O‘zbekiston milliy jamoasi to‘g‘ridan to‘g‘ri jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritishi uchun 18 ochko kifoya qildi. Ochkolar soni yana oshishi va hatto guruhda Eronni quvib o‘tib birinchi o‘ringa ham chiqib olish mumkin. Keling voqealar rivojida shoshmaylik-da, mazkur yo‘llanmani qo‘lga kiritishda hissa qo‘shgan futbolchilar, hal qiluvchi so‘nggi bosqichda kimlar va qanday ishtirok etgani haqida to‘xtalsak.

Eng yaxshi va barqaror: O‘tkir Yusupov

So‘nggi bosqichdagi barcha uchrashuvlarda to‘liq ishtirok etgan yagona futbolchimiz – darvozabon O‘tkir Yusupovdir. U 9 uchrashuvdan 6 tasida o‘z darvozasi daxlsizligini saqlay olgani, uch o‘yinda rasman «eng yaxshi futbolchi» deb topilgani, Shimoliy Koreyaga qarshi ikki uchrashuvda penalti qaytarib, qimmatli ochkolarni olib kelgani tahsinga sazovor. O‘tkir shuningdek, 9 turdan 3 tasida Osiyo ramziy jamoasiga kiritildi. Undan tashqari, vakillarimizdan tur ramziy jamoasiga ikki marta Abbosbek Fayzullayev va bir marta Otabek Shukurov kiritilgan.

O‘tkir Yusupov butun Osiyo saralashini e’tiborga olsak ham, so‘nggi bosqichda seyvlar nisbati bo‘yicha faqat Yaponiya posboni Zion Suzukidan ortda qoldi xolos. 90 daqiqada o‘rtacha qutqarishlar soni bo‘yicha esa Yusupov Osiyoda eng yaxshi – o‘rtacha 3,3 ta seyv.  

Barcha uchrashuvlarda boshlang‘ich tarkibdan joy olgan ikkinchi futbolchimiz Odil Hamrobekovdir. O‘tkirdan farqli ravishda Odil Eron va BAAga qarshi kechgan oxirgi o‘yinlarning 86-daqiqasida almashtirilgan.

Eldor Shomurodov, Otabek Shukurov va Jaloliddin Masharipov jarohat tufayli bittadan o‘yinni o‘tkazib yuborishiga to‘g‘ri keldi.

Yana ikki futbolchi so‘nggi bosqichning barcha o‘yinida qatnashgan – Fayzullayev va Alijonov. Faqat ikkisi ham ba’zi o‘yinlarni ilk daqiqalardan boshlamay, zaxiradan tushirilgan.

Eng sermahsul futbolchi: Abbosbek Fayzullayev, 4 gol va 1 assist

Yuqorida tilga olingandek, Fayzullayev ham ikki marta tur ramziy jamoasidan joy oldi. U so‘nggi bosqichda eng ko‘p – 4 marta raqib darvozasini ishg‘ol qildi. Qolgan 7 gol 7 futbolchi nomiga yozilgan. Abbosbekning ayniqsa Shimoliy Koreya darvozasiga urgan g‘alaba goli va Eronda ochko keltirgan jarima zarbasi yakunda juda ahamiyatli bo‘lib chiqdi. Afsuski, Qatarda urilgan ikki chiroyli gol besamar ketdi, aks holda mundial masalasi mart oyidayoq hal qilinishi mumkin edi.