18:29 / 17.02.2023
7304

Poytaxtdagi 3 ta tuman hokimi intizomiy jazoga tortildi

Mirzo Ulug‘bek, Uchtepa va Yunusobod tumanlari hokimlariga qishga tayyorgarlik ko‘rmagani uchun “hayfsan” berilgan. 

Foto: iStock

Toshkent shahri hokimi vazifasini bajaruvchi Baxtiyor Rahmonovning joriy yil 16 fevraldagi farmoyishi bilan Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi Shavkatbek Ergashev, Uchtepa tumani hokimi Farhod Abdullayev hamda Yunusobod tumani hokimi Bahodir Abduvaliyevga intizomiy jazo qo‘llandi.

Hujjatda ta’kidlanishicha, mazkur hokimlarga “hayfsan” hududda qishga tayyorgarlik ko‘rmagani va uni betalafot o‘tkazish bo‘yicha zarur chora-tadbirlarni amalga oshirmagani, mahallalarga chiqib, aholi bilan muloqot hamda tushuntirish ishlarini olib bormagani uchun berilgan.   

Shavkat Mirziyoyev 16 yanvar kuni energiya ta’minoti masalalariga bag‘ishlab o‘tkazgan yig‘ilishida Yunusobod, Mirzo Ulug‘bek va Uchtepa tumanlarida bir kunda yuzga yaqin avariya bo‘lganini ta’kidlab o‘tgandi. Shuningdek, o‘shanda  Yunusobod tumani hokimi Abduvaliyev, Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi Ergashev hamda Uchtepa tumani hokimi Abdullayevga oxirgi marta hayfsan berilishi aytib o‘tilgandi.

Top