20:13 / 03.02.2023
82202

Telefonidan diniy qo‘shiq topilgan 21 yoshli yigit 5 yilga qamaldi

21 yoshli Sardor Rahmonqulov 3 yil oldin sinfdoshiga Telegram orqali diniy qo‘shiq (nashida) yuborgan. Material 2022 yil 5 iyunda fuqaroning uyida IIB xodimlari o‘tkazgan tintuv paytida aniqlangan. Tergov vaqtida 6 oydan ko‘proq qamoqda o‘tirgan Rahmonqulovga 30 yanvarda sud hukmi o‘qildi. Yoshlar ishlari agentligi direktori, senator Alisher Sa’dullayev holatni o‘rganib, unga yordam berishini bildirgan.

Sardor Rahmonqulov / Foto: Facebook

2023 yil 30 yanvar kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Olmazor tuman sudi 21 yoshli Sardor Rahmonqulovni diniy nashidani o‘z sinfdoshiga yuborgani uchun 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qildi.

Birinchi instansiya sudining hukmida yozilishicha, fuqaro o‘zining mobil telefonidagi Telegram ilovasida bot orqali yuklab olgan diniy nashidani 2020 yil noyabr oyida sinfdoshiga yuborgan. 2022 yil 5 iyun kuni fuqaroning uyida tintuv o‘tkazgan IIB xodimlari rasmiylashtirib olgan mobil qurilmada ushbu nashida topilgan.

Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning 2022 yil 18 iyuldagi xulosasiga ko‘ra, bu diniy qo‘shiq aqidaparastlik g‘oyasi bilan yo‘g‘rilgan; uni O‘zbekistonga olib kirish, tayyorlash va tarqatish taqiqlangan.

Sardor Rahmonqulovga nisbatan 2022 yil 21 iyulda qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llangan hamda fuqaro 6 oydan ko‘proq muddatda (tergov jarayonida) qamoqda saqlangan.

Sud hujjatida yozilishicha, 30 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan sud jarayonida fuqaro o‘z aybiga qisman iqror bo‘lgan va yengillik so‘ragan.

Sudya Z.Nuriddinov Sardor Rahmonqulovni Jinoyat kodeksining 244-1-moddasi 3-qismi «g» bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etgan deb topib, 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlagan.

Ayblanuvchining onasi S.Saidaliyevaning BBC O‘zbek xizmatiga ma’lum qilishicha, o‘g‘li sudda tergov jarayonida o‘ziga qiynoqlar qo‘llanganini aytgan. Onaning so‘zlariga ko‘ra, sudya bu da’volarni e’tiborga olmagan.

Toshkent shahar sudlari matbuot xizmati bergan bayonotda esa sudlanuvchi sud majlisida dastlabki tergov jarayonida qiynoqqa solingani haqida ko‘rsatma bermagani va vajlar keltirmagani aytiladi.

Rahmonqulov qamoqqa olingunga qadar SMM menejyer bo‘lib ishlagan; Toshkent davlat texnika universitetida 4-kurs talabasi bo‘lgan.

Yosh yigitning bitta diniy qo‘shiq uchun 5 yilga qamalishi ijtimoiy tarmoqlarda keng noroziliklarga sabab bo‘ldi. Yoshlar ishlari agentligi direktori, senator Alisher Sa’dullayev qo‘l ostidagilarga holatni o‘rganishni topshirdi.

«Agar ijobiy xulosa bo‘lsa va kechikmagan bo‘lsak, albatta yordam beramiz», – deya izoh qoldirgan Sa’dullayev holat haqida yozilgan postlardan biriga.

Kun.uz avvalroq Toshkent tumanida 20 yoshli do‘kon sotuvchisi taqiqlangan ekanini bilmagan holda internetdan diniy material yuklab olib, o‘rtog‘iga yuborgani uchun 6 yilga qamalgani haqida yozgandi. Keyinroq viloyat sudi birinchi instansiya sudining hukmini o‘zgartirib, ozodlikdan mahrum qilish muddatini 3,5 yilga qisqartirdi.

Mavzuga oid
Top