19:48 / 29.10.2022
16602

Belarusda narxlarni oshirish taqiqlandi, «qoidabuzar»lar hibsga olinmoqda

Foto: Reuters

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko 6 oktyabrdan mamlakatda narxlarni oshirish taqiqlanishini ma’lum qilgandi. Shundan so‘ng, narxlarni tartibga solish to‘g‘risidagi qonun kuchga kirdi va narxlarni «asossiz» oshirgan tadbirkorlarni hibsga olish boshlandi.

Ayrim viloyatlarda tadbirkorlar ishini to‘xtatgani, ishchilar ishga chiqmayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Iqtisodchilar tez orada do‘konlarda mahsulot qolmay, iqtisodiyot jar yoqasiga kelishini aytmoqda.

Foto: Reuters

Hammasini davlat boshqaradi

Lukashenko hukumatning iqtisodiy bloki bilan 6 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda mamlakatda narxlarni oshirishni taqiqladi, shuningdek, chakana savdo nuqtalari yopilgan taqdirda mansabdor shaxslarga javobgarlik bilan tahdid qildi. Belarus vazirlar kengashi 19 oktyabr kuni narxlarni tartibga solishning yangi tizimi to‘g‘risidagi qarorni qabul qildi.

Yangiliklardan ko‘rinib turibdiki, endi ishlab chiqaruvchilar sotish narxlarini oshirishni davlat organlari, viloyat ijroiya qo‘mitalari va Minsk shahar ijroiya qo‘mitasi bilan muvofiqlashtirishlari kerak.

Import qiluvchilar va savdoga jalb qilinganlarga vositachilar sonidan qat’i nazar, maksimal ustama chegaralari belgilanadi. Barter operatsiyalarini ham davlat organlari bilan muvofiqlashtirish kerak. Bundan tashqari, Belarusda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni bozorga yetkazib berishda tovarlarni ilgari surish uchun bonuslar va boshqa mukofotlarni to‘lash taqiqlanadi.

Narx-navoni oshirgan tadbirkorlar hibsga olinmoqda

Bir kun ichida mustaqil Belarusning bir vaqtlar eng yirik qo‘shma korxonasi – Mogilevdagi «Sopoteks» yigiruv-to‘quv fabrikasi tugatilgani ma’lum bo‘ldi. Lukashenkoning narxlarni oshirishni taqiqlash haqidagi farmonini bajarmaslik oqibatlari ham ma’lum: «Dobronoma»ning ikki rahbariga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan, xususiy dorixonalar tarmog‘i direktori o‘rinbosari ham hibsga olingan.

Foto: «Sopoteks» rasmiy sayti

Belarus davlat nashrlari narx-navoni oshirganlik uchun hibsga olinganlar haqida deyarli yozmayapti. Bunday ma’lumotlarni mustaqil OAVlardan topish mumkin. Belarus Bosh prokuraturasi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning 15 oktyabr holatiga ko‘ra, narxlarni belgilashda qonunbuzarlik holatlari bo‘yicha mamlakatda 18 ta jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

ANT telekanalining davlat nazorat qo‘mitasiga tayanib ma’lum qilishicha, 18 oktyabrga kelib Belarusda ortiqcha pul undirganlik uchun 34ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hibsga olinganlar soni 20 nafarga yetgan. Ko‘pincha go‘sht, sut, non mahsulotlari va maishiy texnika narxlari oshirilishi aniqlangan.

Mogilyovda go‘sht mahsulotlarini maktablar va shifoxonalarga oshirilgan narxlarda sotgan tijorat kompaniyasi direktori qamalgan. Davlatga yetkazilgan zarar 18 ming rubldan ortiq baholanib, jinoiy ish ochilgan.

«Narxlarni nazorat qilishga oid qonun qabul qilingach, Davlat nazorati qo‘mitasi «savdo obektlarida narxlarni tekshirish» harakatlarini boshladi va qoidabuzarlarga jinoiy ish ochish bilan tahdid qildi. 

«Belarus-1» davlat kanali xabariga ko‘ra, 22 oktyabrga kelib Belarusda «narxlarni asossiz oshirgani» sabab qirqdan ortiq jinoiy ish qo‘zg‘atilgan va yana 16 kishi hibsga olingan. Inspektorlar mingdan ortiq savdo obektlarini tekshirgani aytildi.

Mamlakat bo‘ylab, barcha hududlarda tadbirkorlarga «ov» boshlandi. Masalan, Gomelda xususiy tadbirkorga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Rasmiylar fikriga ko‘ra, non mahsulotlari narxi yuqori darajada oshgan. Kobrin shahrida tadbirkor non, grechka va baliq narxini oshirgani uchun qo‘lga olinib, sud qilingan.

Hukumat belarusliklarni Markaziy qo‘mitaga narxlardan shikoyat qilishga chaqirishdi. Ikki hafta ichida maxsus telefon raqamiga 900 dan ortiq murojaat borib tushgan.

Shuningdek, mamlakatdagi yirik savdo tarmoqlaridan biri «Qo‘shnilar» do‘konlar tarmog‘ining top menejyerlari va asosiy benefetsiarlaridan biri narxlar oshishi sababli hibsga olingani ma’lum qilindi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 6 oktyabrdan 18 oktyabrgacha bo‘lgan davrda 65 dan ortiq tovarlar narxlari asossiz oshirilgan.

Aytilishicha, kompaniya mansabdor shaxslari tovarlarning chakana narxlarini oshirish taqiqlanganini bilaturib, narxlar o‘sishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilishini ta’minlamagan va natijada bosh direktorga nisbatan jinoiy ish ochilgan.

Bu do‘konlar tarmog‘i Belarus bo‘ylab 180 ta do‘konga ega va ularda 5000 dan ortiq odam ishlaydi.

