17:28 / 07.01.2023
18833

Namanganda «Dok-1 Maks» preparatini qabul qilgan 3 yoshli bola vafot etdi

Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tumani Guliston mahallasida yashagan 3 yoshli bola 2022 yilning 21 dekabr kuni vafot etgan. Ma’lum bo‘lishicha, bolaga uy sharoitida «Dok-1 Maks» siropi berilgan.

Foto: KUN.UZ

Ijtimoiy tarmoqlarda Namangan viloyatida «Dok-1 Maks» siropidan iste’mol qilgan, Uchqo‘rg‘on tumanining Guliston mahallasida yashagan 3 yoshli o‘g‘il bola Q.B. vafot etgani haqida xabarlar tarqaldi.

Namangan viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Abdulxodi Iminovning UzA'ga bergan ma’lumotiga ko‘ra, vafot etgan bemor B.Q. shifoxonadan tashqari rivojlangan pnevmoniya, o‘tkir kechuvchi og‘ir formasi, hazm faoliyati funksional buzilishi va dispeptik holat, gipovolemiya og‘ir darajasi tashxisi bilan davolangan.

Bola 2022 yil 15 dekabrda tuman tibbiyot birlashmasiga olib kelingan paytda og‘ir holatda bo‘lgan. Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Namangan filiali tomonidan ko‘rsatilgan tibbiy yordam choralariga qaramasdan u 2022 yil 21 dekabr kuni vafot etgan. 

Ma’lum bo‘lishicha, bolaning onasi bemorga uy sharoitida shifokor ko‘rsatmasisiz «Dok-1 Maks» preparatidan ichirgan.

Eslatib o‘tamiz, «Dok-1 Maks» siropi bolalarga nojo‘ya ta’sir qilgani oqibatida O‘zbekiston bo‘ylab 19 nafar bola halok bo‘lgandi. Keyinroq sog‘liqni saqlash vazirligi «Quramax Medisal» kompaniyasining barcha dorilarini sotishni to‘xtatishga ko‘rsatma bergandi.

Top