Qanday jasorat kerak?
O‘z taqdirini o‘zi hal qila olish jasorati. “Odamlar nima deydi?” deb o‘ylamaslik jasorati. Biz, shu jumladan men, “qizlarimiz unday qilsin, bunday qilsin”, demasligimiz kerak. Bunga hojat bo‘lmasligi kerak. Ammo ularning jasoratlarini qo‘llab turishimiz kerak.
Albatta, jamiyatdagi an’analar, ijtimoiy rollar, “ramkalar” o‘zgarmasidan, bunday jasoratni osongina ezib tashlaydiganlar yetarli bo‘ladi, deyishingiz mumkin. Xuddi shunday. Ammo dengiz tomchilar yig‘indisi bo‘lganidek, jamiyat – individlar yig‘indisi. Har kim o‘zidan boshlasa, jamiyat o‘zgaradi.
Xo‘p, qizlarni jasur va mustaqil qilib tarbiyalaylik dedik. O‘g‘il bolalar-chi?
O‘g‘il bolani ham yoshlikdan ayollarni hurmat qiladigan qilib tarbiyalashimiz kerak. O‘zi hurmat ko‘rmay umri o‘tgan onalar tarbiyada alamzada bo‘lmay, aksincha, “o‘g‘lim otasi meni ezganidek kelinimni ezmasin”, deyishi kerak.
Otalar o‘g‘illari bilan ochiq, kerak bo‘lsa qattiq gaplasha olishi kerak bu mavzuda. O‘g‘il bola hurmatni otadan o‘rganishi kerak. Afsuski, bizda kamdan kam ota bu haqda o‘g‘liga gap ochadi. Ko‘p gaplar muhokama qilinmaydi, ichga yutiladi, andisha qilinadi. Natijada fojia bilan tugashi mumkin.
Men psixolog emasman, tarixchiman, ammo bolalik davrimiz keyingi umrimizga, fe’limizga qanchalik ta’sir o‘tkazishini yaxshi tushunaman. Tugal mehr va toza idrok bilan o‘sgan farzand mehribon bo‘ladi, o‘ziga ishonadi, birovni kamsitmasdan, to‘kis hayot kechiradi. Kuchli va jasur bo‘ladi.
Bunday insonlar yig‘indisi bo‘lgan jamiyat ulg‘aygan jamiyat bo‘ladi. Undagi eng yuksak qadriyat – inson qadri bo‘ladi. Ulg‘ayishda mukammallikka erishgan jamiyat yo‘q, chunki hamma joyda manfaatlar to‘qnashuvi bo‘ladi. Ammo asosida hurmat va umumiy maqsadlar yotgan to‘qnashuv hamisha yomon narsa emas.
Bu jarayonlar chambarchas bog‘liq va vaqt o‘tishi bilan albatta natija beradi. Bitta yaxshi tarbiya olgan erkak sog‘lom fikrli o‘g‘ilni, o‘z qadrini biladigan qizni katta qiladi. Ayolga buyum yoki jinsiy manba sifatida qaramaydigan odamlar paydo bo‘lishi uchun avlodlar ketar, ammo bu imkonsiz emas.
Behbudiy aytgan, adashmasam: haq berilmas, olinur, deb. Hozirda ba’zi konservativ vatandoshlarimiz nihoyatda hayiqadigan, tinimsiz yomonlaydigan haq-huquqlar, ayollarning haq va erkinliklari aslida asrlar davom etgan kurash mevalaridir. Bularga erishish uchun ko‘p ayol-u erkak jonini bergan.
Asosan g‘arbda berilgan bu qurbonlar bizga tegishli emas, bu huquqlar bizga kerak emas, deydiganlarga ishonmang. Chunki bu qadriyatlar umuminsoniy qadriyatlardir. Bularga ishonmagan odamlar bilan hech qachon demokratiya haqida jiddiy suhbat qurib bo‘lmaydi, konsensusga kelib bo‘lmaydi.







