16:52 / 29.01.2023
34242

Sovetlar yashirgan fojia: SSSRdagi eng ko‘p odam vafot etgan teploxod halokati

1983 yilda palubasida qariyb 450 kishi bo‘lgan teploxod tunda Volga daryosi ustiga qurilgan ko‘prikka uriladi va halokatga uchraydi. Oqibatda teploxodda bo‘lgan qariyb 200 kishi halok bo‘ladi, boshqalari bedarak yo‘qoladi. Yana ko‘plab insonlar tan jarohatlari oladi. O‘sha paytda bu halokat haqida hech qayerda xabar berilmaydi va u ommadan sir tutiladi. Keyinchalik, 1990-yillar boshida SSSR tarqab ketgach fojia tafsilotlari ochiqlanadi.

Tarix sahnida bor-yo‘g‘i 69 yil yashagan sovet ittifoqida barcha ishlar yolg‘on ustiga qurilgan edi. Mamlakat ichki va tashqi siyosatda boshqacha ish tutar, ommaga esa tamomila boshqa ma’lumotlar berilardi.

Masalan, 1980-yillarda sovet armiyasi Afg‘onistonda bosqinchilik urushini olib borar, shuningdek, Afrika va Osiyoning ayrim mamlakatlarida vaziyatni izdan chiqarib, qurolli qo‘zg‘olonlar tashkil etishda qatnashardi. Sovet matbuoti va televidaniyesi esa «SSSR eng tinchliksevar mamlakat» deb targ‘ibot olib borar edi.

Shuningdek, bu davlatda ko‘plab ishlar ommadan yashirilgan va sodir bo‘lgan aksariyat halokatlar odamlardan sir tutilgan.

1957 yilda Chelyabinsk viloyatida joylashgan radioaktiv moddalar ishlab chiqaruvchi zavodda sodir bo‘lgan halokat, 1961 yilda Gagarindan avval fazoga uchishga tayyorlangan kosmonavt Valentin Bandarenkoning fojiali o‘limi, 1960 yilda Boyqo‘ng‘irda qit’alararo ballistik raketaning parvoz oldidan portlab ketishi, 1986 yilda Chernobil AESda yuz bergan avariya shular jumlasidan.

Hatto ayrim fojialar haqida xorij matbuotida aniq faktlarga asoslangan xabar berilsa, u rad etilgan yoki halokatning ko‘lami juda kamaytirib ko‘rsatilgan.

1986 yilda Chernobil AESda sodir bo‘lgan halokatdan so‘ng havoga ko‘tarilgan radioaktiv moddalar G‘arbiy Yevropagacha yetib borgan. G‘arb matbuoti SSSRda yirik atom halokati sodir bo‘lgani haqida yozayotganida Moskva televideniyesi mamlakatga Chernobil AESda kichik nosozlik ro‘y bergani, hodisa oqibatlari tezda bartaraf etilishi haqida xabar berayotgandi

SSSRda sodir bo‘lgan ko‘plab halokatlar sovet ittifoqi parchalanib ketishi arafasida yoki undan keyin oshkor bo‘ladi. Ungacha odamlar hech narsani bilmagan.

Turli halokatlarni yashirishdan maqsad bitta bo‘lgan: «Sovetlar mamlakatida hammasi zo‘r, odamlar baxtli va farovon yashayapti. Bu yerda odamlarning bavaqt o‘limiga sabab bo‘ladigan halokatlar sodir bo‘lmaydi».

1983 yilda Ulyanovsk shahri yaqinida sayohatchilarni olib yurgan «Aleksandr Suvorov» teploxodi halokatga uchraydi. Hodisa oqibatida ko‘plab insonlar halok bo‘ladi, bedarak yo‘qoladi va tan jarohatlari oladi.

Mazkur halokat SSSRda eng ko‘p odam halok bo‘lgan hodisa hisoblanib, uning tafsilotlari ham ommadan yashirilgan.

Halokatdan oldingi vaziyat

«Aleksandr Suvorov» teploxodi 1981 yilda Chexoslovakiyada qurib bitkazilgan. 1982 yilda SSSR tomonidan Volga-Don daryolarida sayyohlikni rivojlantirish maqsadida sotib olingan.

«Aleksandr Suvorov» SSSRdagi eng hashamatli teploxodlardan biri edi. Unda sayohat qiluvchilar uchun barcha qulayliklar yaratilgan, kinoteatr, raqs maydonchasi, palubasida hatto hovuzi ham bo‘lgan. Shuningdek, har bir kayuta alohida yuvinish xonasi va hojatxona bilan jihozlangan.

