Angrendagi IESlar bo‘yicha ishonchli boshqaruv bekor qilindi
Angren shahridagi ko‘p qavatli uylarda issiqlik ta’minoti bilan bog‘liq nosozliklar kuzatildi. Ushbu vaziyat fonida “Central Asia Energy” MChJga topshirib yuborilgan “Yangi Angren” va “Angren” IESlarning ishonchli boshqaruvi bekor qilinib, Energetika vazirligi ixtiyoriga qaytarilgan. Qozog‘istonda ro‘yxatdan o‘tgan kompaniya ishonchli boshqaruvi davrida IESlardagi tizim butunlay izdan chiqqani aytilmoqda.
3 yanvar kuni Kun.uzʼda Angren shahridagi ko‘p qavatli uylarda yashovchi aholi issiqlik ta’minotisiz kun o‘tkazayotgani haqida maqola e’lon qilingandi.
Shahar hokimiyatining ma’lum qilishicha, “Angren IES”ning 10-energoblokida jiddiy avariya holati yuzaga kelgani sababli tarmoqqa ulangan uylarga issiqlik yetib bormagan. “Issiqlik tizimi tiklanib, issiqlik energiyasi bosqichma-bosqich belgilangan me’yorda to‘liq uzatilmoqda”, – deyiladi rasmiy munosabatda.
Shuningdek, Angren “Issiqlik enegriyasi” DUK ma’muriyatining 2 yanvar holatiga bergan ma’lumotiga ko‘ra, markazlashgan issiqlik manbaidan (MIM) issiqlik energiyasini uzatish ko‘rsatkichlari belgilangan me’yorda amalga oshirilmoqda.
“Korxonada mavjud 21 ta nasos stansiyasi va MIMlar holati yaroqli. 2/2-sonli nasos stansiyasida elektr yuritgich “podshipnik”ning sinishi aniqlangan va zudlik bilan ta’mirlanib, muammo bartaraf etilgan”, – deyiladi xabarda.
Bundan tashqari, shahar hokimiyatining qo‘shimcha qilishicha, joriy yilning yanvar oyidan Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga asosan, "Angren IES" ishonchli boshqaruvdan qaytarib olingan.
Angren shahar prokurori Ulug‘bek Xabiljonovning Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish uchun o‘z vaqtida mablag‘ ajratilmaganligi ishonchli boshqaruvning bekor qilinishiga sabab bo‘lgan.
“Qozog‘istonliklarga tegishli kompaniya bu IESlarga umuman qaramay qo‘ydi. Ikki marta nosozlik kuzatildi. Kuz-qishga tayyorgarlik ko‘rish uchun 30 mlrd so‘m mablag‘ni ham kech ajratishgan. Shahar hokimi bilan birga yozdan beri bu bo‘yicha e’tiroz bildiramiz, yaqinda ham joyiga borib, shikoyat qilganimizdan keyin tuzatishga o‘tishdi.
Bu bo‘yicha bosh vazirgacha chiqildi, 2 yanvar kuni ikkala IES ham tashqi boshqaruvdan olinib, Energetika vazirligiga berildi. Yangi rahbar ham tayinlandi. O‘zimizga to‘liq o‘tganidan keyin pul ajratiladigan bo‘ldi, hozir nosozliklarni tuzatish uchun ishchi guruh jalb etilgan”, – deydi Ulug‘bek Xabiljonov.
Qolaversa, uning ta’kidlashicha, hozirda “Angren IES” AJda 3ta qozon bor, shundan bittasigina ishlayapti. Qolgan 2 tasi ishlamayapti.
“Bu yerda ayb “teploset”da ham emas, hamma ayb «GRES»da. Ularga: “nega nosozliklar tuzatilmayapti?” deyilsa, “teploset”ning 188 mlrd so‘m qarzi bor, deydi, “teploset”ga gapirilsa, “aholining 20 mlrd so‘m qarzi bor, to‘lamayapti”, deydi. Xullas, bosh vazirga murojaat qilinganidan keyin 4 kunda nosozliklar tuzatildi, hozir uylarga uzatilayotgan issiqlik harorati 60 darajaga chiqqan, iliq bo‘lib turibdi. Agar qolgan 2 ta qozon ham ishga tushsa, harorat 70-80 darajagacha ko‘tariladi”, – deya qo‘shimcha qildi u.
Ma’lumot uchun, avvalroq, yirik issiqlik stansiyalaridan ikkitasi – “Yangi Angren” IES va “Angren” IES “Central Asia Energy” MChJga ishonchli boshqaruvga topshirib yuborilgandi. Bu kompaniyaga Qozog‘istonda ro‘yxatdan o‘tgan “Gorniye raboti” egalik qiladi. Ikki o‘rtada qanday rasmiy va norasmiy majburiyatlar va kelishuvlar bo‘lgani haligacha noma’lum. Ammo Davlat aktivlarini boshqarish agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yilni “Angren IES” 87,6 mlrd so‘m, “Angren issiqlik energiyasi korxonasi” DUK 68,3 mlrd so‘m moliyaviy zarar bilan yakunlagan.
Mavzuga oid
09:34 / 11.12.2024
O‘zbekistonda 5 ta yangi IES ishga tushiriladi
12:50 / 21.10.2024
Kubada millionlab aholi IESdagi avariya tufayli elektrsiz qolmoqda
22:40 / 07.10.2024
Angrenda ko‘mir koni kengaytirilishi sabab uylari ko‘chgan yoki buzilgan aholiga 60 mlrd so‘mdan ortiq pul to‘lanadi
20:27 / 29.08.2024