18:40 / 31.10.2022
8439

Fuqaro gematologiya shifoxonasi yonida bemorlar va ularning yaqinlari uchun vaqtinchalik bepul turarjoy tashkil qildi

Kun.uz muxbiri Abror Zohidov gematologiya shifoxonasi yonida bemorlar va ularning yaqinlari uchun vaqtinchalik bepul turarjoy tashkil qildi. Bu haqda u o‘zining Facebook sahifasida e’lon qildi.

“Toshkentga kelganimdan buyon shifoxonaga kelganlar, ayniqsa, gematologiya markaziga bemor keltirib, majburlikdan darvoza tagida yotganlarga bir boshpana qursam, degan orzu bilan yashardim. Bugun shu orzuning kichik qismiga erishdik. Yaqin ukamiz bilan bir loyihani amalga oshirdik.

Chilonzorda yashayman va gematologiya shifoxonasi yonidan ko‘p o‘taman. Yozin-qishin uning darvozasi tagida bolasi haqida bir og‘iz xabarga mahtal, qayerdan bo‘lsa ham dori-darmon yetkazib kelishga tayyor ota-onalar bo‘lishadi. Mashinasi bori mashinasida, yo‘qlari shunday yer ustida yotishadi. Haftalab ko‘chada yotganlarni bilaman. Imkon borida uyga olib ketardik, yuvinib, bir piyola choy ichib qaytishardi.

Kun.uz'ga ishga o‘tganimdan keyin xayriyalar bilan ham shug‘ullana boshladim va muammoning naqadar chuqur ekanligini ko‘proq anglab yetdim.

Ana shunday muhtojlar uchun bepul boshpana, karvonsaroy-mehmonxona qurish orzumiz bor edi. Bu orzu hanuz bor, faqat uning debochasi bugun tayyor bo‘ldi. Shifoxona ro‘parasidan ixchamgina xonadon sotib oldik va ta’mirlab, jihozladik. Hozir unda 3 ona-bolani yoki kutayotgan 5-6 kishini birvarakayiga qabul qilish imkoniyati bor.

Barchasi bepul!” – deb yozadi u.

Turarjoy bilan birga oziq-ovqatlar ham bepul bo‘lishi rejalashtirilgan. Shuningdek, bu vaqtinchalik boshpanada o‘rtacha 5-7 kun yashash imkoniyati beriladi va bir nechta talablarga rioya qilish kerak bo‘ladi:

“1. Xonadonda faqat shifoxonaga kelganlar doimiy boshpana topguncha yashab turishlari mumkin. Shu bois o‘rtacha 5-7 kun yashash imkoniyati beriladi. Shundan so‘ng joyni boshqalarga bo‘shatib berish lozim. Bu talabni to‘g‘ri tushuninglar, bemorlar shifoxonada 6 oy, 1 yillab davolanishadi. Bir kishiga uzoq vaqtga berib qo‘yib, boshqalarni mosuvo qilish durust emas. O‘zi bunday bemori borlarga Toshkentga kelgandan keyin eng qiyin payt – o‘sha dastlabki 5-7 kun. Zarur hujjatlar so‘raladi, malol kelmasin;

2. Nafaqat tunash, balki imkonimiz qadar bepul yeguliklar bilan ta’minlash niyatidamiz. Faqat u yerda yashayotganlar ko‘chada kutayotganlarga ham kelib ovqat tayyorlab olishlariga imkon berishlari zarur. Shuningdek, xonadon toza-ozoda saqlanishiga mas’ul belgilanadi;

3. Bemorlarning qimmatbaho dori-darmonlari saqlanishi uchun alohida qulflanadigan shkafchalar o‘rnatilgan. Kimningdir nimasidir yo‘qolishi, aralashib ketishining oldini olish yashovchilar zimmasida bo‘ladi.

Karvonsaroy-mehmonxonada turish istagida bo‘lganlar @Abror_Zohidov Telegram-manzili orqali bog‘lanishlari, bemorlar va ularning yaqinlariga yordam berish, taom keltirish istagida bo‘lganlar bevosita xonadonga kelishlari mumkin”, deyiladi e’londa.

Top