13:29 / 27.01.2023
4983

Toshkentda bir yilda 136 kishi YTH oqibatida halok bo‘ldi

2022 yilning 12 oyi mobaynida poytaxtda 1200 ta yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan (2021 yilda - 1073 ta).  

Foto: Kun.uz

Poytaxt IIBB xabariga ko‘ra, hisobot davrida YTH oqibatida halok bo‘lganlar soni 136 nafarni tashkil etgan, 1463 nafari tan jarohati olgan.

Yo‘l-transport hodisalarining 32,5 foizini piyodalar ishtirokidagi baxtsiz hodisalar tashkil etadi. Bolalar ishtirokida 169 ta YTH sodir bo‘lgan, buning oqibatida 56 nafar voyaga yetmaganlar tan jarohati olgan, 17 nafari vafot etgan.

O‘tgan bir yil davomida haydovchilar tomonidan eng ko‘p qayd etilgan qoidabuzarlik tezlikni oshirish bo‘lgan - 370 ta holat. 

143 nafar haydovchi svetoforning taqiqlovchi ishorasiga o‘tgan. 8 ta baxtsiz hodisa avtomobil rulida o‘tirgan shaxslarning mast holatda bo‘lgani sababli sodir bo‘lgan. 73 ta YTH jiddiy oqibatlarga olib keldi.

Yanvar oyi o‘rtalaridan Toshkent shahrida Kichik halqa yo‘li doirasida ruxsat etilgan harakat tezligi 70 km/soatdan 60 km/soatgacha pasaytirildi. Urganch va Namanganda ham xuddi shunday cheklov butun shaharga, boshqa viloyatlarda ko‘cha va yo‘llarning ayrim qismlariga ham tegishli etib belgilandi.

Top