18:53 / 18.04.2023
55496

«Achinarli va uyatli» - vazir Surxondaryoda ayol o‘qituvchilar kaltaklanishi haqida

Ayol o‘qituvchilar hamkasbi tomonidan kaltaklangan. Ayni vaqtda jabrlanuvchilar shifoxonaga joylashtirilgan, vazir vaziyatni nazoratiga olgan.

Foto: Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi

Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova Surxondaryo viloyati Uzun tumanidagi 31-maktabda o‘qituvchi ayollar kaltaklanishiga munosabatini bildirib, bu holatni «juda achinarli» deb atadi. Uning videomurojaati vazirlik matbuot xizmati tomonidan e’lon qilingan.

«Surxondaryo viloyati Uzun tumanida bo‘lib o‘tgan bu holatni ko‘rib, to‘g‘risi, o‘zim juda dahshatga tushdim. Hurmatli yurtboshimiz tomonidan ustozlarga, ayollarga bo‘lgan e’tibor paytida ustozlarimiz, ziyolilar qatlamida shunday ishlar bo‘layotgani, ustozlar orasida bir-biriga qo‘l ko‘tarilishi juda achinarli holatdir», degan vazir.

Umarovaning aniqlik kiritishicha, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videodagi mushtumzo‘r shu maktab o‘qituvchisi hisoblanadi.

«Hozirda erkak ustozimiz huquq-tartibot organlari tomonidan nazoratga olingan va jazosiz qolmaydi. Ikki ayol o‘qituvchi esa hozirda shifoxonada, vazirlik nazoratida, shaxsan o‘zim ham nazorat qilib turibman.

Hurmatli ustozlar, hurmatli pedagoglar, hurmatli ziyolilar, biz bunday holatlarga tushishimiz juda achinarli va uyatli. Bizda ajdodlarimiz qoni oqmoqda, bunday holatlarga yo‘l qo‘ymasligimiz zarur», degan u.

Bundan avvalroq Bosh prokuratura Uzun tumanidagi maktabda ayol o‘qituvchilarni urgan shaxs qo‘lga olingani, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi (Bezorilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida xabar bergandi.

Ma’lum bo‘lishicha, voqea 14 aprel kuni sodir bo‘lgan, lekin mushtumzo‘r voqeadan faqat to‘rt kun o‘tib, xonadagi kamerada yozib olingan video internetda tarqalganidan keyingina qo‘lga olingan. 

Top