22:05 / 09.12.2022
49852
Putin Qozog‘iston va O‘zbekiston bilan gaz bo‘yicha muzokaralarga izoh berdi 

Rossiya prezidenti bu barcha uchun foydali bo‘ladi deb hisoblamoqda. 

Foto: AP/TASS

Qozog‘iston va O‘zbekiston iqtisodiyotining gazga bo‘lgan talabi, ayniqsa, ushbu davlatlarning eksport majburiyatlarini hisobga olgan holda oshadi, shu bois bu davlatlar va Rossiya rahbariyati Rossiya gazini bu mamlakatlarga yetkazib berishni ko‘paytirish imkoniyatlarini muhokama qilmoqda. Bu haqda Rossiya prezidenti Vladimir Putin YeOII sammiti yakunlari bo‘yicha Bishkekda o‘tkazilgan matbuot anjumanida gapirdi. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, buni amalga oshirish va gaz yetkazib berish uchun gaz transporti infratuzilmasini modernizatsiya qilish va hatto yangi gaz quvurlarini barpo etish talab qilinishi mumkin. Shu jumladan, Rossiya hududida qiymati 260 milliard rubl bo‘lgan gaz transporti infratuzilmasini qurish kerak bo‘ladi. 

«YeOII mamlakatlari iqtisodiyoti o‘sib bormoqda va bundan keyin ham o‘sishda davom etadi. Bu energiya resurslarini iste’mol qilish hajmi oshadi degani. Hozir gaz yetishmayapti. Qozog‘iston va O‘zbekiston kabi gaz ishlab chiqaruvchi davlatlar esa kelajakka qaramoqda, kelgusi yillarda qancha gaz kerakligini hisoblab ko‘rmoqda va qo‘shimcha hajmlar kerak bo‘lishi haqida xulosa qilmoqda. Bularning barchasi imkoniyatlarimizni taqqoslashga, qo‘shimcha nima qilishimiz mumkinligini chamalashga majburlaydi. Ha, biz qila olamiz», dedi Rossiya prezidenti. 

Tomonlar gaz uzatish infratuzilmasini rivojlantirish sohasidagi ko‘plab masalalarni hal qilishi kerak. «O‘zaro kelishuvni, muvofiqlashtirishni, ba’zan murosani talab etadigan qarorlarni qabul qilishga to‘g‘ri kelishi mumkin. Bunday yechimlar topilishi aniq. Shu ma’noda, bu qandaydir energiya alyansi bo‘lishi mumkin», dedi Putin. 

Shuningdek, Rossiya prezidenti YeOII doirasidagi yagona gaz bozorini yaratishga tayyorgarlik ko‘rilayotganini ham eslatdi. «Ammo bizning YeOII davlatlari oldidagi majburiyatlarimiz ham bor. O‘zbekiston - hozircha kuzatuvchi. Lekin O‘zbekiston uchun ham bu albatta YeOII faoliyati bilan yaqindan tanishish va til topishish uchun sababdir. Bu yerda yengib o‘tilmaydigan birorta to‘siq yo‘q», deb qo‘shimcha qildi u. 

«Aytgancha, hamma tayyor. Va birgalikda ishlashni xohlashadi, hatto qo‘shma sarmoyalarga ham tayyor. Bu yaxshi, katta ish - kelajak uchun yaxshi istiqbolga ega. Bu ish boshlandi, yaxshi boshlandi. Ishonchim komilki, natijalar yaxshi bo‘ladi. Hozir Moskvaga hamkasblar kelishadi - Qozog‘iston, O‘zbekiston. Miller (Gazprom rahbari) ham u yerga boradi. Bosh vazir o‘rinbosarlari darajasida ish olib borilmoqda», - deb xulosa qildi Putin. 

Rossiya, Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasidagi «Uch tomonlama gaz bitimi» rejalari haqida birinchi marta Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev aytgan edi. Uning ta’kidlashicha, bu tashabbus Rossiya prezidenti tomonidan chiqqan. «Bugun Vladimir Vladimirovich o‘ziga xos uch tomonlama (gaz) ittifoqi tuzishimiz kerakligini aytdi. U shu mavzuda O‘zbekiston prezidentiga qo‘ng‘iroq qilmoqchi. Biz ham bu mavzuni chuqur o‘rganishimiz kerak», — degan edi To‘qayev. 

O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari, energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov «Uch tomonlama gaz bitimi» haqidagi savolga javoban, muzokaralar «Ittifoq emas, import shartnomasi orqali» gaz olish haqida ekanini aytdi. 

«Ma’lum hajmda (gaz) import qilishga ham ehtiyoj tug‘ilyapti. Shu ehtiyojni qondirish, masalani yechish maqsadida hozirgi kunda biz allaqanday alyans, ittifoq emas, qo‘shni davlatlardan o‘z ehtiyojimiz uchun zarur bo‘lgan tabiiy gaz va elektr energiyasini import qilish bo‘yicha muzokaralar olib borilyapti. Bunda milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda, o‘zimizning tarmoqlarni birovga berib yuborish yoki boshqa orqali emas, oldi-sotdi tijoriy shartnomalar asosida hamkorlik qilish bo‘yicha muzokaralar olib borilyapti», – dedi Mirzamahmudov. 

Shu bilan birga, «Uch tomonlama gaz bitimi» taklifi gazni siyosiy shartlarga almashtirishni nazarda tutmaydi, gap tijorat manfaatlarini muvofiqlashtirish haqida ketmoqda, degan edi Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov.

Mavzuga oid
Top