1944 yilda Normandiya qirg‘oqlariga tushirilgan ittifoqchilar armiyasi nemislarga qarshi jangda g‘alaba qozonadi. Asir tushganlar orasida osiyo millatiga mansub askarlar ham bor edi. Amerikaliklar ulardan birini yapon deb o‘ylaydi va suratga oladi. Biroq asir yapon emas, koreys edi. Keyinchalik surat e’lon qilinganda koreysning o‘zaro dushman bo‘lgan Yaponiya, SSSR va Germaniya armiyalari safida xizmat qilgani va Fransiyaga borib qolgani oshkor bo‘ladi.

Ikkinchi jahon urushi Er yuzi bo‘ylab ko‘plab insonlar hayotiga ta’sir ko‘rsatgan. Millionlab insonlar halok bo‘lgan, boshqalari nogironga aylangan. Ota-onalar farzandlaridan ayrilgan, bolalar yetim qolgan.

Bu urushda g‘aroyib sarguzashtlarga duch kelgan insonlar ham talaygina. Ulardan biri koreys millatiga mansub Yan Kyonjon hisoblanadi. Bu inson urushga Uzoq Sharqda qo‘shiladi va uni Yevropa g‘arbida tugatadi.

Yan Kyonjonning mashhur bo‘lishiga 1944 yilda olingan bir fotosurat sabab bo‘ladi. O‘sha fotosuratda Yan o‘zini asir olgan amerikalik askarlar bilan birga tasvirlangandi.

Suratning orqa tomoniga «yapon asiri amerikalik zobitga ism-sharifini aytmoqda», deb yozilgan, biroq «yapon»ning ism-sharifi ko‘rsatilmagan edi. Shu sababli suratda hech kim koreys millatiga mansub askar tasvirlanganini bilmas, barcha uni Germaniya armiyasida xizmat qilgan yapon deb o‘ylaydi.

Keyinchalik suratda yapon emas, koreys millatiga mansub shaxs tasvirlangani ochiqlanadi. Biroz o‘tib uning ism-sharifiga oydinlik kiritiladi. Shu tariqa Yan Kyonjon haqida butun dunyo xabar topadi.

Yan Kyonjon haqidagi ilk ma’lumotlar

1994 yilda amerikalik tarixchi Stiven E. Ambroz o‘zining «D» kuni. 1944 yil 6 iyun» kitobida Normandiyada asirga olingan to‘rt koreyalik harbiy asirni eslab o‘tadi.

Kitobda yozilishicha, to‘rt koreysning barchasi Ikkinchi jahon urushidan avval Xalxin-Golda yaponlar bilan o‘tgan to‘qnashuvda sovet askarlariga asirga tushadi. Urush boshlangach GULagda saqlanayotgan koreyslar nemislarga qarshi jangga yuboriladi.

1943 yilda Xarkov uchun bo‘lgan janglarda koreyslar nemislar tomonidan asirga olinadi va ittifoqchilarga qarshi jang uchun Fransiyaga yuboriladi. Shu tariqa ular Normandiyada paydo bo‘lishadi.