Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Peshlavhalarga oid yangi tartib loyihasi va 13 bola tashigan Matiz halokati – mahalliy dayjest
Raqobat qo‘mitasi peshlavhalarga oid yangi tartib loyihasini e’lon qildi. Navoiyda 13 nafar bolani tashiyotgan Matiz halokatga uchradi. Sog‘liqni saqlash tizimi rahbariyatida yoppasiga o‘zgarish yuz berdi. Davlat chegarasidagi noqonuniy tunnel uchun jinoiy javobgarlik joriy etiladigan bo‘ldi.
Sog‘liqni saqlash tizimi rahbariyatida yoppasiga o‘zgarish yuz berdi
Prezident Administratsiyasida ishlagan Eldor Odilov sog‘liqni saqlash vaziri etib tayinlandi. 2024 yil yanvaridan buyon vazirlikni boshqarib kelgan Asilbek Xudoyorov lavozimini tark etdi.
Shu bilan birga vazir o‘rinbosarlari ham bir kunda ishdan olinib, o‘rniga yangilari tayinlandi. Jumladan, Alisher Boboyev, Elmira Bositxonova va Farhodjon Toshpo‘latov lavozimini tark etdi. Otabek Imomov vazirning birinchi o‘rinbosari bo‘ldi, Jaloliddin Asamutdinov, Adxam Xudaykulov, Sherzod Muhamedov va Ilhomjon Umurzaqov ham o‘rinbosarlikka tayinlandi. Yoppasiga o‘zgarishlar sababi haqida hozircha ma’lumot berilmadi.
Raqobat qo‘mitasi peshlavhalarga oid yangi tartib loyihasini e’lon qildi
Raqobat qo‘mitasi tashqi axborot vositalarini, xususan peshlavhalarga oid tartibni nazarda tutuvchi «Tashqi yozuvlarni tartibga solish to‘g‘risida»gi nizom loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi. Hujjat bilan amaliyotda turli kelishmovchilikni keltirib chiqarayotgan va qonunchilikdagi bo‘shliq hisoblangan ayrim jarayonlarga va tushunchalarga aniqlik kiritilmoqda.
Shuningdek, hujjatda peshlavha – savdo, umumiy ovqatlanish va maishiy xizmat ko‘rsatish obektlarida faoliyati tasnifi (tashkilot nomi, ixtisoslashuvi) to‘g‘risidagi ma’lumot hisoblanib (misol uchun: dorixona, sartaroshxona, AYoQSh, milliy taomlar, supermarket, shifoxona, oziq-ovqat, qurilish va xo‘jalik mollari do‘koni), tashqi reklama obekti emasligi va reklama joyining pasportini olish shart emasligi belgilangan. Loyiha muhokamasi 10 mayga qadar davom etadi.
Navoiyda 13 nafar bolani tashiyotgan Matiz halokatga uchradi
Navoiy viloyati, Nurota tumanidagi oilaviy bog‘cha rahbari bo‘lgan ayol 13 nafar bolani Matiz mashinasida bog‘chaga olib ketayotganda yo‘l-transport hodisasiga uchradi.
Holat 5 may kuni ertalab sodir bo‘lgan. Tumandagi oilaviy bog‘chalardan birining rahbari bo‘lgan 34 yoshli ayol 13 nafar tarbiyalanuvchi va o‘zining 3 oylik chaqalog‘ini Matiz mashinasiga mindirib tashigan. U harakat paytida boshqaruvni yo‘qotgan, oqibatda mashina yo‘ldan chiqib ketib, ag‘darilgan.
YTH oqibatida ayol vafot etgan, bolalar esa turli darajada tan jarohatlari olgan. Ayni vaqtda bir bola koma holatida, 8 nafari esa viloyat markazidagi shifoxonaga olib ketilgani aytilmoqda.
Davlat chegarasidagi noqonuniy tunnel uchun jinoiy javobgarlik joriy etiladi
So‘nggi paytlarda davlat chegarasida yashirin tunnel qazib, tovar va mahsulotlarni tashish, noqonuniy olib o‘tish holatlari ko‘payib bormoqda. Jumladan, 2016-2025 yillar oralig‘ida 12 ta ana shunday tunel aniqlangan. Masalan, Farg‘ona va Andijon viloyatlarida tunnellar orqali 30 milliard so‘mdan ortiq tovar yashirincha olib kirilgan. Bu haqda Qonunchilik palatasida ma’lumot berildi.
Qayd qilinishicha, endi bu kabi holatlar uchun javobgarlik kuchaytiriladi. Jumladan, davlat chegarasi orqali yer ostida noqonuniy inshoot va tunnel qurish, infratuzilma barpo etish, ulardan foydalanish hamda mazkur faoliyatni moliyalashtirish uchun alohida jinoiy javobgarlik joriy etiladi.
Mavzuga oid
18:40 / 05.05.2026
Yulduz Usmonovaning AQShda bekor bo‘lgan konserti va 10 ming dollarga yollangan killer – mahalliy dayjest
21:13 / 04.05.2026
«Markaziy Osiyo turizm halqasi» tashabbusi va elektromobilni quvvatlantirish bo‘yicha qaror loyihasi – mahalliy dayjest
20:06 / 01.05.2026
Toshkentdan Xivaga elektropoyezd va ikkita Malibu ishtirokida sug‘urta firibgarligi – mahalliy dayjest
19:05 / 30.04.2026