Jamiyat | 13:55 / 10.05.2023
59466
10 daqiqa o‘qiladi

«Bolamni o‘g‘rilik deb olib ketishgandi» – nashida uchun qamalgan yigitning onasi videomurojaat qildi

Telegramʼdagi guruhga nashida yuborgani uchun 3 yilga qamalgan talaba Jahongir Ulug‘murodovning onasi prezidentga murojaat yo‘lladi. Uning aytishicha, Jahongirni dastlab dachada sodir etilgan o‘g‘rilikda gumondor sifatida olib ketishgandi.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

21 yoshli Jahongir Ulug‘murodov 2022 yilda sinfdoshlari bilan Telegram guruhga You Tube’dagi diniy qo‘shiq – nashida uchun havola yuborgan. Nashida Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning xulosasi bilan «aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan» deb topilgan.

8 may kuni JIB Oqqo‘rg‘on tuman sudida sudya Sanjar Isaqulov raisligida bo‘lib o‘tgan sud jarayonida Jahongir Ulug‘murodov JK 244-1-moddasi 3 qismi «g» bandida nazarda tutilgan harakatni sodir etishda aybdor deb topildi. Ayblanuvchiga JK 57-moddasi qo‘llanib, 3 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Jahongir Ulug‘murodovning onasi prezidentga va Oliy sudga murojaat yo‘lladi.

«O‘g‘lim nashida nima ekanini bilmayman, qo‘shiq deb eshitganman, dedi»

Jahongir Ulug‘murodovning onasi

Men Jahongirning onasi Umarova Gulchehra bo‘laman. O‘g‘lim universitetda o‘qiydi. U oilada eng katta farzandim, bolam unaqa yomon bola emas. Bolamga ishonaman, u mening g‘ururim. Kuz oylari edi, «voyenkomat»dan ikkita bola kelib, «o‘g‘lingiz armiyaga borishi kerak» deb aytgandi. O‘g‘lim institutda o‘qiydi, deganimdan keyin, «institutdan qog‘oz qilib kelinglar», deyishdi.

O‘zim kasalxonada, dadasi esa obodonlashtirishda ishlaydi. Kuz o‘rtalari edi, smenadan qaytdim. Men uxlab yotganimda bolalarim uyg‘otdi, ikki odam keldi deb. Chiqsam, «Jahongir sizning o‘g‘lingizmi?» deyishdi. Ular o‘zini tanishtirdi va dachada o‘g‘rilik bo‘lgan deyishdi. Mening o‘g‘lim unaqa bola emas, u o‘qiydi, ishlaydi, kechqurun keladi, deb aytdim. Ular esa «o‘sha yerda Jahon, Jahon, deb baqirishgan, mahalladagi hamma Jahongirlarni terib ketyapmiz», dedi. O‘g‘limga telefon qilib, dachada o‘g‘rilik bo‘lgan ekan, chaqiryapti deb aytdim. Furqat degan bolaga aytdim, bolamni kechgacha ushlab turmanglar, javob berib yuboringlar, deb.

O‘g‘lim ishda edi, o‘zi ular aytgan joyga boradigan bo‘ldi. Ketishdi, bu orada men juda ko‘p telefon qildim, lekin hech kim javob bermadi. Soat 12 larga yaqin o‘rtog‘ining onasi keldi-da, «o‘g‘lingiz nima qilib qo‘yganini bilasizmi?» deb ancha janjal qildi. Ichkariga olib kirdim, nima ekanini hatto tushunmay qoldim. Ular «nashida, nashida» deb aytishadi. Men hatto nashida nima ekanini bilmayman, u nashida degani qo‘shiq, she’r degani ekan.

O‘zim umuman dindan xabarim yo‘q, keyin Jahongir bir soatlarda kelib qoldi. Men u nima edi deb so‘radim. Jahongir «aya, men ham bilmayman nimaligini, men uni qo‘shiq deb eshitganman, qo‘shiq, qo‘shiq» deb aytaverdi. Hatto u qanaqa qo‘shiq ekan deb ko‘rishga dadasi ruxsat bermadi. «Sen bolani o‘qitaman, oliy ma’lumotli qilaman deb qo‘ymading, xarob qilding bolani», deb urishdi…

«O‘zimiz advokat yollashga qurbimiz yetmagan»

Sentyabrda ishxonasidan chaqirib, o‘g‘rilik bilan deb aytib olib ketishdi. [O‘shanda] uyga kechqurun qaytganda, «nashida» deb keldi. Fevral oyining 24-sanasida men ishxonada edim, kechqurun uyga keldim. Olib ketgan bolalar telefon qildi-da, «o‘g‘lingizga tusha olmayapmiz, o‘g‘lingiz kerak», deyishdi. Dadasi Jahongirning telefonini olib qo‘yishgani, qo‘lida telefoni yo‘qligini aytdi. «Uning telefonini olib qo‘ygan ekansizlar, qanday tushasizlar?» deb aytdim. Dadasi ularga ishxonasining nomerini berdi.

Jahongir ular chaqirgan joyga borgan. Kechqurun 11 yarimlarda «aya, 48 soat shu yerda meni ushlab turarkan, xavotir olmanglar» deb aytdi. Ertasi kuni advokat telefon qilib «men davlat advokatiman, o‘g‘lingizga tayinlanganman. Xohlasangiz boshqa joydan ham advokat topishinglar mumkin», dedi.