Bu teploxod Qora dengizdan Volga-Don kanali orqali Volga daryosiga o‘tgan va shimolga qarab harakatlanib, sayohatchilarni Moskvagacha olib borib, so‘ng ortga qaytgan.

Teploxodning uzunligi 135,8 metr, eni 16,8 metr balandligi 5 qavat bo‘lgan va unga 336 nafar sayyoh joylasha olgan.

Qora dengiz bo‘yidan Moskvagacha sayohat qilib kelish narxi 450 rubl (o‘sha paytdagi kurs bo‘yicha 500 dollardan oshiqroq) bo‘lgan. Yirik zavodlarning kasaba uyushmalari teploxod egalik qiladigan korxonaga pul o‘tkazishgan va ilg‘or ishchilarni sayohatga yuborishgan.

Teploxod yangi va undagi sharoitlar zo‘r bo‘lgani sababli sayohat qilishga talab juda yuqori bo‘lgan va «Aleksandr Suvorov»da sayohat qilishni xohlovchilar navbat kutishgan.

Foto: sea-man.org

Halokat

1983 yil may oyining oxirroqlarida teploxod Qora dengiz bo‘yidagi Rostov-Don shahridan Moskvaga qarab yo‘lga chiqadi. O‘shanda unda ekipaj a’zolari bilan birga 438 kishi bor edi.

5 iyun kuni soat 21:40 larda teploxod Ulyanovsk shahri yaqinida suzayotgandi. Shu joyda Volga daryosi ustiga qurilgan uzunligi 2 km bo‘lgan ko‘prik bor edi.

O‘sha paytda «Aleksandr Suvorov»ni boshqargan ekipaj a’zosi tajribasizlik va e’tiborsizlik qiladi. Teploxod ko‘prik ostiga uning kema o‘tkazishga mo‘ljallangan eng baland joyidan emas, balki daryo chetrog‘idagi past joyidan kirib boradi.

Teploxodning tumshuq qismi ko‘prik ostidan o‘tadi va boshqaruv qismi joylashgan yuqori qavati ko‘prik ostiga sig‘may unga zarb bilan uriladi.

Jami og‘irligi 3,3 ming tonna bo‘lgan teploxod urilganda ko‘prikka va undagi temiryo‘l jiddiy shikastlanadi. O‘sha paytda ko‘prik ustiga tarkibida 53 ta vagon bo‘lgan yuk poyezdi yaqinlashayotgan edi. Undagi vagonlarga ko‘mir, bug‘doy, benzin va boshqa yuklar ortilgan edi.

Yuk poyezdi ko‘prik ustiga kelganda shikastlangan temiryo‘l izidan chiqib ketadi. Bug‘doy ortilgan vagonlar ko‘prikning himoya tayanch ustunlarini uzib yuborib, kema ustiga qulay boshlaydi. Oqibatda teploxodda bo‘lgan ko‘plab odamlar halok bo‘ladi. Tirik qolganlarning aksariyati qo‘rquvdan o‘zini suvga otadi.

Qutqaruvchilar yetib kelganda holat juda ayanchli edi. O‘ndan oshiq vagonlar teploxodni tepasidan bosib tushib uni majaqlab tashlagan. Hammayoq halok bo‘lgan va tan jarohati olgan odamlar bilan to‘lib toshgandi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, o‘shanda 170 nafar yo‘lovchi, 6 nafar ekipaj a’zosi halok bo‘lgan. 49 kishi turli darajada tan jarohatlari olgan. Norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra 200 nafardan oshiq odam halok bo‘lgan, 100 nafardan oshiq odam tan jarohatlari olgan, yana bir qancha odam bedarak yo‘qolgan.

Ma’lumotlardagi tafovutlarga sabab shuki, o‘shanda 336 o‘rinli teploxodda me’yordan oshiq, qariyb 400 nafar yo‘lovchi bo‘lgan.

Prokuratura va temiryo‘l mutasaddilari teploxodga oshiqcha odam chiqarilganini yashirish uchun tirik qolganlarning sonini aniqlab, qolganlarni halok bo‘lganlar ro‘yxatiga qo‘shgan. Aslida esa oshiqcha chiqarilgan odamlar hisobidan qurbonlar soni ancha ko‘p bo‘lgan.

Hodisa yuzasidan o‘tkazilgan surishtiruvlarda aniqlanishicha, halokat sodir bo‘lgan kuni teploxodda ekipaj a’zolari va sayyohlarga xizmat ko‘rsatuvchilarning yaqinlari bo‘lgan.

