22:26 / 02.03.2023
20982

 “IT bilan shug‘ullanishda davom etaman” - qamoqdan ozod etilgan Sardor Rahmonqulov

3 yil avval do‘stiga diniy nashida yuborgani uchun 5 yilga qamalgan Sardor Rahmonqulovga nisbatan jazo shartliga o‘zgartirildi va u ozodlikka chiqdi. U apellyatsiya sudi ajrim o‘qigandan keyingi taassurotlarini Kun.uz muxbiri bilan bo‘lishdi.

“Hozir juda ham hayajondaman, taassurotlarimni qanday tasvirlab berishni ham bilmayman. Bizni qo‘llab turgan hammaga, prezidentga, odilona hukm chiqargan sudga rahmat aytmoqchiman. Kelgusida IT yo‘nalishidagi faoliyatimni davom ettiraman”, – dedi Sardor Rahmonqulov.

Uning onasi Saida Saydaliyeva ham jamoatchilik va prezident qo‘llab-quvvatlovidan minnatdor ekanini bildirdi.

“Juda ham hayajondaman, odil sudning bu qaroridan minnatdorman. O‘g‘lim unga prezident tomonidan berilgan bu imkoniyatni oqlaydi” deydi ona.

Eslatib o‘tamiz, 21 yoshli Sardor Rahmonqulov 3 yil oldin sinfdoshiga yuborgan diniy qo‘shiq (nashida) diniy qo‘mita xulosasiga ko‘ra, aqidaparastlik g‘oyasi bilan yo‘g‘rilgan deb topilgan edi. Tergov vaqtida 7 oydan ko‘proq qamoqda o‘tirgan Rahmonqulovga 2023 yil 30 yanvar kuni sud hukmi o‘qilib, u 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan edi.

Apellyatsiya instansiyasining ajrimiga muvofiq, Sardor Rahmonqulovga tayinlangan 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi shartli hukmga o‘zgartirilib, 2 yil sinov muddati belgilandi va u sud zalida ozod qilindi.

Mavzuga oid
Top