10:08 / 27.01.2023
48846

Yangi hokim «tozalash» o‘tkazmoqda. Ortiqxo‘jayevning yordamchisi ortidan 2 ta DUK rahbari ishdan olindi

Toshkent shahar hokimligida kadrlar almashinuvi boshlandi. Poytaxtning yangi rahbari so‘nggi 10 kunda 3 kishini ishdan oldi.

Foto: Kun.uz

Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi Baxtiyor Rahmonov muhim lavozimlardagi kadrlarni almashtirishni boshladi. Joriy haftada 2 ta davlat unitar korxonasi rahbari almashtirildi.

16 yanvar kuni, Jahongir Ortiqxo‘jayev ishdan olingan kunda, uning hokimligi davrida hokim yordamchisi lavozimida ishlab kelgan Muzaffar Abdurahmonov bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan edi.

23 yanvar kuni esa Baxtiyor Rahmonovning tegishli qarori bilan «Toshshaharnur» davlat unitar korxonasi rahbari Umidbek Rajabovning «o‘z xohishi bilan» ishdan bo‘shash to‘g‘risidagi arizasi qanoatlantirilgan. Uning o‘rnini Shomansur Ahmedov egallagan.

7 dekabr kuni Umidbek Rajabovga «o‘z vazifasiga mas’uliyat bilan yondashmagani» uchun hayfsan berilgandi.

Shuningdek, 25 yanvar kuni Toshkent shahar hokimligi qoshidagi «Yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyasi» davlat unitar korxonasi rahbari Rahmatillaxo‘ja Qo‘chqorov ishdan olingan. Qarorda u ham «o‘z hohishiga ko‘ra» lavozimdan ozod etilgani aytiladi. Qo‘chqorov o‘rniga Sobirjon Oripov tayinlangan.

Eslatib o‘tamiz, Jahongir Ortiqxo‘jayev qish mavsumiga lozim darajada tayyorgarlik ko‘rmagani uchun 16 yanvar kuni ishdan olinib, uning birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Rahmonov Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangandi.

Mavzuga oid
Top