16:46 / 08.05.2023
55153

Sinfdoshlariga nashida yuborgan “Narxoz” talabasi 3 yilga qamaldi

Ma’lum bo‘lishicha, 21 yoshli Jahongir Ulug‘murodov 2022 yilda sinfdoshlari mavjud telegram guruhga YouTube'dagi diniy qo‘shiq – nashida uchun havola yuborgan. Nashida Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning xulosasi bilan “aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan” deb topilgan. Ma’lumot uchun, YouTube – butun dunyoda va O‘zbekistonda erkin foydalanish mumkin bo‘lgan, ochiq platforma hisoblanadi.

Ayblanuvchi yaqinlarining Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, Jahongir Ulug‘murodov grant asosida Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining 2-bosqichida o‘qiydi hamda oilasining asosiy boquvchisi hisoblanadi.

Jahongirni 2023 yil boshida – Yangiyo‘l tumanidagi o‘z uyidan uchastka noziri olib ketgan. Shundan so‘ng Jahongirning mobil qurilmasida 2022 yilda sinfdoshlarining Telegram guruhiga Youtube'dagi diniy qo‘shiq – nashida uchun yuborgan havola topilgan. Ushbu nashida Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning ekspertiza xulosasiga ko‘ra, “aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan hamda O‘zbekistonda tarqatish taqiqlanishi”, ko‘rsatilgan.

Oliy sud matbuot xizmatining Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, 8 may kuni JIB Oqqo‘rg‘on tuman sudida sudya Sanjar Isaqulov raisligida bo‘lib o‘tgan sud jarayonida Jahongir Ulug‘murodov JK 244-1-moddasi 3 qismi “g” bandida nazarda tutilgan harakat – “ommaviy axborot vositalaridan yoxud telekommunikatsiya tarmoqlaridan, shuningdek Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanib jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish”da aybdor, deb topilgan. Ayblanuvchiga JK 57-moddasi (yengilroq jazo tayinlash) qo‘llanib, 3 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Jahongirning yaqinlari sud hukmidan norozi ekanligini bildirib, apellyatsiya shikoyati berishlarini ma’lum qildi.

Avvalroq, telefonidan diniy nashida topilgan yana bir 21 yoshli yigit — Sardor Rahmonqulov ham 5 yilga ozodlikdan mahrum qilingani haqida xabar bergan edik. Keyinroq, apellyatsiya sudining ajrimiga muvofiq, Rahmonqulovga tayinlangan 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi shartli hukmga o‘zgartirilib, 2 yil sinov muddati belgilandi va u sud zalida ozod qilindi.

Top