Har kuni reydlar o‘tkazilmoqda

«Arshanska gazeta» nashri Orsha tumanida har kuni turli savdo do‘konlarida bir necha marta tekshiruv reydlari o‘tkazilayotgani, 200 ga yaqin obekt allaqachon tekshirilgani haqida yozdi. Nashr aksariyat hollarda qonunbuzarliklar aniqlanmaganini qayd etdi. Biroq sut mahsulotlari narxini past baholagani uchun xo‘jalik yurituvchi sub’yektlaridan biriga jinoiy ish ochilgan va tadbirkor davlatga yetkazilgan zarar 270 ming rubl deb topilgan. Tekshiruvdan so‘ng korxonaga jarima solindi, direktor va uning o‘rinbosari ishdan bo‘shatildi. 

 Do‘konlar yopilmoqda

27 oktyabrdagi xabarlarga ko‘ra, narxlar nazorati ortidan biznes egalari o‘z ishini to‘xtatdi va savdo do‘konlarini ochishmadi. Bu boradagi xabarlar jurnalistlarga turli shaharlardan – Lida, Mogilyov, Navopolatsk, Gomel, Brest, Grodno, Smargoni, Vitebsk, Dzerjinsk, Molodechno, Minsk, Pinsk, Kobrin va Baranavichiydan yetib kelgan.

«Nash Kray» gazetasiga ko‘ra, tadbirkorlar narxlash mexanizmini qo‘llash bo‘yicha aniq tushuntirishni kutib, ungacha ishni davom ettirishni xohlamasliklarini aytishmoqda.

Iqtisodchilar nima deydi?

Mustaqil OAVlar iqtisodchi va ekspertlar mamlakat iqtisodiyoti uchun halokatli qaror yuzasidan fikrlarini berishga intilmoqda.

Iqtisodchi Lev Margolin amaldorlarga narx oshirish holatlari yuzasidan xabar berish mas’uliyati yuklatilgani haqida gapirarkan, bu xuddi 1937 yilgi voqealarni eslatishini, ko‘proq «xalq dushmanlari» topilib, hibsga olinishini ta’kidlaydi.

«Yo narxlarni ko‘tarishning yangi chetlab o‘tish yo‘llari paydo bo‘ladi, yoki rasmiylar do‘konlarda hech vaqo qolmagach, narxlar hali ham o‘sishda davom etayotganini ko‘rib, bu kimningdir g‘arazli niyati emas, balki tabiiy hodisa ekanligini tushunadi», deydi iqtisodchi.

«Iqtisodiyotning bir qonuni borki, uni diktatorlar, Gosplan rahbarlari va tarafdorlari juda yomon ko‘radi. Bu – talab va taklif qonuni. Nima qilmasin, bu qonun shunchaki ularga bo‘ysunmaydi», deydi yana bir iqtisodchi Yaroslav Romanchuk. Uning fikricha, mamlakat iqtisodiyoti qizil chiziqqa yetib kelgan. Bu sanksiyalar va urush oqibatidir.

«Inflatsiyani tezlashtirmaslik uchun muomaladagi rubllar sonini kamaytirish kerak. Ammo agar muomaladagi rubl miqdori oshsa, unda bir xil miqdordagi tovarlar va xizmatlar narxlari ko‘tariladi. Bu talab va taklif qonuni. Belarus hukumati nima qilyapti? 2021 yil boshidan 2022 yil boshigacha bo‘lgan davrda muomaladagi naqd pul hajmi (M0) 35,2% ga, aktiv rubl pul massasi (M1) 39% ga oshdi. Bu pul tovarlar va xizmatlar narxiga bosim o‘tkazadi va tabiiyki, inflatsiya uni o‘zida aks ettiradi.

Mo‘jizalar sodir bo‘lmaydi. Iqtisodiyotga «bo‘sh» rubllarning kiritilishi fonida valuta, tovarlar va xizmatlar, xorijiy investitsiyalar, aholi daromadlari va xarajatlari bilan bog‘liq vaziyat muqarrar ravishda yuqori inflatsiya va devalvatsiyaga olib keladi», deydi iqtisodchi.

Iqtisodchi mamlakatning sanksiyalar ostida qolishiga kim aybdor degan savolni o‘rtaga tashlaydi. «Muammolarning asl sababi nimaligini o‘zingizdan so‘rang. Kim kulgili ravishda bozor qonunlarini mensimay, iqtisodni reja asosida ishlatmoqchi?» deydi u.

O‘zbekistonda narxlar nazorat qilinmaydi

28 oktyabr kuni Markaziy bankda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurodovdan Belarusdagi kabi siyosatga munosabati so‘raldi. Normurodov Belarusning narxlarni oshirmaslik siyosatiga munosabati salbiyligini ta’kidladi.

«Bunday yo‘l bilan hech narsaga erishib bo‘lmaydi. Prezidentimiz Markaziy bankka rahbar bo‘layotganimda bizga boshqariladigan narx-navo kerak emas, bozor belgilasin, bozordagi narx mo‘’tadil bo‘lishiga Markaziy bank qo‘lidan nima kelsa, ta’minlashingiz kerak, degandilar. Shu paytgacha mazkur vazifani bajaryapmiz. Iqtisodiy vaziyat yomonlashgan taqdirda ham Markaziy bankning qarashlari va fikri unaqa usuldan bormaydi», dedi Mamarizo Nurmurodov.

Shuningdek, qarang: iqtisodchi Behzod Hoshimov Kun.uz’ga bergan intervyusida davlatning bozorga o‘rinsiz aralashuvi jiddiy oqibatlarga olib kelishini Argentinadagi go‘sht sanoati misolida tushuntirib bergandi.

Mavzuga oid
Top