O‘zbekiston | 23:31 / 05.04.2023
11644
5 daqiqa o‘qiladi

Maktabgacha va maktab ta’limi uchun xalqaro tashkilotlardan 580 mln dollar olishga umid qilinmoqda

O‘zbekiston rasmiylari keyingi 3 yilda maktab ta’limi sifatini ko‘tarish uchun xalqaro tashkilotlar tomonidan 580 mln dollar ajratilishini kutmoqda. 2023-2026 yillar uchun tasdiqlangan maktabgacha va maktab ta’limini isloh qilish bo‘yicha yo‘l xaritasida 18 ta xalqaro tashkilot bilan hamkorlik qilish ko‘zda tutilgan.

Foto: Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi

5 aprel kuni maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova hamda bir qancha hamkor tashkilotlar bilan kelgusi 3 yil davomida bog‘cha va maktab ta’limida amalga oshiriladigan ishlar tasdiqlanib, yo‘l xaritasi imzolandi.

Vazirlikning Strategik rivojlantirish va xalqaro reytinglar boshqarmasi boshlig‘i Laziz Xo‘jaqulovning aytishicha, yo‘l xaritasi 3 oy davomida ishlab chiqilgan bo‘lib, bu jarayonda 42 ta tashkilotdan vakillar qatnashgan. Shuning 18 tasi – xalqaro tashkilotlar.

"Yo‘l xaritada belgilangan ishlar 5 ta yo‘nalishga bo‘lib olingan. Birinchi yo‘nalishimiz – maktablarni qayta qurish, ta’mirlash va uning infratuzilmasini yaxshilashdir.

Ikkinchisi – o‘qish va o‘qitish materiallari, bunda faqat darsliklar emas, o‘qituvchi uchun metodik qo‘llanmalar ishlab chiqilishi ham tushuniladi.

Uchinchisi – o‘qituvchilarning malakasini oshirish va pedagog kadrlar tayyorlash.

To‘rtinchisi – baholash tizimi. O‘quvchilarning bilimini qanday baholaymiz? Shular bo‘yicha ishlar qilinadi.

Beshinchi yo‘nalishimiz esa ta’lim boshqaruvi. Oddiy maktab “zavuchi”, direktoridan tortib, vazirlik xodimlarigacha ta’lim qanday boshqarilayotgani ko‘rib chiqilishi lozim. Yaxshi o‘qituvchini olib direktor qilib qo‘yishadi, yaxshi o‘qituvchi – yaxshi boshqaruvchi degani emas. Kelgusi yillarda shu kabi masalalar ko‘rib chiqiladi”, – dedi u.

Mas’ullarga ko‘ra, hukumat xalqaro tashkilotlarning keyingi 3 yilda O‘zbekistonda maktab ta’limini rivojlantirishga 580 mln dollar investitsiya yo‘naltirishini kutmoqda.

Tadbirda AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID)ning O‘zbekistondagi missiyasi direktori Mikaela Meredit so‘z oldi.

“Bugun tarixiy voqeaning guvohi bo‘lib turibmiz. AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi bu borada Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligini qo‘llab-quvvatlashdan faxrlanadi. Bunga sarmoya kiritish AQSh hukumatining ustuvor vazifasi hisoblanib, biz butun O‘zbekiston hukumati va hamkorlar bilan sifatli va teng huquqli ta’limni ta’minlash, qashshoqlikni kamaytirish, salomatlik, tinchlik, farovonlik, barqarorlikni yaxshilash muhim ekanini tushunamiz.

Agentligimiz 2019 yilda birinchi marta O‘zbekiston hukumati bilan ta’lim sohasini rivojlantirish maqsadida shartnoma tuzgan edi, shartnoma doirasida 55 mln dollar mablag‘ ajratilishi reja qilingan. Shu kungacha biz bu mablag‘ning 35 mln dollarini ajratdik. Bu summa 2 ta muhim tashabbus uchun yo‘naltirildi. Birinchisi – o‘quvchilarning IT, ingliz tili, o‘qish va matematika ko‘nikmalarini yaxshilash uchun ishlatildi.

Ikkinchi tashabbusda esa o‘tgan yili yangi 10 mln dollarlik loyihamiz, ya’ni o‘quvchilarni maktabni tamomlaganidan so‘ng, ish bilan ta’minlash boshlangandi. Bu loyihamiz asosan qizlarni, nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga yo‘naltirishga qaratilgan.

Yana bir bor qayd etish lozim deb o‘ylayman. Istalgan mamlakat uchun ta’lim eng muhim sohalardan biri hisoblanadi. Bu orqali davlatlar rivojlanishi, xususan, sog‘liqni saqlashni yaxshilash, bolalarni bilimli qilish mumkin”, – dedi Mikaela Meredit.

Shuningdek, bir qancha yo‘nalishlar kesimida nimalar qilinishi ham misol tariqasida ma’lum qilindi. Ta’kidlanishicha, dastlabki yo‘nalishda butun respublika bo‘yicha 80 ming o‘rinli maktablar qurilishi kutilmoqda. Qayd etilishicha, ba’zi hududlarda umuman yangi maktablar qurishning iloji yo‘q, chunki “bo‘sh joyning o‘zi mavjud emas”.

Ikkinchi yo‘nalishda esa maktab o‘qituvchilarining darsga tayyorlanib kelishi uchun qo‘llanma qilinishi ham aytilmoqda. Bu jarayonda birinchi yil 5 ta fan, keyingilarida esa qolgan fanlardan ham qo‘llanmalarni joriy etish rejalashtirilgan. Ammo hozircha bularning qanday shaklda (elektron yoki qog‘oz) bo‘lishi aniq emas.

Uchinchi yo‘nalishda esa nogironligi bo‘lgan o‘quvchilar bilan ishlay oladigan pedagoglarni OTMlarda tayyorlash ko‘zda tutilmoqda. Hozircha boshqa yo‘nalishlarda aynan qanday ishlar qilinishi ochiqlanganicha yo‘q.

Mavzuga oid