O‘zbekiston | 19:39
1040
4 daqiqa o‘qiladi

Oqlangan qatag‘on qurbonlari va soliq to‘lagan top-blogerlar – mahalliy dayjest

O‘zbekiston Oliy sudi 1920-1934 yillarda sovet hokimiyatiga qarshi harakatlarda ayblangan o‘zbekistonliklarni oqladi va reabilitatsiya qildi. Mudofaa vazirligi O‘zbekistonda yashayotgan II Jahon urushi qatnashchilari soni haqida ma’lumot berdi. 2025 yilda 6 nafar top-bloger 2,7 mlrd so‘m daromad olgani aytildi. Diniy materiallarning ruxsat etilgani yoki taqiqlanganini tekshiruvchi bot ishga tushirildi.

Sovet davri qatag‘on qurbonlaridan 161 nafari oqlandi

O‘zbekiston Oliy sudi 1920-1934 yillarda sovet hokimiyatiga qarshi harakatlarda ayblangan va turli muddatlarga qamalgan yoki o‘limga hukm qilingan o‘zbekistonliklarni oqladi va reabilitatsiya qildi. 6 may kuni bo‘lib o‘tgan ochiq sud majlislarida Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasiga (Reabilitatsiya uchun asoslar) asosan 8 ta jinoyat ishi bo‘yicha 161 nafar shaxsga nisbatan Oliy sud Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining oqlov hukmlari chiqarildi.

Qayd qilinishicha, bu shaxslar Turkfrontning Farg‘ona qo‘shinlar guruhi Harbiy kengashi qoshidagi Farg‘ona maxsus bo‘limi hamda O‘rta Osiyo va Qozog‘iston birlashgan davlat siyosiy boshqarmasi qoshidagi Uchlik Kengashining 1920-1934 yillardagi qarorlariga ko‘ra bosmachilik harakatlariga moddiy yordam berishda, qurolli to‘da tuzishda, sovet hokimiyatiga qarshi qo‘zg‘olonlar hamda aksilinqilobiy harakatni amalga oshirganlikda ayblangan. Ulardan 33 nafari otuvga hukm qilingan, qolganlariga 2, 3, 5 va 10 yilga konslagerga jo‘natish jazosi tayinlangan. Sudlanganlar orasida ayol kishi va voyaga yetmaganlar ham bor.

O‘zbekistonda yashayotgan II Jahon urushi qatnashchilari

6 may holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda yashayotgan II Jahon urushi qatnashchilari va ularga tenglashtirilgan faxriylar soni 60 kishini tashkil etadi.

Mudofaa vazirligi xabariga ko‘ra, urush qatnashchilarining eng ko‘pi Toshkent shahrida istiqomat qilmoqda — 28 nafar. Undan keyingi o‘rinni 11 nafar urush faxriysi bilan Toshkent viloyati egallagan. Farg‘ona viloyatida 5 nafar, Andijon, Xorazm va Buxoro viloyatlarida 3 nafardan, Namangan va Qashqadaryo viloyatlarida 2 nafardan, Surxondaryo, Samarqand va Jizzax viloyatlarida esa 1 nafardan faxriy bor. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Navoiy va Sirdaryo viloyatlarida urush qatnashchilari qolmagan.

Faxriylarning 14 nafari urush nogironi hisoblansa, yana 14 nafari bevosita urush qatnashchisidir. 13 nafari esa Leningrad qamalida ishtirok etgan, 19 nafari konslagerda tutqun bo‘lgan.

2025 yilda 6 nafar top-bloger 2,7 mlrd so‘m daromad olgani aytildi

Soliq qo‘mitasida o‘tkazilgan ochiq muloqotda blogerlarni soliqqa tortish masalasi muhokama qilindi. Qayd qilinishicha, jarayon hozir o‘rganish bosqichida.

Soliq qo‘mitasining ma’lumotlariga ko‘ra, sohani tizimli o‘rganish doirasida eng faol 110 nafar bloger ro‘yxati shakllantirilgan. Alohida e’tibor 3 milliondan ortiq obunachiga ega 6 nafar top-bloger faoliyatiga qaratildi. Aniqlanishicha, 2025 yil davomida ular tomonidan 360 ta «storis» va 184 ta reklama posti joylashtirilgan. Elektron hisobvaraq-fakturalar asosida taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur blogerlarning jami daromadi 2,7 milliard so‘mni tashkil etgan, budjetga esa 110,4 million so‘m soliq to‘langan.

Diniy materiallarning ruxsat etilgani yoki taqiqlanganini tekshiruvchi bot ishga tushirildi

Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi hamda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan taqiqlangan diniy materiallardan ogohlantirish va xabardor qilish tizimi – din.uzbbot (Xavfsiz bot) maxsus chat-boti ishga tushirildi.

Ushbu platforma orqali fuqarolar diniy materiallarning dinshunoslik ekspertizasi xulosasi mavjud yoki mavjud emasligini, shuningdek, ayrim shaxs va tashkilotlar faoliyati qonunchilikka muvofiq yoki taqiqlanganini tekshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

2026 yil 6 aprel holatiga O‘zbekiston hududida taqiqlangan jami resurslar soni 1837 taga yetgan.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid