22:54 / 01.12.2022
19347

Tashkilotchilar JCh-2026 formatini o‘zgartirish haqida o‘ylamoqda 

Muqobil rejaga ko‘ra, 48 ta jamoa ishtirok etadigan turnirda uchta ishtirokchidan iborat 16 ta guruh emas, balki to‘rtta ishtirokchidan iborat 12 ta guruh tashkil etilishi mumkin. 

Foto: Eduardo Muñoz/Reuters

2026 yilda AQSh, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tadigan jahon chempionati 48 ta jamoa ishtirokidagi ilk turnir bo‘ladi. 

Jahon chempionati tashkilotchilari 48 ta jamoani uchta ishtirokchidan iborat 16 ta guruhga ajratishni rejalashtirgan edi. Biroq, endi to‘rtta ishtirokchidan iborat 12 ta guruhga ajratish masalasi muhokama qilinmoqda. Agar reja amalga oshsa, Jahon chempionati 104 ta o‘yindan iborat bo‘ladi, hozirda o‘yinlar soni 64 taga teng. 

Hozircha hech qanday qaror qabul qilinmagan va manfaatdor tomonlar kelgusi oylarda chempionat formatini yana bir bor muhokama qilishi kutilmoqda. Har qanday qaror 2023 yilda qabul qilinishi kerak. 

Ekspertlar fikriga ko‘ra, agar turnir ko‘proq o‘yinlarni o‘tkazish evaziga yana bir necha kunga uzaytirilsa, na FIFA, na yirik homiylar e’tiroz bildirmaydi. Ular chipta sotish va boshqa imtiyozlar orqali katta qo‘shimcha daromad olishi mumkin. 

Biroq, bunday qaror klublar va futbolchilar kasaba uyushmalarini ziddiyatga olib kelishi mumkin, chunki taqvim tobora tig‘iz bo‘lib borayotgan sharoitda, top-jamoalar yettita emas, balki sakkizta o‘yin o‘tkazishi kerak bo‘ladi. 

Uchta ishtirokchidan iborat guruh formati jiddiy kamchiliklarga ega ekani hozirdanoq tan olinmoqda. Masalan, bu so‘nggi o‘yindagi norasmiy kelishuvlarga olib kelishi mumkin. Aytaylik, har ikkala jamoa to‘plar nisbati bo‘yicha pley-offga chiqish uchun durangga muhtoj bo‘lsa.  

Nima bo‘lishidan qat’i nazar, jahon chempionati o‘yinlari soni ortadi. Turnir 1998 yilda 32 ta jamoaga o‘tganidan beri 64 ta o‘yindan iborat. 2026 yilga borib, uni 48 ta jamoaga ko‘paytirish kamida 80 ta o‘yinga olib keladi. 

 

Top