16:00 / 18.02.2023
18955

Xarkivdagi kundalik hayot va Donbassdagi jangchilar. Urush suratlari

Ukrainada urushning 359-kuni o‘tdi. Asosiy ma’lumotlar:

  • Ukraina vitse-premeri Irina Vereshchuk Baxmut aholisini zudlik bilan shaharni tark etishga chaqirdi.
  • Volodimir Zelenskiy videoaloqa orqali xavfsizlik masalalari bo‘yicha Myunxen konferensiyasida chiqish qildi. U Ukrainani Dovudga, Rossiyani — Goliafga tenglashtirgan.
  • Ukrainada sud Anton Krasovskiyni genotsid va hokimiyatni zo‘rlik bilan ag‘darishga chaqiriqlar uchun sirtdan besh yil qamoq jazosiga hukm qildi.
  • Yevgeniy Prigojin «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi jangchilari Donetsk oblastidagi Paraskoviyevka qishlog‘ini egallaganini ma’lum qildi. Ukraina hukumati bu ma’lumot bo‘yicha izoh bermadi.
  • The Insider, Le Monde va Bellingcat surishtiruviga ko‘ra, Rossiyadagi «Ashan» insonparvarlik yordami niqobi ostida Ukrainadagi Rossiya armiyasi uchun mahsulotlar yuborgan. Surishtiruvda aytilishicha, «Ashan» harbiy komissariatlarga o‘z xodimlari to‘g‘risida ham ma’lumotlar yig‘ib bergan. Safarbarlik e’lon qilinganidan keyin xodimlarga ish joyida chaqiruv qog‘ozlari topshirilgan. «Ashan» vakillari Rossiya armiyasi ta’minoti bilan shug‘ullanganini rad etdi.

 Kun kadri. Buchada dafn etilgan ukrain harbiysi qabri

Qabristonning oskolkalardan ilma-teshik bo‘lgan devoridagi dafn guldastasi. Kiyev oblastining Bucha shahri 2022 yil mart oyi oxirida, Rossiya qo‘shini bu yerdan chekinganida butun dunyoga mashhur bo‘lib ketgandi. Rossiyaliklar o‘zidan kunpayakun qilingan shahar va uning ko‘chalarida o‘ldirilgan tinch aholi vakillarining o‘nlab jasadlarini qoldirgandi. Ukraina hukumati ma’lumotlariga ko‘ra, bir oy davom etgan Rossiya istilosi vaqtida Buchada tinch aholi vakillaridan 458 kishi halok bo‘lgan (shundan to‘qqiz nafari bolalar), ularning aksari o‘qotar quroldan yetkazilgan jarohat va qiynoqlar oqibatida jon bergan.
Emilio Morenatti / AP / Scanpix / LETA

Xarkiv oblastidagi hayot tarzi

Xarkiv oblastining bir qismi keng ko‘lamli bosqinning ilk kunlarida bosib olingandi. 2022 yil kuzida Ukraina qarshi hujumga o‘tdi va regiondagi shahar va qishloqlarning aksarini qaytarib oldi.

«Rossiya armiyasi besh oydan ortiqroq vaqt davomida Xarkiv oblastida bo‘lib turdi. Va bu vaqtda okkupantlar odamlar uchun nimadir qilishga urinmadi ham, faqat yakson etishdi, tortib olishdi va olib ketishdi», — degandi Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Ukraina armiyasining sentabr oyi o‘rtalaridagi muvaffaqiyatli yurishi to‘g‘risida gapirib.

Xarkiv oblastidan chekingan rossiyalik harbiylar hududdagi shahar va qishloqlarni o‘qqa tutishni to‘xtatgani yo‘q. Quyida ushbu hududlarda yashayotgan odamlar hayoti suratlarda. 

Ukraina favqulodda xizmatlari xodimlari Xarkivda xizmat mashinasiga rossiyaliklarning S-300 tizimi raketasi qoldiqlarini yuklamoqda
Vadim Ghirda / AP / Scanpix / LETA
Xarkiv aholisi vakillari ko‘ngillilar tarqatayotgan non uchun navbatda
Vadim Ghirda / AP / Scanpix / LETA
Xarkivdagi hovlilardan biridagi manzara
Vadim Ghirda / AP / Scanpix / LETA
Staryy Saltov posyolkasi (Xarkivdan 40 kilometr, Rossiya bilan chegaradan 20 kilometr masofada) aholisi vakili Shimoliy Donni vaqtincha ko‘prik orqali kesib o‘tmoqda, asosiy ko‘prik janglar vaqtida vayron bo‘lgan. Ukraina armiyasi Staryy Saltovni 2022 yil mayida ozod etgandi.
Vadim Ghirda / AP / Scanpix / LETA

Ukrain askarlarining Donbass shimolidagi pozitsiyasi

Qirol Daniil nomidagi 24-alohida mexanizatsiyalashgan brigada («Zapad» operativ qo‘mondonligi tarkibiga kiradi) jangchisi boshpanada dam olmoqda. Kadr Donetsk oblastidagi oldingi chiziqlardan birida olingan. Hududda Rossiya yurishi davom etmoqda — bu yurish allaqachon boshlanib ketgani haqida 16 fevral kuni Volodimir Zelenskiy ham aytib o‘tdi. U Ukraina qurolli kuchlari bu hujumlarni o‘zining qarshi hujumi boshlanguniga qadar to‘xtatib turishda davom etishini qayd etdi. Ammo buning uchun Ukrainaga g‘arbdan yanada ko‘proq qurollar yetkazib berilishi talab etiladi.
Oleg Petrasyuk / EPA / Scanpix / LETA
Ukrain harbiylarining Avdiyivka atrofidagi boshpanalaridan biri — Donetsk oblasti markaziy qismidagi bu shahar istilo ostidagi Donetsk bilan chegaradosh hisoblanadi. Avdiyivka 2014 yildan buyon Ukraina qurolli kuchlari nazorati ostida qolgan
Libkos / AP / Scanpix / LETA
Avdiyivka atrofidagi boshpanalardan biri
Libkos / AP / Scanpix / LETA
24-alohida mexanizatsiyalashgan brigada harbiysi dam olish vaqtida
Oleg Petrasyuk / EPA / Scanpix / LETA

Baxmut atrofidagi ukrainalik mergan 

Rossiyaning Baxmutga yurishi davom etmoqda. 17 fevral kuni «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi yollanma jangchilari shahar chegaralaridan shimolroqdagi Paraskoviyevka posyolkasini egallagan, Ukraina qurolli kuchlari ta’minot yo‘llaridan biri shu hudud orqali o‘tardi. Paraskoviyevka egallangani haqida Yevgeniy Prigojinning matbuot xizmati xabar qilgan. Ukraina tomoni bu ma’lumotga munosabat bildirmadi.
Yevhen Titov / Reuters / Scanpix / LETA
Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top