11:39 / 19.12.2022
5813

KXDR ayg‘oqchi sun’iy yo‘ldoshlarni sinovdan o‘tkazayotganini ma’lum qildi

Razvedkachi sun’iy yo‘ldoshni sinovdan o‘tkazishning yakuniy bosqichi yakunlandi, tasvirlar va axborot ma’lumotlarini uzatish imkoniyatlari tekshirildi, deb xabar berdi KMTA Shimoliy Koreya davlat axborot agentligi.

Foto: Yahoo

Shimoliy Koreya harbiy razvedka sun’iy yo‘ldoshini sinovdan o‘tkazishning yakuniy bosqichi yakunlanganini ma’lum qildi. Uning davomida tasvir va axborot ma’lumotlarini uzatish imkoniyatlari sinovdan o‘tkazildi, deb xabar qildi KMTA davlat axborot agentligi 18 dekabr, yakshanba kuni.

Ushbu ma’lumotlarga ko‘ra, sun’iy yo‘ldoshning o‘zi 2023 yilning aprelida to‘liq bitkazilishi kerak. Bundan tashqari, taxminan 500 km balandlikka ko‘tarilgan sinov sun’iy yo‘ldoshi bilan raketa tashuvchi uchirilgani haqida xabar berilgan - Shimoliy Koreya mutaxassislari kosmosda asboblarning ishlashini tekshirgan, shuningdek, sun’iy yo‘ldosh tasvirlarini sinovdan o‘tkazgan.

Bir kun avval Janubiy Koreya harbiylari Shimoliy Koreyadagi Koreya yarimorolining sharqiy sohilidan Yaponiya dengizi tomon ikkita ballistik raketa uchirilgani haqida xabar bergan edi. Taxminlarga ko‘ra, bunday turdagi raketalar yadroviy kallaklarni olib yurishi va Yaponiyadagi nishonlarni urish uchun yetarli masofani bosib o‘tishi mumkin.

O‘z navbatida, Yaponiya mudofaa vaziri o‘rinbosari Toshiro Ino Shimoliy Koreya tomonidan yangi uchirilgan ballistik raketalar Yaponiyaning maxsus iqtisodiy zonasi hududi tashqarisiga tushganini aytdi. Unga ko‘ra, ular taxminan 550 km balandlikda uchgan va kamida 250 km masofani bosib o‘tgan.

Shimoliy Koreya bu yil har qachongidan ham ko‘proq raketa uchirdi, deya qayd etadi Reuters: Pxenyan yil boshidan beri 50 dan ortiq raketa sinovlarini o‘tkazdi. Bundan tashqari, xalqaro izolyatsiyada bo‘lgan Shimoliy Koreyadagi rejim 2017 yildan beri ilk bor yana yadroviy sinovlar o‘tkazishi mumkinligi haqidagi xavotirlar kuchaymoqda.

Mavzuga oid
Top