18:22 / 27.02.2023
33610

Ohangaronda prokuratura tergovchisi 9 ming dollar pora bilan qo‘lga tushdi

Toshkent viloyati Ohangaron shahar prokuraturasi tergovchisi 9 ming dollar pora olayotganda qo‘lga tushdi. Bu haqda Kun.uz manbasi xabar bermoqda.

Foto: KUN.UZ

Manbaga ko‘ra, gumondor porani shahar prokuraturasi binosini qo‘riqlovchi Milliy gvardiya xodimi orqali olayotgan vaqtda ushlangan.

Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, 26 fevral kuni huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan.

«Tadbirda Ohangaron shahar prokuraturasi binosini qo‘riqlash xizmatini olib boruvchi qorovul prokuratura tergovchisining ish yurituvida bo‘lgan jinoyat ishi doirasida tergovga jalb qilingan fuqaro E.dan jinoyat ishini yengillashtirib, ijobiy hal qilib berish evaziga 9.000 AQSh dollarini olgan vaqtida ushlangan.

27 fevral kuni Ohangaron shahar prokuraturasi tergovchisiga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi (Pora olish), qo‘riqlash xizmati qorovuliga nisbatan Jinoyat kodeksining 168 (Firibgarlik), 28-211-moddalari (Pora berishda - ishtirokchilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan», – deyiladi Bosh prokuratura axborotida.

Hozirda gumonlanuvchi shaxslar protsessual tartibda ushlangan va tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yil 1 noyabr kuni Toshkent viloyatining Piskent tumani prokurori yordamchisi ham 1500 dollar olayotgan vaqtida qo‘lga tushgan edi. Bosh prokuraturaga ko‘ra, Piskent prokuror yordamchisi sudda ko‘rilayotgan jinoyat ishi bo‘yicha sudya orqali sudlanuvchiga yengil jazo tayinlanishini va’da qilgan.

Top