”; “Mini” va “Ekonom”) ham bor. Shuningdek, tig‘iz bo‘lmagan paytlarda narxlar yuqorida ko‘rsatilganidan arzonroq bo‘ladi (masalan, agar yo‘lovchi tungi reysda kelgan bo‘lsa).

Aeroport taksisi nega qimmat?

Uzbekistan Airports raisi Ra’no Jo‘rayevaning aytishicha, aeroport taklif qiladigan taksi narxi shahardagi taksiniki bilan bir xil bo‘lmasligini “tushunish kerak”, chunki u “benzinda yuradi, yuqori servisga ega bo‘ladi va faqat aeroportga xizmat ko‘rsatadi”.

“Biroq, shu bilan birga, biz yo‘lovchilarni tanlov huquqida cheklamaymiz. 100 metrdan keyin siz boshqa har qanday taksiga o‘tirishingiz mumkin”, dedi u.

Ra’no Jo‘rayeva ko‘rsatgan sabablar 2 barobar qimmat narx uchun asos bo‘lishi yoki bo‘lmasligi borasida har kim turlicha fikr bildirishi mumkin. Biroq ta’kidlash kerak, yuqorida misol qilib keltirilgan ikki servisda ham haydovchilarga “Komfort” tarifida xizmat ko‘rsatish uchun muayyan talablar qo‘yiladi.

Qolaversa, aeroport taksi xizmati orqali Gentra'da borish mumkin bo‘lgan pulga taksi agregatlari orqali Malibu, Land Cruiser yoki Mercedes-Benz E-class avtomobilini chaqirtirish mumkin. Yuqoridagi misol bo‘yicha (aeroport – Mega Planet):

  • Aeroportning o‘z taksisi (Gentra) – 84 000 so‘m;
  • Yandex Go Business (Malibu, Captiva, Epica) – 59 000 so‘m;
  • MyTaxi Business Plus (Malibu, Land Cruiser, Trailblazer, Equinox, Mercedes-Benz E-class) – 89 000 so‘m.

Masalaning lekini shundaki, terminal oldiga kirishga faqat aeroportning o‘z taksilariga ruxsat beriladi. Yo‘lovchi boshqa taksiga chiqmoqchi bo‘lsa, taxminan yuz metr yurib, avtoturargohga yoki yo‘l bo‘yiga borishi kerak. Uzoq yo‘ldan charchab kelgan, qo‘lida og‘ir yuklari bo‘lgan odamlar uchun bu xursandchilik emas albatta.

Nega faqat bitta kompaniya? Bir nechta kompaniya raqobat asosida o‘z narxlarini taklif qilsa bo‘lmasmidi?

Uzbekistan Airports davlat kompaniyasi ekanidan kelib chiqib aytish mumkinki, fuqarolar aeroport taksi xizmatlari uchun belgilangan narxlar qayerdan kelib chiqqanini bilishga haqli.

Iqtisodchi Otabek Bakirovning fikricha, avvalgi xaosga qarshi qat’iy choralar ko‘rish kerak edi, lekin bu xizmatni ko‘rsatish faqat bitta kompaniyaga berib qo‘yilganini Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi o‘rganib chiqishi kerak.

Uzbekistan Airports o‘tkazgan auksionda asosiy talab avtomashinalarning ishlab chiqarilganiga 3 yildan oshmagani va faqat benzinda harakatlanishi lozimligi qayd etilgan edi. “Bu talabga butun Toshkentda faqat bitta kompaniya javob bergan bo‘lishi mumkinligiga ishonish judayam qiyin”, – deya yozdi iqtisodchi.

Foto: Uzbekistan Airports

“Kuniga 12 ming, tig‘iz soatlarda 2400 yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatadigan aeroport uchun 100ta mashinasi mavjud yagona taksi kompaniyasi yetarli bo‘ladimi?” – deya savol qo‘ydi Otabek Bakirov.

Bu masalani Uzbekistan Airports bugun, 15 sentabr kuni chiqargan bayonotida tan oldi. “Vaqt o‘tib, yo‘lovchilar oqimi o‘sib borishi bilan, albatta, yana bir firmani va ehtimol taksi xizmatlarini ko‘rsatadigan bir nechta kompaniyalarni tanlash kerak bo‘ladi”, – deyiladi rasmiy axborotda.

Shu bilan birga, iqtisodchining quyidagi haqli savollari javobsiz qolmoqda:

  • Aksilmonopol qo‘mita holat yuzasidan o‘z munosabatini beradimi?
  • Auksionda kompaniyalar tariflar bo‘yicha raqobat savatiga solinganmi?
  • Buyurtmachi talablariga javob beradigan o‘zaro bog‘liq bo‘lmagan uchta, beshta kompaniya tanlab olinishiga nima yoki kim to‘siq bo‘lgan?
Top