20:55 / 12.12.2023
77158

“Vaqt-soati kelgan edi” - Toshkentdagi reydlarga uzoq tayyorgarlik ko‘rilgani aytildi

Toshkentdagi keng ko‘lamli antikriminal reydlarga “oylab va yillab” tayyorgarlik ko‘rilgan, deya ma’lum qildi Doniyor Toshxo‘jayev. Uning aytishicha, bu tadbirlarning “Humo arena”dagi tartibsizlikka ham, qo‘shni davlatlardagi shunga o‘xshash reydlarga ham aloqasi yo‘q. Toshxo‘jayev ushlanganlarning davlat xizmatchilari bilan aloqasi bor-yo‘qligi va aybsizlik prezumpsiyasi haqidagi savollarga ham javob berdi.

Toshkent shahrida 27 noyabrdan boshlangan jinoyatchilikka qarshi tezkor tadbirlarga uzoq vaqt davomida tayyorgarlik ko‘rilgan, qo‘lga olingan shaxslar muayyan muddat kuzatuvda bo‘lgan. Bu haqda poytaxt IIBB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Doniyor Toshxo‘jayev 12 dekabr kungi matbuot anjumanida aytib o‘tdi.

“Uyushgan jinoiy guruh bilan 1–2 kunda yoki 1–1,5 oyda masalani hal qilib bo‘lmaydi. Ular bilan kurashish uchun oylar, kerak bo‘lsa yillar kerak. Ya’ni biz o‘zimizning me’yoriy hujjatlarimiz, buyruq talablarimiz, qonunlarimizga asosan, ularni kuzatuvga olamiz. Qilayotgan ishlarining har birini fiksatsiya qilib, vaqt-soati kelganda chorasini ko‘ramiz”, – dedi u.

Toshxo‘jayevga ko‘ra, tergov organi qo‘lga olinganlarning aybini isbotlash uchun yetarli dalillar to‘plaganiga ishonch hosil qilganidan keyin ularni qo‘lga olish boshlangan.

“Men sizlarga ishontirib ayta olaman, bu kecha boshlangan narsa emas. “Dolzarb 40 kun”ga ham aloqasi yo‘q. Yillar davomida ishlovga olinib, vaqt-soati shu kunga to‘g‘ri kelgan. [...] Biz hammasiga kerakli va yetarli dalillar topgandan keyin, ertaga jabrlanuvchini qo‘rqitib yoki qanaqadir boshqa ta’sir choralarini ko‘rib ochiqda qolib ketmasligiga ko‘zimiz yetganidan keyin, bu tadbirlarni amalga oshiryapmiz.

Bugun familiyalari tilga olingan (Baxtiyor Qudratullayev va Saidaziz Saidaliyev – tahr.) asosiy shaxslar uyushgan guruh tarkibida harakatlangan deb qo‘rqmasdan ayta olamiz. Sababi kecha tergovchilar tomonidan qo‘shimcha yig‘ilgan dalillarga asosan bir qator shaxslarga uyushgan jinoyatchilik deb ayb e’lon qilindi”, – dedi IIBB mas’uli.

Toshxo‘jayev bu tadbirlarning 25 noyabr kuni “Humo arena”da reper Jah Khalib'ning konsertiga kirishdagi tartibsizlikka aloqasi yo‘qligini aytdi.

“Bu voqealarning umuman aloqasi yo‘q. Ijtimoiy tarmoqlarda men ham o‘qidim, go‘yoki uyushgan guruhlar 6-7 ta Milliy gvardiya xodimlariga pichoqlar bilan jarohat yetkazgan. Bu haqiqatga umuman to‘g‘ri kelmaydigan narsa.

Shaxsan o‘zim ham o‘sha kuni “Humo arena”da edim. U yerda tartibsizlik bo‘ldi deyish ham sal noto‘g‘ri bo‘ladi. Elektron chiptalar bilan shug‘ullanadigan shaxslarga tavsiyalar berishimiz kerak ekan. Hozir bu holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va tergov o‘zi baho berib, tavsiyalarini beradi. Lekin hozirgi kunda ayta olaman, chiptalarning himoyasi o‘ylanishi kerak ekan. Ya’ni men elektron chipta sotib olganimdan keyin uni birga bir sizning Telegram'ingizga jo‘natishim mumkin ekan. Ya’ni men [turniketdan] o‘tganimdan keyin, siz kelasiz-da, o‘tishga harakat qilasiz, lekin turniket bu chipta ishlatildi deb ko‘rsatadi. Siz keyni turniketning oldida turgan volontyorga isbotlashga harakat qilasiz: “Bu o‘zimning chiptam, nega unda sotdilaring”, deb to‘polonni boshlaysiz. Bu jarayonda orqada haqiqiy chiptalar bilan kelgan shaxslar ham yig‘ilib qolgan.

