17:16 / 12.04.2023
23597

Navoiyda maktabdagi janjaldan so‘ng o‘quvchi qiz o‘z joniga qasd qildi

17 yoshli o‘quvchi bir dona ignani yutib, ketidan ko‘p miqdorda dori ichgani, ayni paytda koma holatida ekani aytilmoqda. 

Foto: KUN.UZ

Kun.uz manbasining ma’lum qilishicha, Xatirchi tumanidagi maktablardan birining 17 yoshli o‘quvchisi (qizning shaxsi tahririyatga ma’lum) o‘z joniga qasd qilgan. Bunga maktabda u va o‘qituvchi o‘rtasida yuzaga kelgan janjal sabab bo‘lgani aytilmoqda.

Maktabdagi holat joriy yil 4 aprel kuni sodir bo‘lgan: o‘qituvchi boshqa darsni so‘ragan, singlim esa boshqasini aytib bergan. O‘qituvchi urgan, u esa qo‘l ko‘tarmaslikni aytgan. Shu tariqa vaziyat mahalla inspektorigacha yetib borgan. Singlimning o‘zini aybdor qilishgan.

Mahalla profilaktika inspektori ham qamab qo‘yamiz seni, deya bosim qilavergan, suhbatga chaqirgan, uydan majburiy olib ketmoqchi bo‘lgan. Singlim ushbu bosimlarga chiday olmay, 6 aprel kuni o‘z joniga qasd qilgan: avvaliga bitta igna yutgan, ketidan juda ko‘p miqdorda turli dori tabletkalarini ichgan. Necha kundirki, u koma holatida,”, — deydi Kun.uz jurnalisti bilan gaplashgan o‘quvchining opasi.

Manbaning ta’kidlashicha, o‘quvchi qiz ayni paytda Navoiy shahridagi shifoxonada. Uning ahvoli og‘irligicha qolmoqda, koma holatidan chiqmagan.

Hozircha Navoiy viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi ham, Xatirchi tumani hokimligi ham holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirmadi.

Oldinroq Navoiy shahridagi 11-AFChO‘IM direktori 10-sinf o‘quvchisini urgani va o‘quvchi qiz hushini yo‘qotgani aytilgandi

Mavzuga oid
Top