18:55 / 03.12.2022
9820
Toshkentda O‘zbekiston-Buyuk Britaniya Savdo va sanoat kengashining navbatdagi sessiyasi o‘tkazildi
Foto: Buyuk Britaniya elchixonasi matbuot xizmati

30 noyabr kuni Toshkentda O‘zbekiston-Buyuk Britaniya Savdo va sanoat kengashining (UBTIC) 26-sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur sessiya Buyuk Britaniya va O‘zbekistonning hukumat vakillari va biznes rahbarlarini aloqa o‘rnatish va ikki tomonlama savdo munosabatlarini muhokama qilish uchun birlashtiradi.

Forum 1994 yilda Buyuk Britaniya va O‘zbekiston hukumatlari tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, ikki tomonlama savdo va investitsiyalarni oshirish imkoniyatlarini muhokama qilish uchun har yili o‘tkaziladi. Bu yili ushbu tadbir pandemiya bilan bog‘liq uzilishdan keyin Toshkent shahrida jonli formatda bo‘lib o‘tdi.

 

uyuk Britaniyaning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha savdo komissari Kenan Poleoning aytishicha, ikki davlat savdo aloqalari ikki barobarga oshgan:

Foto: Buyuk Britaniya elchixonasi matbuot xizmati

“Munosabatlarimizning muvaffaqiyatini 2021 yil noyabrda O‘zbekiston bilan imtiyozli savdo shartnomasini imzolaganimizdan keyin, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ikki tomonlama savdo hajmi 128 foizga o‘sgani namoyon qiladi. Shu bois, men mamlakatlarimiz orasidagi iqtisodiy aloqalarning kelajakda yanada o‘sishiga ishonaman.

Bugun men juda xursandman, chunki ushbu tadbirimizda moliyaviy va professional xizmatlar, shuningdek, infratuzilma va qurilish, ta’lim sohasida ish olib boradigan korxonalar bor. Ular birgalikda yangi loyihalar, xizmatlar, dunyo bozori uchun yangi mahsulotlar ishlab chiqish uchun qanday hamkorlik qilish imkoniyatlarini o‘rganib chiqmoqchilar. O‘ylashimcha bular juda muhim sohalar”.

Shuningdek, Buyuk Britaniya xalqaro savdo departamenti bosh direktori Endryu Mitchel yurtimizda olib borilayotgan iqtisodiy islohotlar ularni qiziqtirayotganini aytdi:

 ““Mamlakatlarimiz orasidagi masofa uzoq, lekin munosabatlar kuchli va o‘sib bormoqda. Biz bundan juda mamnunmiz, chunki o‘zaro savdo hajmi yil davomida ikki baravar oshdi. Shuning uchun bizni savdo aloqalarimizni rivojlantirish istagi birlashtiradi deb o‘ylayman. Bizning katta rejalarimiz bor. Biz bugun O‘zbekiston boshlagan islohotlar dasturi bu yerda faoliyat yuritayotgan Britaniya korxonalari uchun sharoitlarni yaxshilashiga ishonamiz. Biz savdoning ikkala yo‘nalishda ham o‘sib borishini xohlaymiz. Bizni chindan ham birlashtiradigan narsa bu aloqalarimizni rivojlantirish istagi”.

Foto: Buyuk Britaniya elchixonasi matbuot xizmati

Sessiyada Buyuk Britaniyaning 100ga yaqin yetakchi kompaniyalari, moliya institutlari, hukumat vakillari ishtirok etishdi. Ikki davlat savdo va sanoat sohasi vakillari uchta yo‘nalishda alohida panellarda o‘zaro fikr almashishdi, muzokaralar olib borildi va shartnomalar imzolandi.

Tadbir dasturi moliyaviy va professional xizmatlar, infratuzilma va qurilish, ta’lim va Buyuk Britaniya Umumiy imtiyozlar tizimining Kengaytirilgan sxemasi (GSP) bo‘yicha to‘rtta yo‘nalishdagi sessiyalarni o‘z ichiga oladi. Ushbu sessiyalarda O‘zbekistonning xususiylashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli dasturi, ayrim yirik korxonalarning IPO rejalari, yirik davlat-xususiy sheriklik va infratuzilma loyihalari, ta’lim sohasida hamkorlik imkoniyatlari hamda kengroq ma’noda O‘zbekistonning biznes muhiti muhokama qilinadi.

Foto: Buyuk Britaniya elchixonasi matbuot xizmati

“O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar bugun ijobiy dinamikaga erishmoqda. So‘nggi yillarda yurtimizda Buyuk Britaniya kapitali ishtirokidagi korxonalar soni 338taga yetgan. Shundan 215tasi qo‘shma korxonalar va 123tasi to‘liq Britaniya kapitaliga ega. Mamlakatimizda yaratilgan qulay investitsiyaviy muhit tufayli bu kompaniyalar qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat, tog‘-kon sanoati, farmatsevtika, to‘qimachilik va kimyo sanoati sohalarida o‘z faoliyatini amalga oshirmoqda”, - deya ta’kidladi Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri o‘rinbosari Badriddin Obidov.

Buyuk Britaniya elchixonasi matbuot xizmati Ⓣ

Top