18:23 / 26.04.2023
23000

Imomali Rahmon yangi layner sohibi bo‘ldi. Navbat Qirg‘izistongami?

Tojikiston hukumati Meksika prezidentining qimmatbaho samolyotini sotib oldi. Mamlakat g‘aznasiga qariyb 93 million dollarga tushgan Boeing 787-8 Dreamliner endi Imomali Rahmonga xizmat qilishi kutilmoqda. Qo‘shni Qirg‘izistonda esa prezident safarlarga 30 yillik “staj”ga ega samolyotda borib keladi. Ammo OAVdagi xabarlarga ko‘ra Sadir Japarov uchun ham allaqachon yangi uchoq olish harakati boshlangan.

Na Obama va na Trampda yo‘q samolyot

Matbuotdagi xabarlarga ko‘ra, shu paytgacha mamlakat rahbarining samolyoti bo‘lmagan. Biroq ochiq manbalarda Imomali Rahmon bir paytlar Tu-154 uchog‘idan foydalangani haqida ma’lumot bor. Ammo bu havo kemasi prezident samolyoti sifatida necha yil davomida xizmat qilgani noma’lum.

Foto: O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati

Imomali Rahmon Somon Air aviakompaniyasining tijoriy reyslaridan foydalanib kelgani aytiladi. Prezident uchun Boeing 737-800 rusumidagi uchoq maxsus zaxiraga olingan.

«Odatda davlat rahbarlari shaxsiy uchoqlarida uchishadi. Biroq Tojikiston prezidenti haligacha bunday imtiyoz, ustunlikni o‘ziga ravo ko‘rmaydi, bu Tojikiston uchun ortiqcha xarajat deb hisoblaydi”, deya Tojikiston prezidenti matbuot xizmati rahbari Abdufattoh Sharifzodadan iqtibos keltirgandi Asia Plus nashri 2013 yilgi xabarida.

Foto: O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati

Tojikistonning 28,5 yillik prezidentining hayotga qarashlari o‘zgargan chog‘i dunyodagi eng qimmat prezident layneri deya e’tirof etilgan uchoq bundan buyon unga tegishli. 2012 yilda buyurtma qilinib, Meksikaga 2016 yilning fevralida olib kelingan Boeing 787 drimlaynerining tannarxi 218,7 mln dollar bo‘lsa-da, qo‘shimcha jihozlanishi bilan birga u 600 mln dollarga tushgani aytiladi.

Foto: Twitter / Hacienda_Mexico
Foto: Twitter / Hacienda_Mexico

Uzunligi 57, eni 60 metrli ulkan drimlayner 80 kishiga mo‘ljallab jihozlangan. Bortda alohida vannaga ega bo‘lgan prezident lyuks xonasi va yotoqxonasi mavjud. Prezident uchun mo‘ljallangan xonada yugurish yo‘lakchasi, sun’iy yo‘ldoshga ulangan telefon, 360 darajagacha aylanadigan divan va kreslolar o‘rnatilgan.

Dunyodagi eng qimmatbaho prezident layneri sifatida tan olingan, hasham bobida Saudiya Arabistoni qiroliga tegishli uchoqni ham ortda qoldirgan havo kemasi intereriga xaridor talabiga ko‘ra ancha qimmatbaho bezaklar ishlatilgan. Meksikaning hozirgi prezidenti Andres Manuel Lopes Obrador ushbu lavozimga saylangandan so‘ng undan foydalanishni istamagan, o‘zining saylovoldi piar kompaniyasini na Barak Obama va na Donald Trampda bunday uchoq yo‘qligini ta’kidlash atrofiga qurgan Obradorga so‘zining ustidan chiqish oradan salkam besh yil o‘tibgina nasib qilmoqda.

Foto: Twitter / Hacienda_Mexico
Foto: Twitter / Hacienda_Mexico

Ekspertlar samolyotni 300 yo‘lovchini tashiy oladigan odatiy layner sifatida qayta jihozlash ancha qimmatga tushishini ta’kidlashgan. Shundan so‘ng u sotuvga qo‘yilgandi.

Drimlayner soatiga 1609 kilometr tezlikda va Amerika qirg‘oqlaridan to Osiyo qirg‘oqlarigacha qayta yoqilg‘i quymasdan parvoz qila oladi.

Foto: UNOPS

Meksika hukumati 2018 yildayoq samolyot sotilganini e’lon qilgan bo‘lsa-da, amalda bu xabar tasdig‘ini topmagan. 2019 yili Meksika prezidenti uchoqni AQShga 130 mln dollarga sotib olishni taklif qilgan. Xaridor topilmagani uchun hatto hukumat prezident samolyotini lotereyaga tikmoqchi bo‘lgan.

Foto: Reuters
Foto: Reuters

2020 yildan buyon Kaliforniyadagi Boeing angarida qolayotgan bahaybat laynerni saqlab turish xarajatlari Meksika hukumatiga kuniga 4000 dollarga tushgani aytiladi.