Odamlar yig‘ilib-yig‘ilib boravergan, bu paytda konsert boshlanib qolgan. Yoshlarimiz esa tezroq konsertga kirgisi keladi. Mana shu yerda sal shunaqa muammo bo‘lib qoldi. Odamlar ko‘payib ketganidan keyib bosh boshqarma boshlig‘imiz general mayor Aziz Anvarovich darhol yetib keldilar. Muammoning yechimi sifatida barcha turniketlar ochib yuborildi. Toshkent shahridagi barcha tibbiyot muassasalarini ko‘tarishinglar mumkin, bu voqeada faqat bitta shaxs oyog‘ining sonidan lat yegani bo‘yicha murojaat qildi”, – deya ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan o‘lim va pichoqbozlik haqidagi xabarlar asossiz ekanini ta’kidladi Doniyor Toshxo‘jayev.

U, shuningdek, jinoyatchilikka qarshi keng ko‘lamli reydlar (27 noyabrdan buyon poytaxtda 103 kishi qo‘lga olinib, 38ta jinoyat ishi ochilgan) qo‘shni Qirg‘iziston va Qozog‘istondagi shunga o‘xshash reydlar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin degan taxminlarni ham rad etdi.

“Men [shu yil] 22 avgustda lavozimga tayinlandim. Bundan oldin Toshkent viloyatida bir yarim yilcha ishladim, undan oldin Farg‘ona viloyatida ishlaganman. Men lavozimga tayinlanganimdan keyin bu yerning jildlari bilan tanishib chiqqanman. Ya’ni mendan oldingilar ham bu ishlarni boshlagan, kimdir davom ettirgan, yakuni menga kelib to‘xtab qoldi. Bu Qirg‘izistondagi yoki boshqa qanaqadir voqealar bilan bitta vaqtga, 27 noyabrga to‘g‘ri kelib qoldi. Boshqa davlatlar bilan hech qanaqa kelishuv ham yo‘q. Yoki ulardan ko‘rib biz qilayotganimiz yo‘q. Bizning o‘zimizning ishimiz, ularning o‘zining ishi”, – deya qayd etdi IIBB mas’uli.

Matbuot anjumanida Doniyor Toshxo‘jayevdan qo‘lga olinganlarning davlat mansabdorlari bilan aloqalari bor-yo‘qligi haqida so‘raldi.

“Hozir menda bunaqa ma’lumotlar yo‘q. Dastlabki tergov jarayonida agar siz aytayotgan masalalar ko‘tariladigan bo‘lsa, jinoyat ishini yoki jinoyat ishining bir qismini prokurata idoralariga berib yuborishga majbur bo‘lamiz. Siz aytayotgan moddalar bo‘yicha dastlabki tergov harakatlarini olib borishga prokuratura idoralari mas’ul”, – deya javob berdi u.

Doniyor Toshxo‘jayev qo‘lga olinayotgan shaxslarning suratlari IIBB tomonidan yuzlari berkitilmagan holda e’lon qilinayotgani aybsizlik prezumpsiyasiga zid emasmi, degan savolga ham javob berdi.

“Bu holatda biz qo‘rqmasdan ularning yuzlarini ochiq holda qo‘yganimiz sababi – bularning harakatlaridan jabrlangan insonlar ko‘p. Biz aynan shu insonlarga murojaat qilib: “Qo‘rqmanglar, O‘zbekistonda qonun ustuvor, jazo muqarrar. Kimda-kim shu shaxslarning harakatlaridan jabr ko‘rgan bo‘lsa, qo‘rqmasdan murojaat qilinglar” degan maqsadda ularning yuzini ochiq e’lon qildik. Bu yerda aybsizlik prezumpsiyasining hech qanaqa aloqasi yo‘q deb o‘ylayman. Ular sud hukmi chiqmaguncha aybdor deb hisoblanmaydi, lekin dastlabki tergov va tezkor xizmatlar o‘zining ishini qilishi kerak”, – dedi u.

Mavzu
Jinoyatchilikka qarshi tadbirlar
2023 yil noyabr oyining oxirida O‘zbekistonda, rasmiylar ta’rifiga ko‘ra, “kriminogen vaziyatni yaxshilash bo‘yicha tezkor-profilaktik tadbirlar” boshlandi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top