08:38 / 16.05.2023
6472

Gurjiston Rossiya aviakompaniyalari parvozlariga ruxsat berdi

Gurjistonga parvozlarni amalga oshira oladigan birinchi Rossiya aviakompaniyasi "Azimut" bo‘ladi. 17 maydan boshlab to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslar amalga oshirilishi mumkin.

Foto: VisualRian

Gurjiston Rossiya bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslarni tikladi. Bu haqda 15 may, dushanba kuni Gurjiston fuqaro aviatsiyasi agentligi ma’lum qildi.

Idorada ta’kidlanganidek, Gurjiston va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi reyslar faqat sanksiyaga duchor bo‘lmagan aviakompaniyalar va samolyotlar tomonidan amalga oshiriladi. Agentlik rahbari Givi Davitashvilining ta’kidlashicha, beshta aviakompaniya to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslar uchun ariza bergan, ular orasida 17 maydan reyslarga xizmat ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan “Azimut” kompaniyasi tekshiruvdan o‘tgan.

10 may kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin 15 maydan Gurjiston fuqarolari uchun viza rejimini bekor qilish va 2019 yildan beri amalda bo‘lgan Rossiya Federatsiyasidan Gurjistonga havo qatnoviga qo‘yilgan taqiqni olib tashlash to‘g‘risidagi farmonlarni imzoladi. Gruziya prezidenti Salome Zurabishvili ushbu farmonni tanqid qilib, Rossiya Federatsiyasi Ukrainada urush olib borayotgan va Gruziya hududini bosib olayotgan bir paytda to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslarni qayta tiklash qabul qilinishi mumkin emasligini ta’kidladi.

O‘z navbatida, YeI Gurjistonni Rossiya Federatsiyasidan texnik jihatdan "ishonchsiz samolyotlarni" kiritmaslikka va havo qatnovi sohasida Moskvaga qarshi Yevropa sanksiyalariga qo‘shilishga chaqirdi.

Top