11:19 / 17.10.2022
20283

Fuqaroni o‘ldirib so‘ng Jizzaxda mashinasi bilan yoqib yuborgan shaxslarga hukm o‘qildi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Jizzax shahar sudining hukmi bilan Samarqand shahrida yashovchi uch nafar shaxs Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi hamda 164-moddasi 3-qismi bilan aybdor deb topilgan va uzoq yillarga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlangan.

Foto: IIB axborot xizmati

Jizzax viloyati IIB axborot xizmatining xabar berishicha, 2021 yil 28 dekabr kuni soat 9:30 larda G‘allaorol tumani “Mirzabuloq” qishloq fuqarolar yig‘iniga qarashli Nayman qishlog‘ida yashovchi fuqaro shu hududdagi fermer xo‘jaligiga tegishli dala maydoni chetidagi zovur ichida yonib ketgan Spark mashinasini ko‘rib qolgan.

Fuqaro bu haqda ichki ishlar organlariga xabar bergan. Shundan so‘ng, voqea joyiga viloyat prokuraturasi va viloyat IIB xodimlaridan iborat tezkor guruh yetib borgan. Mashina ko‘zdan kechirilganda uning ichidan kuyib ketgan murda ham topilgan. Shuningdek, mashinaning davlat raqami ham bo‘lmagan.

Mashina kuzovining raqami orqali uning egasi tekshirib ko‘rilganda Spark Samarqand shahar Zarafshon mahallasida yashovchi shaxs ekani ma’lum bo‘lgan.

IIB xodimlari mashina egasining uyiga borib, uning yaqinlaridan ko‘rsatma olganda, ular yigitning bir kun avval uydan chiqib ketib, qaytib kelmaganini bildirishgan. O‘tkazilgan tibbiy ekspertizada kuyib ketgan jasad mashina egasiniki ekani aniqlangan.

Tezkor qidiruv harakatlari natijasida, Jomboy tumani “Beshsayid” MFYda yashovchi uch nafar shaxs marhumni giyohvand moddalar bilan ta’minlab kelgani aniqlangan va ular ushlangan.

Dastlabki tergov-surishtiruv davomida aniqlanishicha, marhum 28 dekabr kuni Jomboyga borgan. Giyohvand modda sotuvchilar qarzi borligi uchun unga giyohvand modda berishmagan. Shundan so‘ng marhum IIB xodimlariga borib xabar berishini aytganda giyohfurushlar uni o‘ldirishgan va G‘allaorolga olib borib yoqib yuborishgan.

Ma’lum qilinishicha, Jinoyat ishlari bo‘yicha Jizzax shahar sudining 2022 yil 14 iyundagi hukmi qotillik jinoyatiga qo‘l urgan 3 shaxs, Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi «i», «p» bandlari (javobgarlikni og‘irlashtiradigan holatlarda qasddan odam o‘ldirish — tamagirlik niyatida, bir guruh shaxslar yoki uyushgan guruh a’zosi tomonidan yoxud o‘sha guruh manfaatlarini ko‘zlagan holda), 164-moddasi 3-qismi «g» bandi (bosqinchilik — badanga og‘ir shikast yetkazgan holda sodir etish) va boshqa moddalar bilan aybli deb topilgan.

Ulardan, Akmal Abdullayevga uzil-kesil 20 yil, Yashin Vafoyevga 19 yil, Elmurod Qodirovga esa 16 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazolari tayinlangan.

Mavzuga oid
Top