Qayd etilishicha, hozircha Tojikiston hukumati Meksika prezidenti samolyotini sotib olganini tasdiqlagani yo‘q. Shuning barobarida, bu boradagi xabarlarni rad etib ham chiqmagan.

Tanqidlar girdobidagi prezident

Tojikistonga qo‘shni Qirg‘iziston prezidentida ham qimmatbaho uchoq yo‘q. Qirg‘iz prezidentlari safarlarga 1993 yilda ishlab chiqarilgan Tu-154 samolyotlarida borib-kelishgan. Bugungi kunda birinchi raqamli bortga Air Kyrgyzstan aviakompaniyasi xizmat ko‘rsatadi.

Illyustrativ surat Foto: Kaktus.media

Bir paytlar Qirg‘iziston prezidentining uchog‘i bilan bog‘liq favqulodda vaziyat ham sodir bo‘lgan. 2006 yilning sentabrida Bishkekdagi Manas aeroportida O‘shdan mamlakat poytaxtiga kelayotgan Tu-154 samolyoti AQSh harbiy havo kuchlarining KC-135 Stratotanker uchog‘i bilan to‘qnashib ketadi. Baxtli tasodif tufayli yo‘lovchilar va ekipaj a’zolari omon qolishadi.

Foto: Kyrgyzstan aviakompaniyasi

To‘qnashuv oqibatida xorijiy safarlar paytida Qirg‘iz prezidenti foydalanadigan laynerning qanot konstruksiyasi zarar ko‘radi. AQSh harbiy uchog‘ining chap qanotidagi birinchi dvigatel ishdan chiqadi. Tabiiyki, bu kam sonli havo kemalariga ega mamlakat uchun katta yo‘qotish bo‘lgandi. 2006 yilning dekabrida Rossiya Qirg‘izistonga yangi bo‘lmasa-da, boshqa bir Tu-154 samolyotini hadya qilgandi.

Rossiya Qirg‘izistonga sovg‘a qilgan Tu-154 uchog‘i Foto: Kaktus.media

2002 yilda kapital ta’mirdan chiqqan va 2012 yilgacha bemalol parvoz qila olishi ta’kidlangan samolyot hozirgacha Qirg‘iziston rahbari uchun birinchi raqamli bort sifatida xizmat qilib kelmoqda. Mamlakatning amaldagi prezidenti Sadir Japarov o‘tgan yilning sentabrida Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammitiga Tu-154 laynerida kelgandi. Biroq hukumat prezidentning olisdagi xorijiy safarlari uchun boshqa uchoqlarni ijaraga ola boshlagan. Buning o‘ziga xos sabablari bor, albatta.

Sadir Japarovning 2022 yilgi AQShga safari uchun ijaraga olingan Bombardier Global Express XRS layneri ichki ko‘rinishi Foto: Kaktus.media
Sadir Japarovning 2022 yilgi AQShga safari uchun ijaraga olingan Bombardier Global Express XRS layneri ichki ko‘rinishi Foto: Kaktus.media

1993 yilda ishlab chiqarilgan, 30 yildan beri foydalanishda bo‘lgan prezident samolyoti allaqachon ma’nan eskirgan. Garchi texnik ko‘riklar o‘z vaqtida o‘tkazib kelinayotgan bo‘lsa-da, bunday uchoqda prezidentning xorijga borib-kelishi katta tavakkalchilikdan boshqa narsa emas. 2021 yildayoq ekspertlar u yana bir yil parvoz qila olishini aytishgan. Ta’kidlanishicha, eski samolyotga texnik xizmat ko‘rsatish yildan yilga qimmatga tushmoqda.

2010 yili Polsha prezidenti Lex Kachinskiy, rafiqasi va hukumat mulozimlaridan iborat 96 kishini olib ketayotgan xuddi shunday layner Smolenskda, 2016 yili boshqa bir Tu-154 Qora dengizda halokatga uchragach, Rossiya mudofaa vaziri Serguy Shoygu ayni rusumdagi samolyotlardan foydalanmaslikni taklif qilgandi.

Qolaversa, 2021 yilning noyabrida Buyuk Britaniya hukumati iqlim o‘zgarishi bo‘yicha sammitga borayotgan Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarovning samolyotini mamlakatga kiritishga ruxsat bermagan, bunga Tu-154 samolyotining texnik normalari Yevroittifoq va Buyuk Britaniya qabul qilgan normalarga javob bermasligini sabab qilib ko‘rsatgandi. Natijada Qirg‘iziston prezidenti Glazgoga yetib olish uchun Embraer Lineage 1000 xususiy samolyotini yollashga majbur bo‘lgandi.