Foto: pikabu.ru

Keyinchalik aniqlanishicha, halokat sodir bo‘lgan paytda sayohatchilarning aksariyati teploxodning eng yuqori qavatidagi kinoteatrda, qolganlar palubadagi tomosha maydonchasida bo‘lishgan.

Vagonlar qulab tushganda ularni bosib qolgan. Shu ham qurbonlar sonining ortib ketishiga sabab bo‘lgan. O‘z kayutasida bo‘lganlar tirik qolgan.

Hodisa oqibatlarini bartaraf etish

Halokat sodir bo‘lgandan so‘ng zudlik bilan qutqaruvchilar, tez yordam mashinalari yetib keladi. Biroq holat o‘ta ayanchli bo‘lgani uchun halokat oqibatlarini bartaraf etish ancha kuch va vaqt talab qilishi oydinlashadi.

Shundan so‘ng hodisa joyiga suvga sho‘ng‘uvchilar, harbiylar, kommunal xizmat xodimlari, yo‘lsozlar va ruhshunoslar chaqiriladi. Bundan tashqari, halokat sodir bo‘lgan joy yaqinida joylashgan yirik zavod ishchilari va maxsus texnikalari yordamga jalb qilinadi.

Eng avval tirik qolganlar evakuatsiya qilinadi. So‘ng jasadlar yig‘ishtirib olinadi. Ulyanovskdagi shifoxonalar tan jarohati olganlar va o‘liklarga to‘lib ketadi.

Tirik qolganlar evaukatsiya qilinayotganda bir muddat qirg‘oqda va daryoda bo‘lgan jasadlar qarovsiz qoladi. O‘sha paytda ularni tunash uchun atrofni kafando‘z o‘g‘rilar bosib ketadi. Ular jasadlardan qimmatbaho taqinchoqlarni, kiyimlarni yechib olishadi.

Shundan so‘ng teploxod ustiga qulagan va daryoga tushib ketgan vagonlarni sohilga chiqara boshlashadi. Ko‘prikda osilib qolgan vagonlar orasida benzin ortilgan sisterna-vagon ham bo‘lgan. Avval uning ichidagi benzin ehtiyotkorlik bilan bo‘shatib olinadi, so‘ng o‘zi sostavdan uzib sohilga chiqariladi.

Nosoz holga kelgan ko‘prik ustidagi yuk vagonlari ham asta-sekinlik bilan ortga va oldinga tortib chiqariladi. Shu tariqa halokat oqibatlarini bartaraf etish besh kun davom etadi.

Foto: pikabu.ru

Hodisa yuzasidan taftishlar

Hodisa sodir bo‘lgandan so‘ng prokuratura jinoyat ishi qo‘zg‘atadi va halokat sabablarini o‘rgana boshlaydi. Surishtiruv natijalariga ko‘ra, kapitan Kleymanov, uning katta yordamchisi shturman Ye.Mitenkov va halokat paytida teploxod boshqaruvida bo‘lgan Uvarov aybdor deb topiladi. Mitenkov va Uvarov o‘sha kuni halok bo‘lgan, Kleymanov tirik qolgan edi.

Halokat sodir bo‘lishidan oldin Mitenkov boshqaruvda bo‘lishi kerak bo‘lgan holda kayutasiga kirib dam oladi va boshqaruv tajribasiz Uvarovga qolib ketadi.

Oqibatda Uvarov yo‘nalishni to‘g‘ri ololmay teploxod ko‘prikning ostidan o‘tishda belgilangan joydan emas, boshqa joyidan harakatlanadi.

O‘sha kuni ko‘prikdagi chiroq ham o‘chib qolgan va Ushakovning adashishiga va halokat sodir bo‘lishiga shu ham sabab bo‘ladi.

Teploxod kapitani Kleymanov halokat sodir bo‘lgan paytda o‘z kayutasida bo‘lgan. Kema zarb bilan ko‘prikka urilganda kapitan suvga tushib ketadi va tirik qoladi. Prokuratura unga qarshi RSFSR Jinoyat kodeksining 85-moddasi (Transport harakati xavfsizligi va transportdan foydalanish qoidalarini buzish) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atadi.

Kleymanov daryo floti vazirligining kemalarda xizmat ko‘rsatish nizomini muntazam buzib kelganlikda, halokat sodir bo‘lganda odamlarni qutqarish paytida o‘zini chetga olganlikda ayblanadi.

