17:07 / 07.12.2022
21371

Qarshida piyodalar yo‘lakchasidan o‘tayotgan qizchani urib yuborgan Cobalt hodisa joyidan qochib ketdi

Hodisa oqibatida jabrlanuvchi og‘ir tan jarohatlari olib, shifoxonaning jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan.

Qarshi shahridagi Nasaf ko‘chasida joylashgan piyodalar yo‘lakchasidan o‘tayotgan voyaga yetmagan qizni Cobalt urib yuborgan. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, 2022 yil 5 dekabr kuni soat 20:00 da Qarshi shahridagi Nasaf ko‘chasida piyodalar o‘tish yo‘lagidan o‘tayotgan, Qarshi shahar 6-mitti tumanida yashovchi, voyaga yetmagan X.D.ni oq rangda bo‘lgan Cobalt mashinasi urib yuborgan.

Mashina davlat raqamisiz bo‘lgan va haydovchi hayoti va sog‘lig‘i xavf ostida qolgan jabrlanuvchiga yordam ko‘rsatmasdan hodisa joyidan qochib ketgan.

Hodisa oqibatida jabrlanuvchi og‘ir tan jarohatlari olib, shifoxonaning jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan.

Mazkur holat yuzasidan Qarshi shahar IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 1-qismi va 117-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda holat yuzasidan viloyat miqyosida qochib ketgan mashinani qidirib topish bo‘yicha ishlar tashkillashtirilgan.

«Hurmatli fuqarolar! Agarda Sizda yuqoridagi YTH bilan bog‘liq ma’lumot bo‘lsa, ichki ishlar organlarining 102 qisqa telefon raqamiga yoki yaqin oradagi ichki ishlar bo‘limlariga xabar berishlaringiz so‘raladi», deyiladi IIB xabarida.

Mavzuga oid
Top