Sadir Japarovning xorijiy safarlari uchun bir necha marta ijaraga olingan Embraer Lineage 1000 uchog‘ining ichki ko‘rinishi Foto: 24.kg
Sadir Japarovning xorijiy safarlari uchun bir necha marta ijaraga olingan Embraer Lineage 1000 uchog‘ining ichki ko‘rinishi Foto: 24.kg

Bu voqeadan so‘ng Sadir Japarov xorijiy safarlarga asosan ijaraga olingan uchoqlarda borib kelmoqda. AQSh, Qatar, Shotlandiya, Xitoyga safarlar shular jumlasidan. Tabiiyki, xususiy laynerni ijaraga olish arzonga tushmaydi. Bu esa qirg‘izistonliklar o‘rtasida muhokamalarga sabab bo‘lib kelmoqda.

Garchi prezident matbuot xizmati ijara to‘lovlari uchun mamlakat budjetidan pul ketmayotgani, xarajatlar katta emasligi, asosan yoqilg‘i uchun pul to‘lanishi, bu ham budjetdan tashqari jamg‘armalar hisobidan qoplanishini ta’kidlab kelayotgan bo‘lsa-da, jamoatchilik bunga ishonmaydi. Jurnalistlar hatto ochiq ma’lumotlarga tayanib Japarov parvoz qilgan samolyotlar ijarasi qanchaga tushganini ham hisoblab chiqishgan. Tanqidlar ortidan prezidentning parvozlari haqidagi ma’lumotlar maxfiylashtirildi.

Prezident laynerini yangilash haqida Qirg‘izistonda So‘ronboy Jeenbekov davridan, ya’ni 2018 yildan buyon aytib kelinadi. OAV 2019 yili Tu-154 zamonaviy Boingga almashtirilishi mumkinligi haqida yozgandi.

Bombardier Global Express XRS Foto:Jetcraft.com
Embraer Legacy 1000 Foto: Globaljet.aero

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Qirg‘iziston prezidenti uchun Bombardier Challenger yoki Embraer Legacy rusumli uchoqlardan biri lizing asosida sotib olinishi mumkin. Bu haqda Sadir Japarovning matbuot kotibi ma’lum qilgan. Boshqa bir xabarda Qirg‘iz prezidenti Nyu-Yorkka borib-kelgan Bombardier Global Express XRS uchog‘ini birinchi raqamli bortga aylantirish niyatida ekani qayd etilgan.

Samolyotning aniq narxi e’lon qilinmagan. Ochiq manbalardagi ma’lumotlarga ko‘ra, 2013 yilda ishlab chiqarilgan Embraer Legacy 1000 rusumli uchoq 53 mln dollar, 2010 yilgi Bombardier Global Express XRS esa 17,5 mln dollar turadi. Har ikki havo kemasining birlamchi komplektatsiyasida sun’iy yo‘ldoshga ulangan telefon, video-ko‘ngilochar tizim va boshqa qurilmalar mavjud. Laynerning texnik holati, o‘rnatilgan jihozlar hamda ishlab chiqarilganidan buyon qancha muddat parvoz qilganiga qarab uning qiymati chiqariladi.

Qiziqarli faktlar

Imomali Rahmon boshqa davlat rahbarining samolyotini sotib olgan yagona prezident emas. Turkmaniston boshqaruviga Gurbanguli Berdimuhammedov kelgach salafining VIP Boeing 767-300ER laynerini Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenkoga pullab, o‘ziga esa yangi Boeing 777-200 sotib oladi.

Saparmurat Niyazovning samolyoti qanchaga sotilgani oshkor qilinmagan. Sun’iy yo‘ldoshli telefon hamda havo hujumidan mudofaa tizimi bilan jihozlangan uchoqning narxi o‘sha paytdagi bozor bahosi bo‘yicha 124-160 mln dollar turgani aytiladi.

Qozog‘istonda prezident va hukumat rahbari uchun o‘ndan ziyod havo transporti, jumladan, Airbus A330-243, Airbus A321-211, Airbus A320-214, Il-76, Embraer-135, SRJ-200 va Mi-8 xizmat ko‘rsatadi.

O‘zbekistonda birinchi raqamli bort 2019 yilda sotib olingan Boeing 787-800 VIP drimlayneri hisoblanadi. Shuningdek, Boeing 767-300ER hamda Airbus A320 prezident va bosh vazir foydalanishi uchun ajratilgan.

Turkmaniston prezidentida Boeing-777-200 samolyotidan tashqari, Boeing 737-700 , Challenger 870, 2 Challenger-605 va BAe 125 uchoqlari, AgustaWestland AW-101 rusumidagi vertolyot bor.

O‘rtacha hisobda prezident samolyotlarida yotoqxona, konferens-zal, maxfiy so‘zlashuvlar uchun yaxshi himoyalangan xona, prezident ofisi, hordiq chiqarish joylari bo‘ladi. Ayrim davlat rahbarlarining laynerlarida esa trenajyor zali (Rossiya), fontan (Saudiya Arabistoni), yadro hujumidan elektromagnit himoya tizimi (AQSh), mini-operatsiya bloki (Fransiya, AQSh, Bahrayn) mavjud.

Jamshid Niyozov

Top