Iqtisodiyot | 14:51 / 11.12.2022
31042
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Qozog‘iston bilan gaz bo‘yicha hamkorlik g‘oyasida geosiyosiy o‘yinlar yo‘q - Lavrov

Rossiya tashqi ishlar vaziri O‘zbekiston va Qozog‘iston ishtirokida uch tomonlama gaz ittifoqi tuzilishi borasidagi xabarlarga munosabat bildirdi. O‘zbekiston tomoni energiya resurslari importi faqat tijoriy asoslarda amalga oshirilishini ma’lum qilgan.

© Sputnik / Maksim Blinov

Rossiya, O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida «gaz ittifoqi» tuzish g‘oyasida hech qanday geosiyosiy o‘yinlar yo‘q. Bu haqda Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Qozog‘istonning «Xabar 24» telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi. Video Rossiya TIVning Telegram-kanalida joylashtirilgan.

«Ayni vaqtda Rossiya, Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasida gaz bo‘yicha «uch tomonlama» loyiha shakllantirish tashabbusi muhokama qilinmoqda. Tahlilchilar, ayniqsa G‘arbdagilar darhol bu qandaydir siyosiy yoki geosiyosiy «o‘yin» ekani haqida gapira boshlashdi. Bu yerda hech qanaqa «o‘yin» yo‘q», – deya Lavrovning so‘zlarini keltirgan RIA Novosti.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatlar umumiy gaz tashish tizimiga ega va barcha tomonlar mavsumiy piklar tufayli ta’minot uzilib qolmasligidan manfaatdor.

«Rossiya, Qozog‘iston va O‘zbekiston – umumiy gaz tashuv tizimiga ega qo‘shnilardir. Ular gaz iste’molining mavsumiy yuqori cho‘qqilarini hisobga olgan holda gaz ta’minoti uzilib qolmasligidan manfaatdor. Shu kunlarda O‘zbekistonda kutilmaganda elektr energiyasida keskin taqchillik yuzaga kelgani haqidagi xabarni o‘qib qoldim. Mana, hech qanday siyosiylashtirmasdan, mafkuraviylashtirmasdan o‘z imkoniyatlarimizdan foydalanib, fuqarolarimiz manfaatlari yo‘lida amaliy masalalarni hal qilishimiz kerak bo‘lgan aniq misol», – deya qo‘shimcha qilgan Rossiya TIV rahbari.

  • Eslatib o‘tamiz, 28 noyabr kuni Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev Moskvaga tashrifi vaqtida Rossiya prezidenti Vladimir Putinning gaz ittifoqi g‘oyasi haqida gapirgan edi. To‘qayevning so‘zlariga ko‘ra, Putin O‘zbekiston, Qozog‘iston va Rossiya ishtirokida gaz ittifoqi tashkil etishni taklif qilgan va bu masalada O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga qo‘ng‘iroq qilishini aytgan.
  • 29 noyabr kuni To‘qayevning matbuot kotibi Ruslan Jyeldibay gap Rossiya, Qozog‘iston va O‘zbekiston ishtirokidagi uch tomonlama gaz ittifoqi haqida borayotgani, unga ko‘ra Rossiya gazining Qozog‘iston va O‘zbekiston hududi orqali transportirovka qilinishini muvofiqlashtirish nazarda tutilganini aytdi.
  • Keyinroq O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putin o‘rtasida telefon muloqoti bo‘lib o‘tdi. Prezidentlar, rasmiy relizga ko‘ra, «Markaziy Osiyo mintaqasidagi amaliy hamkorlik masalalari» bo‘yicha fikr almashgan.
  • Qozog‘iston tomoni bu hozircha taklif ekani va u ko‘rib chiqilishini aytmoqda. Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari Aleksandr Novak O‘zbekiston bu ittifoq g‘oyasiga go‘yoki «qiziqish bildirgani»ni iddao qilgan
  • 7 dekabr kuni esa O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari — energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov mahalliy OAV uchun bergan intervyularida respublika o‘z manfaatlarini hech qachon xavf ostiga qo‘ymasligi, qo‘shni mamlakatlar bilan gaz bo‘yicha kelishuv bo‘lsa ham, import qandaydir alyans yoki ittifoq orqali emas faqatgina tijoriy oldi-sotdi shartnomalari orqali amalga oshirilishi, bunda biror siyosiy shart qo‘yilishiga yo‘l qo‘yilmasligini bildirdi.
  • Kreml rasmiysi Dmitriy Peskov ham alohida tijoriy shartnomalar tuzilgan uchtomonlama hamkorlik taklifi gazni siyosiy shartlarga almashtirishni nazarda tutmasligini bildirdi.

Mavzuga oid