O‘sha kundan keyin o‘g‘limni ochiqlikda ko‘rmadim, faqat tergov payti ikki marta ko‘rdim. Tergov vaqti advokat bizni chaqirishini aytishgandi, ammo advokat chaqirmadi. Faqat tergov tugatildi deb telefon qilishdi. Shundan keyin faqat sud payti ko‘rdim, ikki marta sud bo‘ldi. Davlat tarafidan berilgan advokatga tergov uchun 3 mln so‘m, sudga qatnashgani uchun 3 mln so‘m berdim. O‘zimiz advokat yollashga qurbimiz yetmaydi. Suddan oldin advokat bilan uchrashganman. Advokat menga «bolangizni olib chiqib bera olmayman, faqat yilini kamaytirib bera olaman», dedi. Sud kuni ham shu gapni qaytardi.

«Mahalla bolamni kafillikka oldi»

Sudga kirdik, bolamni ko‘rdim. Tergov qilingan hamma bolalar nimani bilgan bo‘lsa, bir xil gapirib berdi. Hammasining fikri bir xil bo‘ldi. Sudya bolalarga «oldin bu qo‘shiqni eshitganmisizlar?» deb savol berdi. Bolalar «bu qo‘shiqni eshitmaganmiz, eshitgan bo‘lsak, tergov payti o‘zlari qo‘yib berishdi», deb aytishdi. O‘zimning ukamning qizi ham shu guruhda bo‘lgan. U ham bu guruhni ochmagan. Biz bu qo‘shiqni eshitmaganmiz, deb sudda ko‘rsatma berdi.

Mahalla bolani kafillikka olamiz deb boshidan aytgan. «Bu bolada hech qanday ayb yo‘q, bitta qo‘shiq uchun qamalib ketmasin», deb kafillikka turib berdi. Repititorga qatnagan o‘qituvchisi ham kafillikka turib berdi. O‘zim institutga borib bolam to‘g‘risida tavsifnoma oldim, ishlaydigan joyi – Qamar do‘koni xodimlari ham u haqda yomon gap gapirmadi.

«Bu holatimni dushmanimga ham ravo ko‘rmayman»

Unga JK 244-1-moddasi 3 qismi «g» bilan ayblov qo‘yildi. Dardimni eshitadigan biror odam bormi? Bandasi biror og‘ir ish qilsa, tavba qilsa Xudo kechirarkan. Bolam sud zalining o‘zida kechirim so‘radi. Shu qo‘shiq shunchalik qadrli ekan, inson qadri qayerda qoldi? Kechirmasdan 3 yil berib yuborish odamgarchilikdanmi, insofdanmi? Sizlarning ham bolalaring bormi? «Buni qo‘shiq deb eshitganman», dedi bolam. Agar o‘qimishli odam bo‘lganda ham shuni bilmasdi. Organ xodimlaridan so‘raganimda «o‘g‘ling namoz o‘qiydimi» deb so‘raydi…

Adolat to‘g‘risida ko‘p gapiriladi, agar rostdan adolat bo‘lsa, hurmatli prezident sizga, Oliy sudga iltimos qilaman, yordam beringlar, o‘g‘limga yana bir imkon beringlar. Bu imkoniyat faqat o‘g‘lim uchun emas, men uchun ham berilgan bo‘ladi. Bu holatimni dushmanimga ham ravo ko‘rmayman.

«Nega televizorda shu nashida mumkinmasligi aytilmaydi?»

Oilamizda oliy ma’lumotli odam yo‘q, bolalarim o‘qisa, meni kambag‘allikdan olib chiqib ketadi deb harakat qilganman, chunki maktabda yaxshi o‘qiganimga qaramay, institutlarga kirish nasib qilmagan, imkonimiz bo‘lmagan. Dadam ukamga faqat «o‘g‘rilik qilma, birovni urma, birovga yomon gapirma» deb aytardi. Men ham bolamga faqat shu narsalarni aytibman, birovning haqiga xiyonat qilma, birovni urma, debman. Men ham shu odamlarga o‘xshab oliy ma’lumotli bo‘lganimda balki telefonda shunaqa narsalar borligini bilganimda, bolamga shu narsalarni uqtirgan bo‘lardim.

O‘sha nashida mumkinmasligi nega shu paytgacha aytilmagan. Nega televizorlarda aytilmaydi, hamma kanallarda serial, reklamalar bo‘ladi-ku? Nega reklamalar orasida shu narsalar mumkinmasligini ko‘rsatishmaydi. Biz qayerda bilamiz, bolam qayerdan biladi u nashida ekanligini, mumkin emasligini?

«Bolam endi ro‘zg‘orga yordam berayotgandi»

Bolam yomon bola emas, har kuni uyga kelib, ovqatini yeb ukasi bilan o‘ynab o‘tiradi. Arab tilini bilmaydi, ingliz tilida biroz gapirishga harakat qiladi. Ukalariga matematika, ingliz tilidan o‘rgatadi. Uch farzandim bor – kattasi Jahongir. Eng kichik farzandimni bog‘chaga qo‘yish niyatim yo‘q edi, Jahongir «aya, biz bog‘chaga bormaganmiz, men ro‘zg‘orga qarashyapman, ukamni bog‘chaga qo‘ying, til o‘rgansin» deb aytgani uchun bog‘chaga qo‘ygandim. Endi ro‘zg‘orga yordam berayotgandi...

Mavzuga oid