Kapitan o‘z yordamchisi Mitenkovning xizmat vazifalarini bajarishi ustidan yetarlicha nazorat o‘rnatilmagani bo‘yicha o‘z aybini tan oladi. Odamlarni qutqarishda qatnashmaganini o‘zi ham jarohat olgani va shifokorlar unga zudlik bilan shifoxonaga borishni tavsiya qilgani bilan oqlaydi.

Ammo o‘tkazilgan sud-tibbiy ekspertizasi Kleymanov yolg‘on gapirganini va o‘sha kuni u jiddiy tan jarohatlari olmaganini ma’lum qiladi. Guvohlar esa kapitan hodisa sodir bo‘lgan zahoti emas, oradan bir necha soat o‘tib tibbiy yordamga murojaat qilganini aytishadi.

Shu tariqa kapitan aybdor deb topiladi va sud Kleymanovga 10 yil qamoq jazosi beradi. U olti yil qamoqda o‘tirgach sog‘ligidagi muammolar tufayli ozod qilinadi va 1990 yilda yurak xurujidan vafot etadi.

Foto: pikabu.ru

Keyinchalik Kleymanovning qizi otasini nohaq ayblashganini aytib chiqadi. Uning so‘zlariga ko‘ra halokatdan so‘ng otasini qamab qo‘yishadi. Tezda partiya safidan o‘chirib, sud qarori bilan ularning kvartirasidagi buyumlarni ham tortib olishadi.

«Oilamiz o‘rtahol bo‘lgan va biz ota-onamning maoshi hisobiga yashaganmiz. Esimda, dadamga qamoqdan tashqari yetkazilgan ziyon uchun 6 ming rubl to‘lash jazosi berilgandi. Sud qarorida 6 ming rubl uy jihozlarimizni musodara qilish evaziga qoplanishi nazarda tutilgandi. O‘shanda jihozlarni olib ketish uchun kelgan davlat ijrochilari uyimizda aytarli hech narsa yo‘qligini va oddiy sharoitda yashab kelganimizni ko‘rib hayron qolishgan edi», deb eslagandi kapitanning qizi.

Halokatni yashirish

Halokat sodir bo‘lganning ertasiga, 6 iyun kuni hodisa joyiga Moskvadan hukumat komissiyasi yetib keladi. Unga o‘sha paytda SSSR ministrlar soveti raisi o‘rinbosari lavozimida ishlab turgan Haydar Aliyev (Sobiq Ozarboyjon prezidenti) boshchilik qilgan.

Hukumat komissiyasi yetib kelgach Ulyanovsk shahri butunlay yopib olinadi. Shaharga faqat teploxodda bo‘lganlarning yaqin qarindoshlari kiritiladi. Hodisa yuz bergan joy ham o‘rab olinadi va hech kim yaqinlashtirilmaydi.

Haydar Aliyev 1980-yillar
Foto: baku-media.ru

Televideniye va matbuotda halokat haqida hech qanday xabar berilmaydi. Halokat sodir bo‘lgan kuni teploxodda dam olayotgan sayyohlarning asosiy qismi Rostov viloyatida joylashgan yirik ko‘mir koni ishchilari va ularning oila a’zolari bo‘lgan. Tirik qolganlarga va vafot etganlarning yaqinlariga hodisa haqida hech kimga hech narsa demaslik uqtiriladi.

Keyinchalik, SSSR tarqab ketishi arafasida halokat tafsilotlari matbuotda oshkor qilinadi. Omma 1983 yilda Volga daryosida sodir bo‘lgan halokatda 200 kishi halok bo‘lganini, boshqalar tan jarohatlari olib nogiron bo‘lib qolganini bilishadi.

Teploxodning keyingi taqdiri

Halokatda «Aleksandr Suvorov» teploxodining o‘zak qismiga shikast yetmagan, asosan yuqori qavatlari vayron bo‘lgandi. Hodisadan so‘ng teploxod bir yilcha usti o‘rab qo‘yilgan holda turadi.

1984 yilda uni «Voljskoye paroxodstvo» korxonasiga berib yuborishadi. Korxona teploxodni ta’mirlab yana safga qaytaradi.  O‘shandan buyon «Aleksandr Suvorov» yana sayohatchilarga xizmat qilmoqda.

Keyinchalik, 2008 yilda teploxod yana bir marta halokatga uchraydi. Bu safar hech kim jarohat olmaydi, kema yengil shikastlanadi. Hozirgi kunda teploxod Nijniy Novgorod – Sankt-Peterburg yo‘nalishida qatnovlarni amalga oshirmoqda.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid
Top